Robert Blox “ Qora quti”
Pashsha bosgan oynaga “ Brayt Spot” restoraniga marhamat qiling”, deb yozilgandi. Shunday bo’lsa-da, restoranga kirib joylashdi va ofisiantlarni kuzata boshladi. Uyqusirab o’tirgan ofisiantlardan biri nihoyat, ko’zini ochib unga yaqinlashdi…
- Nima buyuradilar, janob?
- Koka – kola.
Ofitsiant stakan olib kelganida u xuddi taomnomani ko’zdan kechirayotgan kishi bo’lib boshini ko’tarmay so’radi:
- Aytolmaysizmi, Xelen Kraus xonim shu yerda ishlaydimi?
- Xelen Kraus menman.
Mijoz boshini ko’tardi. Bu qanaqa bema’nigarchilik?! Mayk har doim xotinini “Baland bo’yli, kelishgan, “ahmoq mallasoch”larni o’ynaydigan aktrisa bor – ku… kimni aytayotganimni tushungandirsan, o’shanga o’xshaydi. Faqat Xelen ahmoq emas. Unga gap yo’q…” deb maqtardi. Hozir esa qarshisidagi ofisiantga qarab Mayk ta’riflagan qiyofaning mutlaqo aksini ko’rib turardi. Faqat bo’yi balandligini aytmasa, Xelen yuz oltmish funt og’irlikdagi , sochlari allambalo kalamush rangidagi, qalin ko’zoynak taqib olgan ayol!
- Men Nortonda yashagan Xelen Krausni qidiryapman…
- O’sha menman, - hayron bo’ldi ofitsiant ayol.
- Eringiz sizni qidirib topishimni so’ragandi.
- Maykmi? Axir u o’lgan –ku! – tutilib gapirdi ayol.
- Bilaman. Mening ismim Rasti Konnors. Biz ikki yil eringiz bilan bitta kamerada o’tirganmiz.
- U sizga nima degandi? – pichirladi Xelen.
- Bu yer gaplashadigan joy emas, - dedi Konnors atrofga alanglab. – Ishingiz qachon tugaydi?
- Yetti yarimda.
- Biror joyda uchrashib, gaplashib olsak.
- Hiyobonning muyulishi bo’ladimi? – taklif qildi Xelen.
Konnors bosh irg’ab ma’qulladi va hech qayoqqa qaramay chiqib ketdi.
Rasti Konnors Maykning xotinini sigirdek ayol bo’lib chiqadi, deb o’ylamagandi. Xeynsbillga chipta ola turib, sohibjamolga ro’para kelishni va jon deb u bilan tijorat yuritish haqida o’ylagandi. Endi esa xo’ppa semiz, ko’kko’z bir ayolga uchrab, hamma umidlari puchga chiqib o’tiribdi. Ikki yil davomida uni laqillatish Maykka nima uchun kerak bo’ldi. Ekan-a? Huzur – halovatni esidan chiqarsa ham bo’laveradi. Faqat Mayk shu atrofda yashirib ketgan ellik olti ming dollarni topish qolgan.
Ular hiyobon muyulishida uchrashganlarida atrof qorong’u edi. Bu Rastiga ma’qul tushdi. Ularni birga ko’rishlarini hohlamasdi. Ular o’rindiqqa yonma – yon o’tirishdi. Rasti sigareta tutatdi, ayolga ham taklif qilgandi, u chekmayman, dedi.
- Mayk sen haqingda menga ko’p gapirgandi, - dedi tutun yutib.
- Menga ham sen eng yaqin do’sti ekanligingni ko’p yozgan.
- Mayk yaxshi yigit edi. Afsuski, uni berib qo’ydik. Men qamoqqa tushganimda hali hayot qanday tuhfalar tayyorlab qo’yganini bilmaydigan sodda bola edim. Harbiy xizmatdan keyin bekor yurmaslik uchun yashirin ish yuritadigan bukmekerlik idorasiga ishga kirdim. O’sha tunda hayotimda birinchi va oxirgi marta qonunga zid ish qildim. Polisiya bizni qurshab olgandi. Boss menga pul to’la sumkani irg’itdi va orqa eshikdan qochishni buyurdi. U yerda esa meni qo’lida miltiq bilan firavn kutib turardi. Men sumka bilan uning boshiga tushirdim. Xudo haqqi, firavnga hech qanday yomonlik qilmoqchi emasdim. Baxtsizlikni qaraki, uning bosh suyagi sinib jon beribdi.
- Mayk bu haqda yozgandi. Omading chopmagani rost.
- Maykning ham omadi chopmadi. Men ancha paytgacha tushunolmay yurdim. Duppa –durust, halol yigit hech gapdan – hech gap yo’q do’dtini o’ldirib qo’ysa, boz ustiga, murdani hech kim topolmaydigan joyga bekitib tashlasa! Hech qanday guvoh yo’q. polisiya haligacha Pit Teylorning murdasini topmadimi?
- Iltimos, bu haqda gaplashmaylik.
- Seni tushunaman, - dedi Rasti Xelenning semiz qo’llarini kaftiga olib. – Unga qarshi hech qanday dalil ham bo’lmagan, to’g’rimi?
- Kimdir o’sha kuni Mayk Pitni olib ketganini ko’rgan. Pit mashinasining kalitini yo’qotib qo’yib, Mayk uni pullar bilan birga fabrikaga tashlab o’tadi, deb o’ylagan. Polisiya shuni kutib turgandek, Mayk qon dog’larini yuvayotganida qo’lga olishgan. Uning o’zini oqlaydigan isboti yo’q edi. Men, “ Mayk uyda edi, hech qayerga chiqqani yo’q”, deb harchand qasam ichsam ham polisiyachilar ishonishmadi. Unga o’n yil berishdi.
- Ikki yildan keyin esa u o’ldi, - xo’rsindi Rasti. – Lekin murda bilan pullarni qayerga bekitganini aytmadi, - biroz jim bo’lgach, sekin so’radi: - Sen ham bilmaysanmi?
- Yo’q. bilmayman. Pul haqidagi gaplar shunchalik jonimga tegdiki, oxiri Nortondan ketishga majbur bo’ldim. Mana, ikki yildan buyon shu isqirt mayxonada ishlab yuribman. Mayk pullar qayerdaligini aytganida shu yerda ishlarmidim?
Rasti sigareta tutatib biro z turdi, keyin so’radi:
- Xelen agar pullarni topsam, nima qilarding? Polisiyaga berarmiding?
- Nega berarkanman? Erimni qamoqqa tiqib, o’ldirganlari uchun minnatdorchilik sifatidami? Menga erring zotiljamdan o’ldi, deyishdi. Bilaman, ularning zotiljami qanaqa bo’lishini!
- Doktor uni gripp bo’lgan, degandi. Men janjal qilganimdan keyingina shifoxonaga joylashtirishdi.
- Uni o’ldirishgan. Endi pullar menga – uning bevasiga tegishli.
- Bizga, - to’g’riladi uning gapini Rasti.
- Demak, u senga pullarning joyini aytibdi-da! – qichqirib yubordi Xelen.
- Mayk o’limi oldidan gapirolmay nuqul g’uldurardi. Hech nimani tushunib bo’lmadi. Shuning uchun men bu yerga keldim. Ellik olti ming dollar! Ikkiga taqsimlasam ham bir dunyo pul bo’ladi.
- Pullarning joyini bilsang, taqsimlab nima qilasan? – deb so’radi Xelen darrov hushyor tortib.
- Chunki, men aniq joyini bilmayman. Men bu yerlarga begonaman, shubhalanishlari mumkin. Agar sen yordam bersang, tezroq topamiz. Bundan tashqari men sen bilan yaqinroq tanishmoqchi edim, - Rasti shunday deb, yuzidagi ijirg’anishni Xelen sezib qolmasligi uchun shoshib og’ziga sigareta tiqdi.
Xelen uning ijirg’anini sezmadi. Hozircha hammasi silliq ketayotgandi. Ikki yil oldingidek emas…
O’shanda anqov Mayk bilan tanishib to’g’ri qilgan. Lekin kameradoshi pulning joyini aytmadi. Maykning kasalligini bilgan Rasti uni bo’gib o’ldirmoqchi bo’lgandi. Shunda ham u ahmoq miq etmadi. Maykni shifoxonaga yotqizishganida Rasti uning sotib qo’yishidan qo’rqdi. Lekin Mayk ertalabgacha yashamadi. Anqov doktor esa uni zotiljamdan o’lgan, deb hisobladi. Maykning o’limidan olti oy o’tgach, Rasti ozodlikka chiqdi va o’sha zahoti Xelenni qidirib Xeynsvillga keldi.
Xelenning yordamiga muhtojligini aytganida Rasti yolg’on gapirmagan edi…
- Azizim, uxlamayapsanmi? Biz hammasini kelishib olishimiz kerak.
- Yo’q, uxlamayapman. Senga o’xshagan ishbilarmon ayollar menga yoqadi. Demak, Mayk o’limi oldidan, “polisiyachilar pullarni hech qachon topa olmaydi, chunki pullar hali ham Pitda”, degandi.
- Bor – yo’g’I shumi? – dedi Xelen hafsalasi pir bo’lib.
- Kammi? Bu – pullar o’lik bilan birga ko’milgan, degani.
- Polisiya ikki yildan buyon Pitning jasadini qidirib hamma joyni titib chiqdi, - uf tortdi ayol. – Sen aniq joyini bilasanmi, deb o’ylabman.
- Menga qara, yaxshilab o’ylab ko’raylik, o’sha kuni Mayk qancha vaqt uyda bo’lmagandi?
- Uch soatlar.
- Demak, u shahardan uzoqqa ketmagan. Jasad shu atrofda.
- Polisiya ham shunday deb o’yladi…
- Ering bilan Pit do’st bo’lishgani to’grimi? Ular vaqtini qanday o’tkazishardi? Karta o’ynasharmidi, ichisharmidi?..
- Mayk umuman ichmasdi. Ular ko’pincha baliq tutishar, ov qilishardi. Pitning ko’l bo’yida uychasi bor edi. Nimani o’ylayotganingni bilib turibman. Polisiya u yerni ham tekshirgan.
- O’sha kuni nimalar bo’lgani yodingdami? Bir boshidan gapi-chi!
- O’sha kuni Maykning dam olish kuni edi. Qayergadir chiqib ketdi. Menimcha u hech nimani rejalashtirmagan. Hammasi tasodifan ro’y bergan. Polisiya esa, Mayk hammasini o’ylab qilgan, deydi. U Pit bankka pul olib kelish uchun borayotganini bilgan. Polisiyaning aytishicha, Pit bankka kirganida, Mayk uning mashinasi kalitini olib qo’ygan. Keyin hech gap bo’lmagandek, unga yaqinlashib nima bo’ldi, deb so’ragan. Qorovulga javob berib yuborgan Pit Maykning mashinasiga o’tirib birga ketgan. Ularning gaplashib turganini ko’rganlar bor. Keying uch soat ichida nimalar bo’lganini esa hech kim bilmaydi.
- Qaytib kelgach, Mayk senga nima dedi?
- Gapirishga ulgurmadi ham. Polisiyachilar yetib kelishdi. Fabrikada Pitni, pullar bilan qayoqqadir yo’qolgan, deb xabar topishgach, fabrika direktori Xiggins bankka qo’ng’iroq qilgan. Bank xodimi tashqariga chiqib, Pit Maykning mashinasida ketganini aniqlagan. Shuning uchun polisiya darhol biznikiga yetib keldi…
- Mayk qarshilik ko’rsatmadimi?
- Yo’q, ular kelishganida Mayk vannaxonada edi. Qo’lini kesib olgan ekan. Nima qildi, deganimda kalamushlar, deb so’kindi-da, vannaxonani yopib oldi. Lekin sudda, qo’limni ustarada kesib oldim, dedi.
- Menimcha, u jasadni bekitayotganida qo’lini kalamush tishlab olgan. Polisiya iziga tushmasligi uchun qo’limni ustarada kesib oldim, degan.
- Balki. lekin bu bilan hech nima o’zgarmaydi. Nortonning kalamush bosgan hamma joyini tekshirib chiqolmaymiz-ku!
- Ular qayiqni qo’shnidan olishardi, deding. O’sha qo’shnining omborxonasini polisiya tekshirganmikan?!
- Bilmadim.
- U yerda birov yashaydimi?
- Yo’q. Pitning o’limidan oldin egalari avtohalokatga uchrashgan, - Xelen biro z o’ylab turdi-da, keyin qo’shimcha qildi: - Balki sen haqdirsan, azizim, ertagayoq o’sha yerga boramiz.
- Yigirma sakkiz mingdan tusharkan… - o’zicha ming’irladi Rasti.
- Azizim, pullarni bo’lib nima qilamiz?.. – erkalandi ayol.
“ To’g’ri”, deb o’yladi ichida Rasti. “ Xelenni o’ldirsam, hammasi o’zimga qoladi”.
Ertasi kuni kechga yaqin ular ko’l bo’yiga borishdi. U yerda hech kim yo’q edi. Ular to’ppa – to’gri qayiq turadigan omborxonaga yo’l olishdi. Yo’l sirpanchiq edi. Rasti, shu yerning o’zida Xelendan qutulib qo’ya qolsammi, deb o’yladi. Boshiga tosh bilan tushirsam tamom! Yo’q, yaxshisi, avval pulni topish lozim. Keyin esa uning o’ligini yashiradigan ishonchli joy topish kerak. Qayiq turadigan omborxonaning eshigi qulf edi. Eshikning qulfini tosh bilan urib – sindirib, ichkariga fonar tutishdi. Ichkarida o’nlab qizil chiroqchalar yonib turardi.
- Kalamushlar, - dedi Rasti, - kiraver, qo’rqma. Menimcha, biz adashmadik, bu yerga kelib.
Xelen tap tortmay ichkariga kirdi. Kalamushlar tumtaraqay bo’lib qochishdi. Omborxonaning poli kovlab tashlangandi.
- Men senga aytgandim-ku, - dedi Xelen, - sherifning odamlari bu yerni ham titib ko’rishgan.
Rasti omborxonaning hamma joyini yoritib ko’rdi. Hech nima topa olmagach, tashqariga chiqishdi.
- Hech nima sezmadingmi? – dedi kutilmaganda.
- Yo’q, - dedi ayol qo’rqib.
- Chordoq ham bor ekan. Yur, Narvon topaylik.
Ular uy ichidan Narvon va lom olib chiqishdi.
Narvonni devorga tirab, tomga chiqdi. U yerda katta qora quti, yana allanima yotardi. Bu Pit Teylor ekanligi aniq edi…
- Biror nima topdingmi? – Xelenning titragan ovozi eshitildi.
- Ha, topdim. Mahkamroq ushla, men tushyapman.
U qora qutini bag’riga bosganicha pastga tusha boshladi. Hozir Xelen qutini ko’rgani engashsa, boshiga lom bilan tushirsam, deb o’yladi u. Hammasi rejadagidek…
Lekin hammasi u o’ylaganday emasdi…
Rasti narvonning oxirgi pog’onasiga oyoq qo’yganida Xelenuning boshiga beton bo’lagi bilan tushirdi. Rasti hushidan ketdi. Xelen bu paytda mashinasidan arqon olib kelishga yugurdi.
Rasti hushiga kelganidaqo’l – oyoqlari bog’lab tashlangandi. Uning o’ziga kelganini ko’rgan Xelen qutidan boshini ko’tardi. Fonar yerda yotardi. Qiz kulib, ko’zoynagini oldi va tushuntirdi:
- Ular menga hech qachon kerak bo’lmagan. Sochimning rangi ham, semizligim ham shunchaki, o’zimga e’tibor qaratmaslik uchun edi. Ba’zan o’zingni jinnilikka solishing ham ish berarkan, to’g’rimi? Biz Pit bilan yarim yil davomida uchrashib yurdik. O’sha kuni erim hammasini bilib qoldi. Keyin esa miltig’ini olib Pitni qidirib ketdi. Balki meni ham o’ldirmoqchi bo’lgandir pullarni o’marish esa uning xayolimgayam kelmagan. Men undan murda va pullar qayerda, deb so’rashga ulgurmadim. Chunki o’zimni oqlash bilan ovora edim. Menimcha, erim menga ishondi, chunki u sudda Pit bilan men haqimda hech nima demadi. Seni nega urganimni bilasanmi? Chunki sen meni o’ldirmoqchi eding. Ikki yil qamoqxonada nimalarni o’ylaganingni bilaman. Menga ham oson bo’lmagan. Endi esa men ozodman. Yana oldingi hayotimga qaytaman va yana go’zal Xelen Kraus bo’laman. Faqat endi ellik olti ming dollarga boyroq!
Rasti nimadir demoqchi edi, lekin ovozi xirillab gapirolmadi.
- Xavotir olma, - jilmaydi Xelen. – Meni topisholmaydi. Seni ham bu yaqin orada topisholmaydi. Men eshikka qulf osib ketaman… - u shunday deb o’girilgandi, Rasti bor kuchini to’plab bog’langan oyoqlarini kuch bilan oldinga siltadi. Oyog’I Xelenning tizzasiga tegib, u yiqildi. Rasti chaqqonlik bilan surilib bog’langan oyoqlari bilan qizning qorniga tepa boshladi. Xelen og’riqdan qichqirib yubordi, fonar uchib ketib, o’chib qoldi. Alamdan qutirib ketgan Rasti hech nimani ko’rmay tepaverdi. Nihoyat charchab, tinchidi. Omborxonaga sukunat cho’kdi. Uning yuziga iliq, yopishqoq narsa kelib tegdi. U qo’llarini yechmoqchi bo’ldi. Lekin uddalolmadi. Xelen Kraus eshikka ko’ndalang yotardi. Rasti bu lan’ati Xelenni surmoqchi edi, qora qutiga urildi va og’riqdan xirillab yubordi. Ko’p o’tmay kalamushlar makoniga qaytishdi.
Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi