September 8, 2020

Teks Xill “ Kaskadyor”

Men oltmishinchi yillarning boshidan buyon kaskadyor bo’lib ishlayman. Kamina va buyurtmachilarim uchun dollar hamisha dollarligicha qoladi. Men hech qachon hech qanday tryukdan voz kechmaganman. “ Chegaradagi bosqinchilar” filmi ham odatdagi yugurib borayotgan otdan sakrash va bir – ikki mushtlashish tryuklari yig’indisidan iborat edi. Filmda bir vaqtlar mashhur bo’lgan, hozir esa so’ngan “yulduz” Bak Beyker ham rol o’ynashi kerak edi. O’z vaqtida Bak cho’llarda ot choptirishda eng mohir chavandoz, merganlikda tengsiz bo’lgan. Uning yulduzlik darajasini tiklashdagi so’nggi umidi shu “ Chegaradagi bosqinchilar” filmi edi.

Men ko’pgina buyuk aktyorlar bilan ishlaganman, ularning izzattalabligi, bir – birini ko’rolmasligiga ko’p bor guvoh bo’lganman. Bak – aksariyat “Yulduzlar”dan farqli o’laroq vazmin, o’zini tuta biladigan, yaxshi tarbiya ko’rgan, o’z ishining yaxshi mutaxassisi. Suratga olish maydonchasiga kelgan kunim, men uning salobatiga va “yulduz”ligiga qaramay, o’zini o’ta kamtar tutishiga e’tibor berdim. Bakka uning oldingi filmlari menga judayam yoqishini va u bilan birga ishlayotganimdan xursandligimni aytdim.

-         Rahmat, - Bak yoqimli ovozda minnatdorchilik bildirdi. – Men har doim muxlislarimga ular hohlagan narsani berishga harakat qilaman. Siz haqingizda ham yaxshi gaplar eshitganman, - dedi menga o’tkir nigohlarini qadaganicha. – Aytishlaricha, siz chavandoz kaskadyorlarning eng yaxshisi ekansiz.

-         Otlarni yaxshi ko’raman, - dedim men.

-         Juda yaxshi. Odatda hamma tryuklarni o’zim bajarardim, lekin… - u quyoshda toblangan qo’llari bilan qorniga urib kuldi, - yillar o’z ishini qilarkan.

-         Menimcha, hali ham ko’rinishingiz chakki emas.

Men chin ko’ngildan gapirgandim. U yoshiga nisbatan ancha yosh ko’rinar, biroz semirganini aytmasa, hali ham xushbichim, qaddi raso kishi edi. O’ziga bo’lgan ishonchi, qat’iyati shundoqqina yuz – ko’zidan sezilib turibdi.

-         Bo’pti, ikkovlashib bir amallarmiz.

Men unga javoban jilmayib qo’ydim. Bak ketgach, rejissyor yordamchisiga o’girilib so’radim:

-         Janob Beykerning dublyori sifatida nimalarni bilishim kerak?

Jey miyig’ida kulib qo’ydi-da, yelka qisdi:

-         Shunchaki uning ekrandagi qiliqlariga taqlid qilib, otini xafa qilmasang bo’lgani.

-         Otlar bilan muammo bo’lmaydi. Men rostdan ham otlarni yaxshi ko’raman.

-         Unda juda yaxshi. Yur, senga ajratgan treylerimizni ko’rsataman. Hamma kattalar o’sha yerda qahva ichib o’tirishibdi.

May quyoshi qattiq qizdirardi. Kondisioner o’rnatilgan ma’murlar treyleriga kirdim. Stol atrofida o’tirgan erkaklarga mening tashrifim yoqmadi, paxmoq ko’ylak kiygan baland bo’yli kishi zo’rg’a o’rnidan turib qo’lini uzatdi.

-         Bortga xush kelibsan, Stiv, - dedi u. Keyin boshqalarga o’girildi: - Bu Stiv Xolt, tryuklarimning tashkilotchisi. Tanish, bu – Fred Eyker sening rejissyoring, bunisi esa Kreyg Geyts – ikkinchi yulduzimiz.

Men ular bilan qo’l berib ko’rishdim. Rejissyor ozg’in, asabiy odam edi. Buyruq berishni xush ko’rishi yuzidan bilinib turardi. Men ilgari uni tanimasdim, lekin ishlarini o’rtada ko’ra yuqoriroq, deb eshitganman. Kreyg Geytsni esa yaxshi tanirdim. U – kino olamining hozirgi paytdagi eng mashhur yulduzi, ayollarning arzandasi hisoblanardi. Bundan tashqari mijg’ov, xudbin va bangi edi. Ba’zi do’stlarim Geyts bilan oldin ishlashgan, lekin hech kimdan u haqida yaxshi gap eshitmagandim.

To’rtinchi odamni esa menga tanishtirishmadi. U akulanikidek tishlarini ko’rsatib ishshaydi va:

-         X.R. Boxen – janob Geytsning menejeri, - dedi.

Unga uzatgan qo’lim havoda qoldi. Eski tanishim, filmning prodyuseri quvnoq Viktor Tordon meni qahva ichishga taklif qildi.

-         Mana, senariyning nusxasi, Stiv, - dedi keyin. – Senga hech qanday qiyinchilik tug’dirmaydi, deb o’ylayman.

Men titilib ketgan senariyni varaqlagunimcha ular yana suhbatni davom ettirishdi. xuddi o'z’m o’ylagandek syujet ancha oddiy: otda yugurish, otishma, bir – ikki marta o’ttiz fut yuqoridan qulash sahnalari! Bak Beyker uchun odatiy ishlar. Senariyni ko’zdan kechirib chiqqach, men odob saqlab jimgina o’tirdim.

Suhbat qizg’in tus olib borardi. Har qanday filmni suratga olishda bunaqa dahanaki jang bo’lishi tabiiy. Kimgadir senariy yoqmaydi, kimgadir liboslar… Kreyg Geytsning luqmalari qandaydir adovatli edi.

-         Menga hammasi bir tiyin! – o’shqirdi Amerikaning yangi paydo bo’lgan “yulduzi”. Uning plastmassadan yasalgandek chiroyli yuzi g’azabdan quyshayib ketdi. – Urfdan chiqqan kovboy rolini, yana ikkinchi darajalisini o’ynash niyatim yo’q!

-         O’zingizni bos, Kreyg, - dedi Dik zo’rg’a o’zini bosib. – Men butun boshli senariyni boshqatdan yozib chiqolmayman-ku! Bak sen bilan bir xil gonorar olishga rozi bo’lgan. Qolaversa, hamma shartnomalar imzolangan. Studiya sendan o’z majburiyatlaringni to’liq bajarishingni kutadi, - shunday deganicha u Geytsning agentiga o’krayibqaradi va qo’shib qo’ydi: - Boxen hamma shartlar bilan tanishgandi. Muammolaringni o’zlaring hal qilinglar. Suratga olish ishlari ertaga ertalab boshlanadi. Ishga tayyor holda o’z joyingda bo’lishing kerak, aks holda…

-         Menga tahdid qilmoqchimisan? - pishqirdi Geyts.

-         Hech kim hech kimga tahdid qilgani yo’q. senga shartnomani imzolahaningni eslatib qo’ymoqchiman, xolos. Bilib qo’y, hech qanday sud ishni sening foydangga hal qilolmaydi, - dedi prodyuser ovozini ko’tarmay.

Vaziyatning bu darajada keskinlashuvini kutmagan Boxen tipirchilab qoldi. U Kreygning yelkasiga qoqib dedi:

-         Ish hamma uchun qoniqarli darajada hal bo’ladi, deb hisoblayman. Lekin irinchi navbatda biz sen bilan yuzma –yuz gaplashib olishimiz kerak, - shunday deb u Kreygni eshik tomon itardi. – Janob Viktor, muammo bo’lmaydi. Shartnomaning bizga taalluqli tomonini vijdonan bajaramiz. Menga ishonavering.

Ular chiqib ketishgach, Vik horg’in uf tortdi. Rejissyor Eyker esa asabiy holda qo’lidagi qalamni ikkiga bo’lib, devorga uloqtirdi. Men gap qo’shmay qahva ichib o’tiraverdim. Kreyg Geyts o’zining shartnomadagi majburiyatlarini bajarishiga shubham yo’q. lekin u bilan ishlash oson emasligini ham bilardim. Hali ko’p tutashimizga to’g’ri keladi.

Men yana senariyni varaqladim, endi faqat tryuklarga diqqatimni qaratdim. Vik bilan Eyker bir ovozdan mening takliflarimni ma’qullab, ertangi ish jadvali bilan tanishtirishdi. Ularni o’z tashvishlari bilan holi qoldirib, Arizona quyoshida toblanish uchun tashqariga chiqdim.

Kunning ikkinchi yarmida mening kaskadyor - yigitlarim yetib kelishdi. Ularga ertaga bo’ladigan ishlarni tushuntirib, keyin restoranda mehmon qildim.

Men joyimga qaytganimda faqatgina Bak Beykerning treylerida chiroq yonib turardi. U har doim rolini yoddan bilishi bilan faxrlanadi. Hamma vaqtchog’lik bilan band bo’lganida, u o’z ustida ishlaydi…

Birinchi ish kuni ko’ngildagidek boshlandi. Ilk lavhani ko’p qiynalmay tushirib bo’ldik. Hamma otlar o’ynoqi va tepong’ich bo’lsa-da, mening yigitlarim bor san’atini ko’rsatib ishlashdi. Men Bakning oppoq ayg’irini olib chiqdim va o’zim egarladim. Endi oyog’imni uzangiga qo’ymoqchi edim. Beyker jilovni qo’limdan olib bir sakrab egarga chiqdi.

-         Rahmat , Stiv, - dedi menga jilmayib. – Men hali unchalik qari emasman.

Keyin, asosan, dialoglar tasmaga tushirildi. Tushlikdan keyin biz yo’lovchi tashiydigan aravani quvish sahnasiga tayyorlana boshladik. Men otlar yugurib ketayotganida izvoshchi o’rindig’iga sakrab o’tish sahnasida Bakka dublyorlik qildim. Keyin nafasimni rostlab turganimda, u menga mamnun holda yaqinlashdi:

-         Stiv, sen tahsinga loyiqsan. Senga qarab o’zimning yigirma yillar avvalgi davrimni ko’rgandek bo’ldim.

-         Qo’ysangchi, Bak, - dedim men xijolat bo’lib. – Bu tryukni o’zing o’ylab topgansan-ku! Men shunchaki “ Reyenjerlar harbiy qismida’ filmingdan nusxa ko’chirganman.

U g’amgin jilmaydi.

-         Ha … bunga ancha bo’ldi, - shunday deb Bak o’z xonasi tomon yo’l oldi. Nazarimda, uning keng yelkalari shalvirab qolgandek edi.

-         Kreyg Geytsning Bak Beyker bilan yulduzlik darajasini bo’lishishga xushlamay rozi bo’lganini hamma bilardi. Shu bois ularning birgalikdagi sahna ko’rinishini tomosha qilish uchun ko’pchilik yig’ildi. Ishchilar ham, ijodiy guruh ham nima bo’larkan, degan qiziqish bilan kuzatib turishardi.

Hammasi ko’ngildagidek o’tdi. Rejissyor o’zida yo’q xursand edi. Qayta dublga taklif qilishganida ikkala aktyor ham so’zsiz bo’ysundi.

Kun kech bo’lib, liboslarini almashtirish harakatiga tushgan chog’larida suratga olish maydonchasidan janjal ovozi eshitildi. Grimchi qiz – Betti qo’llari bilan yuzini bekitganicha yig’lardi. Kreyg Geyts esa ikkinchi tarsakini tushirmoqchidek qo’llarini siltab unga baqirardi.

-         O’zingizni bosing, janob Kreyg, - ogohlantirdim men ularning o’rtasiga tushib. – Sen boraver, Betti, keyin ko’rishamiz.

Kreyg bor kuchi bilan menga musht tushirdi. Sezish qobiliyatim kuchli bo’lsa ham bu zarbaga chap berishga lgurmadim va soqqa kabi uchib ketdim. Miyamga qon tepib, javob qaytarishga shaylandim. Lekin rejissyorning sokin ovozi meni qaytardi.

-         Bunday qilma, Stiv.

Tinchlanish uchun chuqur – chuqur nafas oldim. Rejissyorning aralashuvi menga ishimni. Kreyg Geytsga esa million dollar turadigan basharasini saqlab qolishda yordam berdi. Vaqtincha, albatta!

Keyingi bir hafta davomida Geyts bilan uchrashishdan o’zimni olib qochib yurdim. U arzimagan gap uchun ham Bettini turtkilardi. Sho’rlik qiz Kreygni ko’rganida qo’rqqanidan titraydigan bo’ldi. Suratga olish maydonchasi men uchun eng yoqimsiz joyga aylandi. Hatto, eng bosiq va o’z ishining asl mutaxassisi hisoblangan Bak Beyker ham sherigining qiliqlariga zo’rg’a chidayotgani sezilib turardi.

Ishning ikkinchi haftasida tryuklarning eng og’ir va mas’uliyatli sahnalari boshlandi. Biz gonorarimizni oxirgi sentigacha oqlashimiz kerak edi.

Senariy bo’yicha Geytsning qahramoni yugurib ketayotgan oti bilan birga qoyadan daryoga sakrashi kerak. Chet Jekson Geytsning kostyumini kiyib, uning o’rniga sakrashga tayyorlana boshladi. Geyts harakatlarni tushuntirib turganida Bakning ayg’iri qo’limdan chiqib Geytsni tumshug’I bilan turtib yubordi. Mallasoch olifta muvozanatni yo’qotdi-da, go’ngning ustiga ag’darilib tushdi. G’azabdan bo’g’ilgan Geyts o’rnidan irg’ib turdi-da, so’kinganicha bor kuchi bilan otning qorniga tepid. Qo’rqib ketgan jonivor sapchib ketdi. Jilovni zo’rg’a tutib qoldim.

Otni zo’rg’a tinchitib turganimda orqamdan ogohlantiruvchi qichqiriq eshitildi. Geyts tasvirchi aravasining shtir (temir tayog’)ini sug’urib olib hali xirillab turgan otga tomon bostirib kelardi. Ko’zlari qonga to’lgan. U ikki qadam tashlab ulgurmay, Bak Beyker bir siltab o’ziga qaratdi va kovboylar qo’lqopini kiyib olgan qo’llari bilan chiroyli basharasiga musht tushirdi. Kreyg shtirni uloqtirib, javob zarbasi qaytarmoqchi edi. Bak yana ikki musht tushirdi. Shundan keyin Kreyg hushsiz bo’lib yiqildi. Bak Beyker yig’ilganlarga bir – bir qarab chiqdi-da, ta’kidladi:

-         Bu mening otim! Uni urishga hech kimning haqqi yo’q!

Shunday deb, mening qo’limdan jilovni oldi-da, Snoukingni yetaklab ketdi.nazarimda Bak yasharib ketgandek edi.

Keyingi ikki kun tinch o’tdi. Kreyg Geyts o’z treyleridan chiqmadi. Uning agenti Bakka baqirib norozilik bildirgandi, miq etmay eshitdi. Gapini tugatgach, qo’lingdan kelganini qil, degandek mag’rur burilib ketdi.

Suratga olish ishlari ham tugay deb qoldi. Kreyg Geyts bor kuchi bilan keksa aktyordan o’tishga harakat qilardi. Tajribali Bak Beyker esa uning chiranishlariga vazminlik bilan javob qaytarar, natijada Kreyg kulgili ahvolga tushib qolardi.

Issiq tunlarning birida qattiq ingragan tovushdan uyg’onib ketdim. Ovoz otxona tomondan kelardi. Ko’nglim boxushlikni sezdi. O’sha yoqqa yugurdim. Qo’ton o’rtasida ulkan Snoukingning gavdasi yotar, ko’zlari o’lim talvasasida javdirardi. Men veterinarga qo’ng’iroq qilish uchun shoshildim…

-         Men qo’limdan kelgan ishni qildim, - dedi doktor Gonzales. – Afsus…

Bak Beykerning bo’g’iq yig’isi otxonadagi sukunatni yorib o’tdi. Men inson zoti otga qanchalik bog’lanib qolishi mumkinligini yaxshi bilaman. Bak uchun esa Snoukingdan ayrilish mashhurlik yillari bilan bog’lab turgan oxirgi rishtaning ham uzilishi, degani edi.

Bik Beykerning yelkasidan quchdi.

-         Bak, u qarib qolgandi. Bir kunmas, bir kun baribir seni tashlab ketardi.

-         Tushunaman. Men o’zim ko’ngli bo’sh, qari to’nkaman…

Asboblarini yig’ishtirayotgan doktor ularning gapini bo’ldi:

-         Bu ot laminitdan o’lgan. Menimcha, kimdir unga bo’kib qolgunicha yem bergan.

Bakning yuzi qahrli tus oldi. Hamma birdan otboqar Teks Jenkinsga o’girildi. Yigitcha qo’rqib ketib, qo’lini siltadi.

-         Shoshmanglar! – qichqirdi u. – Men aybdor emasman. Hamma otlarga odatdagidek yem berganman, qolganini omborxonaga olib borib qo’yganman.

-         Ishonching komilmi? – so’radi Vik.

-         Ha, janob!

Bak bir og’iz gapirmay, omborxonaga yo’l oldi. Biz ortidan ergashdik. U ichkariga kirdi-yu bo’sh qop ko’tarib chiqdi.

-         Yuz funt don, - dedi ovozi titrab. – Iflos! Margimush qo’shgan bo’lishi ham mumkin.

Bak kimni nazarda tutayotganini hamma tushundi. Unga ergashib butun guruh Geytsning treyleriga yo’l oldi. Hozir nima bo’lishini sezib tursak ham, lekin hech kim uni yo’ldan qaytarmadi. Bak eshikni bir tepib ochdi. Uyqusiragan Geyts atrofdagilarga anqayib qarab turardi.

-         Nega? – dedi Bak. – nega uni otib qo’ya qolmading?

-         Beyker, esingni yedingmi? Nimalar deyapsan?

G’azabdan qizarib ketgan Bak Geytsni yoqasidan ushlab siltay boshladi.

-         Otimni aytyapman, itdan tarqagan! Sen unga shunchalik ko’p yem bergansanki, fil bo’lsa ham bo’kib o’lardi.

-         Yo’q- yo’q. men uni tepib, noto’g’ri qilgandim. Shuning uchun yarashish maqsadida qornini to’yg’azgandim.

-         Sen, marazsan! – Bak geytsga tashlanib yiqitdi va bosib oldi. Lekin shu zahoti o’zi xirillab, ko’ksini changallaganicha yerga ag’anadi.

“ Insult” deyishdi shifokorlar . bakni “tez yordam” mashinasida olib ketayotib, hamma uning tezroq sog’ayib ketishini tilardi.

Rang – quti o’chgan Kreyg treyleri devoriga suyanganicha tuardi.

-         Xudo haqqi, yigitlar, - ming’irladi u, - qasam ichaman, kek saqlamaganman… Bunday bo’lishini o’ylamagandim.

Vik Gordan unga yaqinlashdi-da, barmog’ini bigiz qilib, ko’ksiga niqtadi.

-         Geyts, sen nomardning ishini qilding. O’z ildizingga o’zing bolta urding! Buni men senga va’da beraman! – shunday deganicha u Geytsdan hazar qilgandek yuz o’girdi.

Hamma unga ergashdi. Faqat mengina Geyts bilan yuzma – yuz qoldim.

-         Stiv! – dedi u qo’rqa – pisa. – Menga ishonishing kerak! Men yomon niyatda qilmagandim… men hohlagandimki…

-         O’zingni qiynamay qo’ya qol, Geyts. Snouking bilan do’stlashmoqchiydim, degan cho’pchagini boshqaga aytasan.

-         Shunaqami? Yaxshi! – to’satdan qichqirib yubordi u. –Ha, men uning bo’kib o’lishini hohlagandim. Shuning uchun og’zidan chiqqunicha em tikdim. Lekin og’zidan chiqqunicha yem tikdim. Lekin bu shunchaki o’yin edi. Menga qanday qilgan bo’lsa, unga ham shunday javob qaytardim.

Gollivudni qudratli dollar boshqaradi – nima bo’lganida ham ish ishligicha qoladi. Ertalabki yig’ilishda Vik filmni tugatish uchun yana ikkita sahna qolganini, Bakning o’rnida men ishlab turishimni aytdi. Hech qanday so’zlashuvlar ham, yirik lavhalar ham bo’lmaydi, dedi.

Men Bakning kostyumini kiyib, balkondan joy egalladim. Bir necha daqiqa o’tgach, murdadek oppoq Geyts paydo bo’ldi. Men unga bir qarab qo’ydim-da, so’z qotishni ep ko’rmadim. Kameralar va chiroqlar to’g’rilahgach, Eyker bizga “boshlanglar’ degandek qo’l siltadi. Men, tryuk qoidasi bilan tanishdingmi, deb so’radim. Biz panjaraga osilgan ko’yi bir – birimizga musht tushirib, keyin to’siqni buzib, pastga qulashimiz kerak edi. U bosh silkidi va men Eykerga, tayyormiz, deb belgi berdim. Bu tryuk qiyin emas. Bor – yo’g’I o’n besh fut balandlikdan stolga tushishimiz va polga dumalabketishimiz kerak. Geyts, o’zining o’rniga kaskadyor qo’yishlarini so’rashi mumkin edi. Menimcha, u uyalgan, obro’siga dog’ tushirgisi ham kelmagan. Har qanaqasiga ham tryukning bor og’irligi menga tushardi.

Hammasi qog’ozdagidek bo’ldi. Jang qattiq va haqiqiy chiqdi. Panjara sinib, biz belgilangan soniyada pastga qarab uchdik. Har qanday tryuk bajarish paytida diqqat bilan xayolingni joyiga qo’yishing kerak bo’ladi. Bular hammasi baxtsizlikning oldini olish garovi.

Aksincha bo’lsa, shikastlanish hatto jon berish ham mumkin. Axir o’n besh fut yuqoridan kalla tashlashning o’zi bo’larkanmi? Tryukning oddiysi bo’lmaydi. Agar ehtiyot bo’lmasa, u odamning qanchalik buyuk “yulduz”ligiga ham qarab o’tirmaydi. Qulash paytida men chaqqonlik bilan gavdamni aylantirib oldim va nogoh Geytsning yuzidagi dahshatga ko’zim tushdi. Shunda o’zimning chaqqonligim va sezgirligimdan faxrlanib qo’ydim…

Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi.