August 14, 2020

Marta Gudman “ Rejali ishq” 2 – parcha.

#Men_sevgan_asardan_parchalar.

Marta Gudman “ Rejali ishq” 2 – parcha.

Oldingisidan qisqacha: Miriam jiyanini Jeremi va uning qizi bilan jo’natib yuborganidan keyin birdan dilini xavotir hissi chulg’ab oldi. Axir u odamlarni yaxshi bilmasdi-ku! Nega yakka-yu yolg’iz jiyanini ularga ishondi? Behudaga havotir olgan ekan. Bolani belgilangan vaqtda olib kelishdi. Jonni o’zida yo’q xursand edi. Shu kunlar ichida Jeremi ishlab holdan toygan Mariamni har kech uyiga kuzatib qo’yadigan bo’ldi. O’sha kuni uyiga yaqinlashgan Miriam charchaganidan zinada qalqib ketdi. Kuchli qo’llar uni suyab qoldi. Shu damda qiz kimgadir ishonishni, suyanishni istardi. Bu indamas odamning maqsadi nima? Unga suyanib bo’larmikan?!..

-         Saxovatingiz evaziga nima so’raysiz? O’ylaysizki, men har taraflama sizdan qarzdorman va …

-         Bo’lmasam-chi? – uning ko’zlari sovuq yiltiradi.

Jeremi stol oldida go’yo bir qoyaday bo’lib qaqqayib turar, uning boshqa joy ham yo’q edi. Xonaning past shifti uyni battar tor ko’rsatardi.

Miriam uni boshdan – oyoq kuzatib turganidan o’ng’aysizlandi. So’nggi kunlarda qiz butunlay ozib ketdi. Bu uning husniga soya solmasa-da, yuziga so’lg’inlik bag’ishlagandi. Ko’z yoshlaridan qizargan ko’zlari erkakning mag’rur chehrasiga boqdi.

-         Ha, hammasiga to’lashingiz kerak, - u qizni lol qoldirganicha gapida davom etdi.

Hozir esa sizdan ozgina vaqtingizni men bilan gaplashib olishga ajratishingizni so’rayman.

Lahzalar zildek og’ir tuyuldi. Miriam javob topolmay qiynalardi.

-         Hammasi shumi? – bir necha daqiqalardan so’ng so’radi Miriam.

-         Hozircha, ha, - sovuqqina javob berdi Jeremi, qiz unga ajablanib qaradi. – Hal qilish o’zingizga bog’liq. Sizni bu qoniqtiradimi? Ha yoki yo’q deng, nima balo, og’zingizga talqon solganmisiz?

-         Aniq bir gap aytolmayman, - Miriam battar o’ng’aysizlandi.

-         Ko’nglingiz tusasa, tortinmang, sizni majburlamayman! – dedi mehmon yovqarash qilib.

Jeremi o’zining qo’pol muomalasi bilan qizni qo’rqitolmadi. Uning yomonlik qilmasligiga Miriam ishonardi. Ammo bu erkak bilan nimani muhokama qilmoqchi o’zi?

Qiz sendvich yeyish uchun qo’l uzatgan edi hamki, Jeremi oshxonaga qarab yurdi.

Og’zidagi luqma bilan Miriam so’radi:

-         Nima qilmoqchisiz?

-         O’zimga qahva damlamoqchiman.

Qo’lidagi sendvichni qo’yib, shoshib o’rnidan turgan qiz:

-         O’zim tayyorlayman, - dedi.

-         Buncha qo’rqmasangiz, hech nimangizga tegmayman yoki shkafingiz bo’shligiga xijolat chekyapsizmi? Qo’rqmang, men allaqachon sezganman. Yo Xudo!

Haqiqatan, shkaf bo’sh.

-         Qochsang-chi, men plitani ko’rmabmidim?

Jeremi deyarli bo’shab qolgan arzon qahva qutisini qo’liga oldi. Miriam joyiga kelib o’tirdi.

Jeremi uning qarshisiga kelib o’tirganida, qizning yuzidan qoni qochgan edi. Jeremi stoldagi fotosuratni qo’liga olib tikildi.

-         Akam – Patrik, bu xotini – Syuzan, qo’lidagi Jonni. O’shanda u atigi ikki oylik chaqaloq edi, - aniqlik kiritdi Miriam.

-         Demak, Jonni haqiqatan jiyaningiz bo’ladi.

-         Ha, uning ota-onasi suratga tushganidan keyin ko’p o’tmay halok bo’lishgan.

-         Jonnining sizdan boshqa yaqin kishisi yo’qmi?

-         Bizning ota- onalarimiz o’lib ketishgan. Syuzanning onasi esa nogiron.

-         Unda siz judayam yosh bo’lgan bo’lsangiz kerak?

-         Men o’n sakkizda edim, agar shu sizni qiziqtirsa, - darhol javob qaytardi qiz.

Jeremi o’sha ohangda davom etdi:

-         Bundan chiqdi, siz hozir yigirma bir yoki yigirma ikkidasiz?

-         Yigirma birda.

Miriam uning muddaosini tushunolmay, qiynalardi.

-         Do’stlaringiz bormi?

-         Yo’q, - qisqa javob qildi qiz.

Miriamning unga Jonnigacha do’stlari ko’p bo’lganini tushuntirib o’tirgisi kelmadi.

-         Ha, hamma yoshlar ham sizdek fidoyi bo’lolmaydi.

U Miriamning qalbiga yo’l topgan edi. Qiz indamadi.

-         Bola uchun o’zingizni qurbon qilgansiz.

-         Bolaning ismi – Jonni, - qiz uning jiyani haqida bepisand gapirayotganidan og’rindi. – Men o’zimni qurbon qilmadim. Ota – onasining o’limida Jonnining aybi yo’q.

-         Bu sizning ham aybingiz emas, - dedi Jeremi.

Miriam uning samimiyligiga ishonqiramay qaradi. Uning ishtahasi yo’qolib, likopchani nari surdi.

-         Balki muddaongizni aytarsiz? – qizga mushuk – sichqon o’yini yoqmayotgandi.

U qo’lidagi idishni qo’yib, qizga tikildi.

-         Bugun Annabell menga ukase yoki singlisi yo’qligidan nolidi. U sizning jiyaningizga qattiq bog’lanib qolgan.

-         Uzr, sizlarga tashvish keltirdik.

U Annabellga achinib ketdi: unga ota – ona mehri yetishmasdi.

Jeremi xo’rsindi.

-         Biz ranchoda yashaymiz. Annabellga mening ammam qaraydi. Lekin u qarib qolgan. Uy yumushlari og’irlik qilyapti, buning ustiga u endi uzlatga chekinmoqchi.

Miriam uning maqsadini tushungandek bo’ldi. Unga xo’jalikka qarovchi odam kerak.

-         Siz men bilan shu haqda …

-         Ha, - davom etdi Jeremi. – Uzr, sizning qiynalib yashayotganingiz menga ayon. Hisob qog’ozingizga qaraganda, sizni oldinda qiyinchilik kutyapti.

-         Agar bilgingiz kelsa aytay, menga ish kerak. Buning sizga nima daxli bor?

-         Menga turmushga chiqsangiz, - dedi Jeremi o’zini beparvo tutib.

Qiz sapchib o’rnidan turib ketdi:

-         Bu nima, xazilmi?

-         Men jiddiy gapiryapman, - Jeremi sigareta tutata turib Miriamning holatini kuzatdi.

-         Men sizni sevmayman-ku! Siz ham meni sevmasligingiz aniq, - qiz o’zini yo’qotib dedi.

-         Balki, - Jeremi sovuqqina jilmayib gapirdi.

Miriam uning kulgisini tushunmadi.

-         Menimcha, sizga tejamkor ayol va Annabellga qarovchi enaga kerak.

-         Albatta, - buruqsigan e tutunga tikildi Jeremi. – Shuning uchun sizga uylanmoqchiman.

Miriamning og’zi quruqshadi. U o’rnidan turib, o’zini tinchlantirish uchun qahva tayyorlashga tutindi.

-         Sizni tushunaman. Tejamkor ayolga ega bo’lish uchun uylanish shartmas.

-         Bekor gap. Menga doimo yonimda bo’ladigan ishonchli odam kerak, hisob – kitob qiluvchilar omonat. Mehnat shartnomasidan ko’ra nikoh ishonchliroq.

-         Qiziq, hisobchiga uylanish tavakkal qilishdek gap emasmi?

-         Aksincha, - qarshilik qildi Jeremi.

-         Men bunga qo’shilmayman.

Jeremi unga oilasiga hisob – kitob uchun ish yurituvchi kerakligini aytdi. Iriam bu ishga rozilik bergisi keldi. Jonni ham istagancha yashardi. Lekin nikoh …

-         Men sizni sinadim, qo’lingizdan hamma ish keladi, siz orastasiz. Bolalarni yaxshi ko’rasiz, jiyaningiz bilan Annabell bir – biriga ko’nikib qolishdi. O’ylaymanki, taom tayyorlash qo’lingizdan keladi.

-         Ha, lekin sizga turmushga chiqishga ishqibozlar ko’p topiladi.

-         Yo’g-e, - Jeremi erinib o’rnidan turdi, Miriamga yaqinlashib dedi:

-         To’g’ri, men boshqa qizlarga – yaxshi kiyinadigan, yaxshi maktablarda o’qigan kibor qizlarga uylanishim mumkin. Ehtimol, u meni sevib qolganiga o’zini ham, meni ham ishontirar?..

Uning so’nggi so’zlari Miriamni o’ylantirib qo’ydi:

-         Nima, sizga sevgining keragi yo’qmi?

-         Bu sizni ajablantiradimi? Sevgi - bu xato va adashmoqlik, - Jeremi uning ko’zlariga qattiqroq tikildi.

Shu vaqtgacha qiz uni sevgi bobida qalbi toshga aylangan, deya tasavvur qilardi.

-         Sizga xotin emas, cho’ri kerak?

-         Bu noto’g’ri, - bosh chayqadi u.

Qiz asabiylasha boshladi.

-         Nahotki, siz meni taklifingizga qo’nadi, deb o’ylaysiz?

-         Nega endi ko’nmaysiz? Taklifim siz uchun juda qulay. Bola ham moddiy jihatdan ta’minlanadi. Siz esa yeyish, ichish va kiyim tashvishidan qutulasiz. Jonni o’qishni istasa, men uning o’qishiga to’layman, boshqacha aytganda, muammolari bilan o’zim shug’ullanaman. Siz esa Annabell va xo’jalikka qaraysiz. Bo’sh vaqtlaringizda jiyaningiz doim yoningizda bo’ladi.

Ha, Jeremi uni kutilmagan vaziyatga soldi. To’g’ri-da, hozirgi yashashi ham yashashmi? Jonni uchun doim xavotirda, doimiy yetishmovchiliklardan bezib ketgan.

-         Xo’sh, nima qarorga keldingiz? – so’radi Jeremi. – Hanuz ertakdagi shahzodani orzu qilyapsizmi? Oxirgi marta qachon uchrashuvga chiqqansiz?

Bu yaramasni qani aldab bo’lsa, deya xayolidan o’tkazdi Miriam va istamaygina dedi:

-         Ikki yil oldin. Menga uylansangiz, do’stlaringizni ta’na – malomatlariga qolishdan qo’rqmaysizmi?

-         Aslo! Siz kelishgan qizsiz. Faqat ozgina dam olishingiz, chiroyli kiyinishingiz kerak, xolos.

Jeremi qizning iyagidan ko’tarib, o’ziga qaratdi, yuziga qattiq tikildi.

-         Siz agar istasangiz, bundan-da go’zalroq bo’lishingiz mumkin. Ehtirosli lablar va maftunkor ko’zlar har qanday erkakni ta’qib etadi. Ehtimol, ikkimizning o’rtamizdagi nikoh o’ta romantic bo’lar?..

Qiz uning ishonch bilan gapirayotganidan achchiqlansa-da, kaftining taftidan eti jimirlab ketdi. U shu vaqtgacha biror erkak haqida o’ylamasdi. Shu tobda erkak kishining e’tibori uni karaxt qilib qo’ydi.

Har xil his – tuyg’ularga berilmaslik uchun Miriam uning qo’lini nari surib, g’azabnok dedi:

-         Balki xuddi ot sotib olayotgandek tishimni ham bittalab tekshirib chiqarsiz?!

Qizning bunday ohangda gapirgan so’zlari Jeremiga zarracha ta’sir qilmagani ko’rinib turardi:

-         Sizni o’zimga hisobchi qilib olganimdan ko’ra nikohdan o’tsak, har xil gap – so’zlarga hojat qolmaydi!

-         Bu g’irt ahmoqlik, - qiz sovib qolgan qahvadan ichdi.

-         Bu oqilona hisob – kitob! Takror aytaman, bu ikkimiz uchun ham har taraflama qulay. Aniq javobingizni kutaman.

-         O’ylab ko’rishim kerak, - qiz garchi istamasa-da, shu javobni berdi.

-         Ko’p kutolmayman. Yakshanba kuni ertalab Annabell bilan ranchoga qaytishimiz kerak. Orada bir kungina vaqtimiz bor, - Jeremi qo’lini qovushtirib so’zida davom etdi. – Shunday qilib…

-         Siz ikki oyog’imni bir etikka tiqyapsiz, - uning so’zini bo’ldi Miriam.

-         Talab qilishim ham mumkin, - darhol so’z qotdi Jeremi. – Tushunmayapman, yashash uchun sizda yana qanday chora bor? Ertaga nima kutayotganingni bilasiz-ku! Yana nimaga o’ylanasiz? Bugun kechqurun javobingizni bilishga kelgunimcha kelajakdagi hayotingizni tasavvur qilib ulgurarsiz?

U shunday deb qaddini g’oz tutganicha xonadan chiqib ketarkan qo’shib qo’ydi:

-         Miriam Trafford, men ketyapman, lekin javobingizni eshikni yopmasimdan eshitaman, deya umid qilaman.