Devid S.Kuk “ Shlyapa”
Garri Beynsli baland bo’yli, xushmuomala va ko’rimsizgina kishi. Ozg’in yelkalari tinimsiz stolga engashib o’tirib ayollar shlyapasi modellarini chizaverganidan osilib qolgan bu kamtar kishining qotil ekanligiga ishonish qiyin edi. Lekin u g’ayritabiiy ehtiyotkorlik, sinchkovlik bilan o’zini shubhalardan xoli qilgandi.
Beynsli qurboniga ikki oylar oldin tuzoq qo’ygan va sabr bilan kutgandi. Mana, nihoyat kutilgan kun keldi. Norman Stou o’ldi. Beynsli bir narsaga hayron qoldi; Stouni o’z uyida o’ladi, deb o’ylagandi, lekin u ish stolida jon berdi.
“ Balki shunisi ham yaxshidir”, deb o’ylab qo’ydi Beynsli. Chunki hozir firmasining ishlari yurishmay turuvdi. Stouning murdasini kabinetdan topishgach, polisiya, u o’z joniga qasd qilgan, deb o’ylaydi.
Beynsli baland bo’yli polisiya boshqarmasi detektivi Maks Pirsni sekingina gapga tutdi:
- Bu qanday ro’y beribdi, leytenant?
Pirs yelka qisdi:
- Bir gap aytolmayman hozircha. Hali tibbiy ekspertiza natijalariniko’rish kerak. Kabinetdan barmoq izlarini olish kerak, ko’pchilikni so’roq qilish kerak… Hozircha bizga sherigingizning dunyodan ko’z yumgani ma’lum, xolos.
Demak, hozircha hammasi joyida, deb o’yladi Beynsli. Ekspertiza natijasi o’laroq Stouning tanasidan margimush, kvartirasidan esa zahar solingan burbon aniqlanadi.
Beynslidan shubhalanish hech kimning xayoliga kelmaydi. Chunki hech qayerda uning barmoq izlari yo’q. agar polisiya chuqurroq tekshirsa, burbonni ayollar shlyapasiga eng ko’p buyurtma beruvchi Lester Adams Stouning tug’ilgan kunida sovg’a qilganini bilib oladi. Albatta, Adams hammasini inkor qiladi, polisiya esa unga ishonadi. Chunki ularning bir – biriga dushmanlik qilishiga hech qanday asos yo’q. hamamsi ko’ngildagidek bo’ldi. Firma endi faqat unga tegishli, ko’plab buyurtmalar oladi, ish ham ancha ilgarilaydi.
- Ayting-chi, leytenant Normanning jasadini qachon olib ketasizlar? Albatta, bu katta fojia, lekin o’zingiz tushunasiz, biznes, bu – biznes.
- Tushunaman, - ma’qulladi Pirs. – Hozir yigitlarim ishini tugatishadi va jasadni olib ketamiz.
- Men o’zimdan ko’ra ishxonadagi ayollarni ko’proq o’ylayapman.
Pirs yana uning gapini ma’qulladi va cho’ntagidan yon daftarcha bilan qalam oldi:
- Sizga bir nechta savol bersam… Marhum oilalimidi?
- Yo’q, bo’ydoq edi. U erkinlikni judayam qadrlardi.
- Tanish ayollarining ismini bilasizmi?
Stou shaxsiy hayoti haqida ochiqcha gapirishni yoqtirmasdi. Shuning uchun Beynsli to’g’risini aytdi.
- Afsuski, yo’q. Lekin buning ishga nima aloqasi bor?
- Tartib shunaqa, - gapini bo’ldi Pirs. – Agar sherigingiz tabiiy holatda o’lgan bo’lsa, biz tergovni tugatamiz, aksincha bo’lsa hammani tergov qilishimizga to’g’ri keladi. Keyin, yana bir gap. Sherigingizning iqtisodiy ahvoli qanday edi? Ya’ni, firmaning jiddiy qiyinchiliklari yo’qmidi?
- To’g’risini aytsam, firmaning ishlari yaxshi emasdi. O’zingiz bilganingizdek, Karmen buxgalterlik kitoblarini tekshira turib jon bergan.
- Bugun ishga soat nechada keldingiz?
- Buni sizga boya aytuvdim. O’nda. Ayollar vaqtliroq kelishgan. Virjiniya Genri Normanning jasadini birinchi bo’lib ko’rgan va polisiyaga xabar bergan.
Pirs horg’in o’rnidan turdi.
- Yaxshi, janob Beynsli. Yigitlarga qaray-chi! Ekspertiza natijasini olgach, yana siz bilan uchrashamiz.
Bir necha daqiqadan so’ng polisiyachilar Stouning jasadini olib chiqib ketishdi. Garri Beynsli ularning orqasidan qarab qoldi. U ich – ichidan xursand edi. Firmaning gullab – yashnashini tasavvur qilib, quvnardi. U burbon idishiga zaharni avvalroq solib qo’ygandi. Shuning uchun asabiylashmadi ham, vijdoni ham qiynalmadi. O’zini qotil, deb hisoblashmasdi ham. U tugmacha qo’ng’irog’ini bosib Virjiniya Genrini chaqirdi.
Quvnoq, sariq sochli Viriniya ikkita sherikka ham kotibalik qilardi. Lekin Stou bilan munosabati yaxshiroq edi. Uni har kuni mashinasida uyiga kuzatib qo’yardi. Beynsli bilan esa munosabatlari quruq bo’lib, betakalluf edi. Endi hammasi o’zgaradi.
Virjiniya qo’lida daftarcha bilan kabinetga kirdi.
Beynsli g’amgin jilmayib dedi:
- Bo’lib o’tgan voqealar sizga og’ir ta’sir qilganini bilaman.
Genri xonim kursiga o’tirdi. Beynsli uning chiroyli qomatini ko’zdan kechirdi.
- Norman Stou yaxshi odam edi. Har doim quvnoq yurardi. U bilan ishlash ham oson edi. U … - kutilmaganda xonim yig’lab yubordi.
Beynsli uning qo’lidan tutib tinchlantirdi:
- Qo’ying, tinchlaning, azizam. Bunchalik kuyunaverish yaxshi emas.
Virjiniya qo’lini tortib olmadi. Beynsli, qiz menga be’tibor emas, shunchaki o’zim tortinchoqlik qilganman, endi hammasi boshqacha bo’ladi, deb o’yladi.
- Sizni bugun kechki ovqatga taklig qilsam bo’ladimi, Virjiniya?
Qiz unga hayron bo’lib qaradi.
- Men… kechirasiz… bugun ilojim yo’q.
Beynslining qovog’I uyuldi.
- Ertaga-chi?
Qiz bir daqiqa o’ylanib turdi-da:
- Ertaga jonim bilan, - dedi.
- Juda yaxshi. Endi men sizga firmani rivojlantirish haqidagi rejalarimni aytib bermoqchiman. Bu rejalarimni Stou ma’qullamagan bo’lardi…
Ertasiga ertalab Beynsli kabinetga kirganida uni detektiv kutib turardi.
- Xayrli tong, - so’rashdi Pirs. – Xonangizga joylashib olganimdan xafa bo’lmassiz?
- Nimalar deyapsiz, leytenant? Hohlagan paytingizda kelishingiz mumkin, - u kursiga o’tira turib qog’ozlari titkilanganini sezdi. – Mendan nima yordam?
- Kecha yozgan qog’ozlaringizni tekshirib ko’rdim. Firmada ko’p o’zgarishlar qilmoqchisiz, shekilli?
- Ha, yozgi shlyapalar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish niyatidamiz. Buni bir oy oldin boshlamoqchi edik. Lekin Stou ko’nmagandi…
- Raqobatdan qo’rqmaysizmi/
- Yo’q, ayollar modaning o’zgarib turishini yaxshi ko’rishadi.
Detektiv, men bora qolay, deb o’rnidan turdi.
- Leytenant, tekshiruv natijalarini olmadingizmi?
- Hozircha yo’q.. ertaga olsak kerak, kechasi bilan uxlaganim yo’q. kechirasiz. Syouning tanish ayollarini eslatib yaxshi qilgan ekansiz. Kecha uning uyida tintuv o’tkazgandik… Ayollardan tanishlari ko’p bo’lganiga amin bo’ldik.
- Men to’g’risini aytdim. Uning ayollarini tanimayman. Uyida ham bor – yo’g’I bir – ikki marta bo’lganman.
- Uy emas, men sizga to’g’risini aytsam, haqiqiy buzuqxona. Bardagi spirtli ichimliklarning ko’pligini aytmaysizmi?
“ Tamom, deb o’yladi ichida Beynsli, ular zaharlangan burbonni topishgan”.
Lekin Pirs bu haqda og’iz ochmadi.
- Keyin yana gaplashamiz, - deb xayrlashib chiqib ketdi.
Beynsli o’yga botganicha qoldi. “ Leytenant kechasi bilan uxlamagan bo’lsa, albatta, idishni topgan va tekshirgan. Hozircha shubhalari isbotlanmagani uchun lom – mim demayapti. Bu o’yinning oxiri nima bilan tugarkan?” deb o’ylardi.
Kechqurun Beynsli Virjiniya bilan uchrashib, uni nufuzli fransuz restoraniga olib bordi. Virjiniyaning dengiz to’lqinlari rangidagi ko’ylagi o’ziga juda – juda yarashib turardi.
- Bugun ochilib ketibsiz, azizam, - dedi Beynsli undan ko’z uzolmay. – Savolim noo’rin bo’lsa uzr, lekin bunaqa qimmat taqinchoqlar sotib olishga sizning maoshingiz yetganiga hayron qolyapman.
- Men iqtisod qilishga ustaman, - dedi u jilmayib.
- Endi hech nimani tejamasangiz ham bo’ladi. Shu haftadan sizning maoshingiz ikki baravar ko’payadi.
Beysnli qizni xursand bo’lib ketadi, deb o’ylagandi. Lekin u quruqqina minnatdorchilik bildirib qo’ydi.
Oqshom yaxshi o’tdi. Faqat Virjiniyaning haddan ziyod ko’p ichishi Beynslisini hayron qoldirdi. Restorandan chiqib Virjiniyaning uyiga yo’l olishdi. Beynsli qiznikida qolmoqchi edi, lekin qiz “bugun emas, Garri”, dedi muloyimlik bilan va uni o’pib qo’ydi.
Beynsli ertalab yaxshi kayfiyatda ishga keldi. Uni yana leytenant Pirs kutib turardi.
- Men ekspertiza natijalarini oldim, - dedi u horg’in. – Sherigingizni o’ldirishgan.
- O’ldirishgan? – hayron bo’ldi Beynsli – Balki yanglishayotgandirsiz? Uning o’limi kimga kerak bo’ldi ekan?
- Xuddi shu haqda sizdan so’ramoqchi edim. Ayting-chi, uning dushmanlari bo’lganmi? Qotil raqobatchilaridan biri emasmi, demoqchiman.
Beynsli bosh chayqadi:
- To’g’ri, hamma qatori bizning ham raqobatchilarimiz bor. Ammo, sizga boshqa hech nima deyolmayman. Qotil biron izi qoldirmaganmi?
- Afsuski, qoldirmagan, - dedi Pirs sekingina. – Lekin qotillik shunchaki ro’y bermaydi. Qandaydir sabablar bo’ladi. Men masalaning tagiga yetmasdan qo’ymayman.
- Menimcha, hozir hamma shubha ostiga olingan. Birinchi bo’lib men, - dedi Beynsli.
- Nega endi?
- Chunki Stouning o’limidan men ko’p narsa yutaman. Firmaning yakka sohibiga aylanaman. Albatta, men o’z oyog’iga bolta uradigan ahmoq emasman, lekin mendan ko’proq shubhalanishlari aniq.
- Siz haqsiz, janob Beynsli. Ochig’ini aytsam, men boshidayoq qotillik ro’y berganini sezgandim. Lekin arqonni uzun tashlab qo’yuvdim. Sizning ikki kun davomida bosgan qadamingizni tekshirib yurdim.
Beynsli Virjiniyadan uyga kirishga ruxsat bermagani uchun xursand bo’ldi.
- Endi esa siz qotil emasligingizga amin bo’ldim, siz sinovdan yaxshi o’tdingiz, - shunday deganicha Pirs xayrlashib chiqib ketdi.
Leytenant ketgan zahoti Beynsli Virjiniyani chaqirdi:
- Azizam, - dedi u, bugun naqadar baxtli ekanligimni tasavvur qilolmaysan. Endi senga istagan narsangni olib beraman. Malikalardek shohona yashaysan.
Qiz javob bermay kulib qo’ydi. Beynsli davom etdi:
- Norman tirikligida har daqiqada seni undan rashq qilardim. Endi hammasi boshqacha… Agar hohlasam…
- Siz ahmoqsiz! – keskin siltab tashladi qiz. – Haqiqiy ahmoq!
Bu gaplar Beynsliga tarsakidek ta’sir qildi.
- Meni tushunmading, shekilli, Virjiniya?.. Men aytmoqchiydimki…
- Sizning nima demoqchiligingiz meni qiziqtirmaydi, - qiz yana uning gapini bo’ldi.
Beynsli tili aylanmay qoldi:
- Axir nega kechqurun?...
- Kecha kechqurun sizdan qutulish uchungina o’pib qo’ygandim, - dedi qiz unga ijirg’anib qarab. – Umuman, mendan leytenant so’ragani uchungina siz bilan restoranga borgandim. Sizga oldinroq aytishim kerak edi. Gap shundaki, biz Norman bilan o’limidan ikki hafta oldin turmush qurganmiz. Endi men sizning sherigingizman! Pullaringizga esa zor emasman!
Kutilmagan bu xabardan Beynsli qizarib ketdi.
- Lekin sherikligimiz ham ko’pga cho’zilmaydi, - davom etdi qiz. – Men leytenantga omborxonaning kaliti faqat sizda saqlanishini aytganman.
- Omborxonaning nima aloqasi bor? – qichqirib yubordi Beynsli.
- Tushunmadingizmi? – so’radi qiz. – Unda bilib qo’ying, mening sevimli erim shlyapaga qo’yiladigan uzun rubin to’g’nag’ich yordamida o’ldirilgan. Kimdir uning qulog’iga to’g’nag’ichni tiqqan va miyasiga zarar yetkazgan. Leytenant Pirs, bu ishni siz qilgansiz, deb o’ylayapti. U ishiga juda puxta ekan. Hatto, Norman bilan sizning tortishib qolganingizgacha mendan so’rab oldi.
Beynsli qo’rqib ketdi:
- Qanaqa tortishuv? – hayron bo’ldi u. – Men umrimda Norman bilan tortishmaganman, axir?
- Yo’g-e? – dedi qiz uni masxaralab. – Men esa, hatto qasam ichib unga tahdid qilganingizni aytibman. Xudo haqqi, mening bu gunohimni kechiring. Polisiyachilar qanaqa bo’lishini o’zingiz bilasiz – ku!
Beynsli holdan toyib, kresloga o’tirib oldi. U qopqonga tushganini tushundi. Unga oldin ma’lum bo’lmagan tafsilotlar endi kundek ravshan edi.
- Virjiniya, Normanni siz o’ldirgansiz? – dedi u ovozi qaltirab.
Qiz ko’zlarini katta - katta ochib, o’zini hayron qolgandek ko’rsatib;
- Bu gapni aytishga qanday tilingiz bordi? Siz meni sevsangiz kerak, deb o’ylagandim, Garri, - qiz endi ochiqchasiga Beynslining ustidan kulardi. – Mayli, men do’konlarni aylanmoqchi edim. Ba’zi narsalar sotib olishim kerak. Ko’rishguncha.
Qiz namoyishkorona yurib xonadan chiqib ketdi.
Beynsli eshikka ma’nosiz tikilganicha qotib qoldi.
U ancha payt shu taxlitda o’tirdi. Keyin bir qarorga keldi, shekilli, chuqur xo’rsinib stol tortmasidan to’pponchasini oldi. Hademay bu yerga leytenant keladi. Shuni o’ylab u g’amgin jilmaydi: “ Hechqisi yo’q, mening o’limim javobsiz qolmaydi. Bir haftadan keyinmi, balki bir oydan keyindir… Endi menga buning farqi yo’q. bir kunmas – bir kun Virjiniya Genri… Aytgancha, endi Virjiniya Stou baribir idishdagi burbonni ichadi…”
Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi