August 12, 2020

Rashod Nuri Guntekin " Yashil kecha" romaniga yozgan taqrizim.

1304. Rashod Nuri Guntekin “ Yashil kecha” –

O’qituvchi kim? U oddiy darsini o’tib oylik oladigan odammi? Yoki yangi o’zgarishlar va inqiloblarni o’quvchilarga singdiruvchimi? Shu savollarga javob topish uchun shu asarni o’qish kerak.

Asar voqealari: Romanning boshlanishi ta’lim ma’murligida o’zini shahardan qishloqdagi maktabga yuborishini iltimos qilgan Ali Shohin bilan boshlanadi. U oldiga bitta maqsad qo’ygandi, ya’ni zamonga mos fikrlovchi, konservator qarashlarni qabul qilmaydigan avlodni shakllantirishni. Shuning uchun diniy qarashlari juda ham kuchli bo’lgan Sariyovaga keladi. U uzoq anglash davrida Yashil nurni yo’q qilgan dunyoni ko’rishni maqsad qiladi. Yashil nur bu din ustun bo’lgan joydagi rang edi. U o’z maslagi uchun maslakdoshlarini qidirdi va ular bilan zimdan kurasha oldi. Ali Shohin kurashdi, yangi zamon uchun kurashdi, ammo uni softalar siquvga olishdi. Bu asar shunday achinarli tugaydi-ki, ya’ni yangi hukumatga u keraksiz bo’ladi.

Tarix bilan bog’liqligi: asar Turkiyadagi 1908 - yildan 1924 – yilgacha bo’lgan davr tasvirlangan. Asarda zamonaviy qarash va eski diniy an’analarni saqlashni hohlovchi Feschi va softalarga bo’lingan. Hatto softalar isyon ham qilishadi. Ammo isyon bostirilib tazyiq o’tkaziladi. Ali Shohinning 1920 yilda greklarning bosqinidan keyin ikki tomonlama ishlaydi va sirlari fosh qilinib hatto qamaladi ham. Ammo qochib yurtiga qaytadi, ammo sevimli ishi bilan shug’ullanolmaydi.

Asar qahramonlari tahlili:

Ali Shohin – diniy ilmgohda o’qib o’zida diniy bilimlar emas, dunyoviy bilimlarga ehtiyojini sezgan qahramon. O’zbek adabiyotidagi “ Farg’ona tong otguncha” romanining qahramoni G’ulomga o’xshaydi. Chunki ikkalasi ham yangi sharoit va muhit olib kelishni hohlashadi. Ammo G’ulom juda ham qiyin bo’lgan.

Ayyub afandi – bu inson sharoitga moslashuvchi ayyor odam. U Sariyovaga greklar kelganda ular tomonga o’tib ishlaydi. Hatto Greklarni shu hudud bo’yicha vakiliga aylanadi. Ammo Gretsiya huduidan qaytgan Ali SHahin uni katta lavozimdaligini ko’rib hayratlanadi.

Najib tentak - sariyovalik memor uning laqabiga mos tentak xarakteri bor edi. U tentak bo’lsa ham aqlli edi. Buni softalarning harakatiga qarshi oddiy yo’llar bilan chora topa olardi. U doimo tarixning o’tkinchiligini, hozirgi zamon bir kun o’zgarishini, unda o’zining ham ishtiroki bo’lishini his qilardi. Buni Greklar bosib olganda ham yangi loyihalar qilishni, eski diniy qabristonlarni, keraksiz inshootlar o’rniga zamonaviy istirohat va zamonaviy binolar qurilishini hohlaydi.

Asar qahramonlarining ichida Ayyub eng xavfli odam bo’lib, doimo dinni o’ziga vosita qilib kelgandi.

Asardan keltirilgan iqtiboslar:

·       Shohin afandining qalbi eski bir jang maydonini kezgan va o’z zafarini qandan qilib qo’lga kiritganini xotirlagan keksa bir qo’mondonning hazin g’ururi bilan to’ldi; uning bir qo’li engagiga tiralgach, bir qo’li esa yo’sinli toshlarning chetidan hovuzning iliq suvlariga osilgan bo’lib, brogan sari suvga botib borardi.

·       Bu oxirat nima o’zi?! Bu dunyoda biz sevgan, yo’qotgan narsalarga, istagan va lekin qo’lga kiritolmagan narsalarga qovushiladigan yer.

·       Ovqat nozir, yotoq hozir… Yengil – boshim yuvug’lik, yirtiqlarim tikig’liq. O’zimni saroyda sulton kuyoviday hisoblayman.

·       Shunday insonlar borki, faqat zarurlik vajidan yuzaki bir tehsil ko’radilar, xolos. Keyin yaratilishlari, zehniy qobiliyatlari e’tiborida hamisha bola bo’lib qoladilar; doimo urf – odat va muhitning ta’siriga tobe bo’ladilar. Zehnlari qorong’ilikda qolib ketishga mahkum bo’lgan bu bolalarni ortiq zo’rlab bo’lmaydi. Eng yaxshisi shuki, bolalarga faqat aniq fanlarni o’rgatish bilan kifoyalanmoq kerak. Bu yangi bilimlarni yaxshi hazm etish natijasida insonda tug’ilajak qanoat hech shubhasiz qanoatlarning eng yaxshisidir.

·       Butun bu inqiloblarga qarshi o’laroq Shohin afandida o’zgarmagan bir narsa bore di, u ham bo’lsa- ilmga, olimlarga va kitobga bo’lgan cheksiz ishonch va hurmat… bir paytlar madrasada biror bahsni tushunolmay qolganida o’zini uquvsizlikda va idroksizlikda ayblagani kabi Dorulmualliminda ham shunday qildi, kitoblar va muallimlardan shubha qilishni esa xayoliga ham keltirmadi.

·       Bir fikrga asir bo’lgan insonlar eng katta tentaklardir.

·       Suqrotni sevaman. Ammo haqiqatni undan ham ziyoda sevaman.

·       O’lim qayerda bo’lmasin, baribir o’limdir.

·       Shubhasiz, asrlardan beri davom etib kelayotgan falokatlarga chek qo’ymoq uchun insonlarga haqiqatni o’rgatishdan yaxshi chora va vosita topilmaydi.

·       Ba’zi vahimalarimizni bo’ynimizdan, qalbimizdan tamomila uzib uloqtirolmaymiz. O’lganday ko’rinadi… Ammo bir xorg’inlik, tushkunlikka tushgan paytlarimizni topganday, yana qaytadan butun fikri – zikrimizni chulg’ab ola boshlaydi.

·       Insof dinning yarmisi, insofsizlik qilyapsanmi, demak, yarim kofir bo’lding!

·       Biz asrlardan beri nur deb, mana shu yashil kechaning ichida yashab keldik. Men yorug’lik deb shunday narsani aytamanki, besh – olti soatdan keyin yangitdan charaqlab chiqadigan quyosh kabi har yerni, har go’shani ko’zni qamashtiradigan qimmatbaho toshlardek yaltillovchi nurlarga ko’mib tashlasin.

·       Hayotlarimizning oqibati shubhali… O’lganimizda qorong’i bir jarlikka ketamiz… saodatimiz, ehtimol, shu dunyoda kechirgan bir necha yilimizgagina bog’liqdir. Shunga ko’ra o’zimizga o’xshagan odamlarga bir xizmat qilishni hohlasak ularga bu qisqa hayotni insoncha bir totlilik bilan o’tkazishning chorasini kashf etib berishim kerak.

P.S asar haqida ko’p fikrlarni aytmoqchi edim, ammo ular kelmadi. Asarning electron shaklini Tavsiya.uz kanalidan yuklab olishingiz mumkin. kitob shaklida esa Book.uzdan xarid qilasiz.