September 6, 2020

Stiv Allen “25 – kadr”

Gapning dangalini aytib qo’ya qolay: Devid Starbak kabi martabali odamning o’limi katta shov – shuvga sabab bo’lishi aniq edi. Gazetalar bu haqda butun Gollivudga jar solishdi, ayniqsa, qotillikning ochilmay qolgani xususida. Polisiya mahkamasini esa qotillikni bo’yniga olishni istaganlar bosib ketdi. Mashhur bo’lishni hohlaydigan esini yeganlar kam deysizmi, bu dunyoda?..

Bir tomondan aybini bo’yniga olganlarning ko’pligi izquvarlarni taajjubga soldi. Chunki ular bu qasd qilish, deb hisoblashgandi. Shuning uchunmi, Uolt Svenson 14 – sentyabr kuni yarim tunda Devid Starbakni o’z qo’llarim bilan bo’g’ib o’ldirdim, deganiga hech kim ishonmadi. Ular Uoltning ko’rsatmasini tekshirishdi, albatta. Lekin bundan nima foyda? O’sha kuni Svensonning Sanset – stritdagi “Villa – Loma” barida o’tirganini tasdiqlovchi kamida o’ttizta guvoh topildi. Polisiya dalillarga tayanadi. Dalillar esa, Starbek Palm – Sprinsdagi dang’illama villasining vannaxonasi eshigini ichidan qulflab, pushtirang kafelli poliga yotgan va bilagining tomirini kesib, dunyodan o’tganini isbotlagan. Svenson polisiya mahkamasiga kelib qotillikni bo’yniga olganida uning ustidan kulib, odamlarni ishdan qoldirmasdan jo’nab qolishini maslahat berishdi. Keyin esa uning nomini har ehtimolga qarshi sal “g’alatiroq odamlar” karttekasiga tirkab qo’ydilar.

Shunday qilib, Uoltning hikoyasini erinmasdan boshidan oxirigacha eshitgan va yolg’on gapirmayoyganini biladigan yagona odam menman. Men Devid Starbakni ham taniyman – u bilan ish yuzasidan bir – ikki marta uchrashganman. Gollivudda muttahamlarning har turini topish mumkin, lekin Starbak ularning hammasidan oshib tushardi. Qisqa qilib aytganda, u qalloblarning qallobi edi. Starbak Gollivudda to’satdan paydo bo’lib qoldi va tuturiqsizligi, dog’ulligi bilan nom chiqardi. Deyv Sharqdan G’arbiy qirg’oqqa o’z ixtiyori bilan ko’chib kelmagan, balki qing’ir ishlari uchun qochib yuribdi, degan mish – mishlar ham yurardi. Har holda shamol bo’lmasa daraxtning uchiqimirlamaydi. Deyvning o’ziga tegishli bo’lmagan buyumlar bilan savdo qiladigan yaramas odati bore di. Gollivudga kelgach, bu usul unga juda qo’l keldi. Bir marta, hatto begonaning kitobini o’ziniki qilib sotib yubordi. Ekranlashtirish huquqini qo’lga kiritgach esa tilla koni topib olganini tushundi. Shundan keyin uni hech nima bu yo’ldan qaytarolmadi.

Urushdan keyin Starbak “ Uorld Amerikan” kinostudiyasining ikkinchi odamiga aylangandi. Bel – Eyrda to’rtinchi xotini bilan yashar, ayyorligi va odamlarga beshafqatligi tufayli xizmat pillapoyasidan ko’tarilib borardi. U qobiliyatli, lekin o’zini namoyon qila olmaydigan odamlarni topib ishlatardi.

Deyvning birinchi xotinini hech kim ko’rmagan. Ikkinchi xotinini u Uolt Svensondan tortib olganini ko’pchilik eshitgan. Hozir Uoltni ko’plar esidan chiqarib yuborgan, lekin bir vaqtlar u Gollivudning eng yaxshi operatorlaridan sanalardi. Hatto, ba’zi “yulduz”lar agar suratga olish guruhida Svenson bo’lmasa shartnoma imzolashmasdi. Keyinchalik o’zi filmlar ishlay boshladi. Agar ichkilikka berilmaganida balki undan yaxshi rejissyor chiqarmidi! Ichmasa, undan yaxshi odam yo’q. ammo ichib olsa, o’lgudek janjalkashga aylanardi. Avvaliga qiliqlariga chidab yurishdi, keyinchalik esa hech kim uni ishga olmay qo’ydi. Shunday kunlarning birida uni Deyv ishga oladigan bo’ldi. Lekin oldindan g’alati bitim tuzdi…

-         Qariya, meni to’g’ri tushun, - dedi Deyv. – Biz oldindan kelishib olishimiz kerak. Seni hech kim ishga olmayapti, to’g’rimi? Chunki sen piyonistasan. Men seni ishga olaman, hamma qatori maosh belgilayman. Lekin pulni suratga olish ishlari tugaganidan keyin olasan. Shart shuki, ichmaysan! Agar yana bir marta ichganingni ko’rsam, gonoraring yarmiga qisqardi, ikkinchi martasida yetmish besh foiz… Senga bundan ortig’ini taklif qilolmayman. Hohlasang, rozi bo’l, hohlamasang yo’q.

Uolt o’ylanib turdi-da, rozi bo’ldi - nimadir qilib kun ko’rishi kerak-ku!

Suratga olishning uchinchi haftasida Starbak bekorchi bir senariynavisni Uoltni tushlikka taklif qilib, yaxshilab ichirish uchun yolladi. Ish bitgach, suratga olish maydonchasiga kelib, Uoltga yaqinlashdi-da, hidlab ko’rib tirjaydi:

-         Tabriklayman, oshna! Shu daqiqadan boshlab ellik foizingdan ayrilding.

Bu xabar Uoltni yiqitdi va u bir hafta tinmay ichdi. O’ziga kelib ishga chiqqanida esa Starbak uning qo’liga arzimagan pulni tutqazib, o’zini ko’chaga uloqtirdi. Mushkul ahvolga tushib qolgan Uolt nima qilishini bilmay ishga qaytib olishni so’rash uchun Starbakning yoniga xotinini yubordi.

-         Menga qara, azizam, - qoshlarini chimirdi Starbak betakalluflik bilan, - mendan nima istaysan? Ering bilan bitim tuzgandik. O’zidan ko’rsin…

-         To’g’ri, sen haqsan, Deyv, - dedi Uoltning xotini. Ammo, bilasanmi, hozir Uolt og’ir kunlarni boshidan kechiryapti, aslida uning zo’r mutaxassisligini bilasan-ku! Yolg’on gapirishni bilmaydi. Sening ishingni ham jon – dili bilan qilayotgandi…

Starbek kinoyali qilib tirjaydi va Mirna Svensonga boshdan oyoq tikilib qoldi. Uning qaddi – qomati kelishgan, baland bo’yli sohibjamol edi. Uoltdan ancha yosh ham.

-         Quloq sol, - dedi u, - nahotki, sen o’zingni yerga urib shu aroqxo’r erring uchun odamlardan sadaqa so’rab yursang?1 o’zingga shu ishing yoqadimi? Menimcha, sen bundan yaxshirog’iga arziysan. Ko’rinishingga gap yo’q, qobiliyating ham yomon emas. Balki kinoga qaytarsan? Qo’y, shu qariya Uoltni, bizning bitimimizni ham unut. Pulsiz qolgan bo’lsa, uning o’zi aybdor. Yangi filmimdan senga ish bersam, nima deysan?

Mirna bir vaqtlar suyuqoyoqligi bilan mashhur bo’lgan. O’zidan yigirma yosh katta odamga kinoga tushishga yordam bergani uchungina turmushga chiqqan bu qiz ko’p o’tmay Uoltni tashlab, Starbak bilan ketdi.

Sho’rlik Uolt uchun bu zarba hammasidan oshib tushdi. Endi shu darajada ichkilikka berildiki, yaxshi bilgan tanishlari ham uni ko’rsa tanimaydigan darajaga yetdi. Balki Uoltning miyasiga o’shandayoq Starbakni o’ldirish fikri kelgandir? Shuni aytish kerakki, Starbakni jon deb narigi dunyoga yuborishni istagan odam faqat Uolt emas edi. Lekin talabgorlar orasida Uolt birinchi o’rinda turardi. Xullas, Devid Starbakning o’limini Gollivudning yarmidan ko’pi xohlardi.

Alamzada odam o’ch olidhni miyasiga quyib oldimi, u har qanday yo’l bilan bo’lmasin, maqsadiga erishadi. Uolt endi rejissyorlikka ham, operatorlikka ham yaramay qolgan edi. U bor – budini sotib ichib, qorin to’ydirish uchun har qanday ishni bajarib yurardi. Bir eski tanishi unga “Konsolideyted “studiyasi filmotekasidan ish topib berdi. Ishi yengil edi. Birorta prodyuser o’zining shaxsiy kinozalida film ko’rmoqchi bo’lsa, filmoteka xodimlari o’sha kinoasardan nusxa ko’chirib berishadi. U esa o’sha filmni buyurtmachiga eltib Berardi.

Bir kuni Uoltga Starbak uchun film olib borib berish topshirildi. Uolt esa taqdir yo’llagan bu imkoniyatni qo’ldan chiqarib yubormaslikka harakat qildi. Bardagi suhbatlardan birida Uolt Starbakning kasalligi haqida eshitib qoldi. Bu bag’ritosh, berahm odam ham har qlay nimadandir qiynalarkan-ku, deb xursand bo’ldi. Undan qanday o’ch olish rejasini tuzishga esa shoshilmasdi.

Bir kuni Uolt “Gollivud reportyor”da berilgan maqolani o’qib qoldi. Unda yozilishicha, Nyu – Jersidagi rekalama firmasi xaridorlarga 25 – kadr orqali yashirin ta’sir o’tkazishni sinovdan o’tkazgan. Kinoteatrda plyonkasi maxfiy bo’lgan film namoyish etiladi – har yigirma beshinchi kadr gazlangan yaxna ichimlik nomi bilan ketadi. Bu kadrni ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi, lekin tomoshabinlarning ongiga singib qoladi. Natijada, o’sha kuniyoq gazlangan yaxna ichimlikka talab kuchayib ketadi.

Bu maqolani o’qigan Uolt Devid Stabak bilan hisob – kitob qilish vaqti yetganini tushundi. U kinokadr hajmida ikkita kichkina kartochka tayyorladi va qora fonga oq harflar bilan: “devid Starbak, sen – iflossan!” va “ Devid Starbakni hamma yomon ko’radi”, deb yozdi. Bir oshnasidan ixchamgina kinokamera so’rab oldi-da, ikkita kartochkani ham suratga oldi. Keyin pozitivlarni ramkaga solib, hamyoniga joyladi va qulay paytni kuta boshladi.

Bir haftadan keyin Starbakning kotibasi qo’ng’iroq qildi. Buyurtmani olgan Uolt filmni tokchadan olib, montaj qilishga o’tirdi. U tezgina o’zining ikkita “yigirma beshinchi kadr”ini yarim soatlik fragmentga yopishtirdi va montaj qildi. Keyin nima bo’ldi, deb o’ylarsiz? O’sha kuni Starbak komediyaga buyurtma bergandi, lekin filmni ko’rib, kayfiyati tushdi. Qizig’I shundaki, uning bezbetligi, o’ziga suv yuqtirmasligi haqida hamma gapirardi, shunga qaramay, yigirma beshinchi kadr Starbakning ruhiyatiga ta’sir qilgandi. U nima sababdan jahli chiqayotganini, alamini kimdan olishni bilolmay qiyin ahvolga tushib qoldi.

Boshida Uolt rejasi ish berdimi – yo’qmi, bilolmadi. Keyin, keyin esa Starbakning qiliqlari haqidagi mish – mishlar unga ham yetib kela boshladi: Starbak arzimagan gapga ham asabiylashar, qo’l ostidagilarga baqirar ekan. Hatto bir aktyorni urmoqchi ham bo’lgan…

Shundan so’ng uning shoshilinch ta’tilga chiqqanligi, davolanmoqchiligi haqidagi ma’lumotlar gazetalarda bosildi. Starbakning boshiga tushayotgan bu ko’rgiliklarning asl sababini faqat Uoltgina bilardi. U bir yil davomida har hafta Starbakka o’zining ko’rinmas zaharli o’qlarini otib turadi.

“Starbak – sen notavonsan!”

“ Deyv, sen kinoda hech nimani tushunmaysan!”

“Starbak – sen kasalsan!”

Film tushirilgan kassetani qaytarib kelishgach, Uolt maxfiy kadrlarni qirqib, plyonkani tozalab qo’yardi. Axir u bir paytlar o’z ishining ustasi bo’lgan!

“Starbak, xotining senga xiyonat qilyapti!”

“Starbak – sen pastkashsan!”

Kimdan alamini olishni bilmagan Starbak sekin – asta shu darajaga yetdiki, hatto rahbarlariga ham o’shqira boshladi. Gollivudda esa har qancha balandga ko’tarilma, sendan yuqoriroqda yana kimdir bo’ladi. Masalan: direktorlar kengashining raisi, kinostudiya xo’jayini… Ular esa qo’pol muomalani ko’tarishmaydi. Ziyofatlardan birida Starbak “ Uorld – Amerikan”ning Nyu – Yorkdagi filiali direktoriga qo’pollik qildi va shu daqiqadan boshlab uning faoliyatiga nuqta qo’yildi.

Bundan xabar topgan Uolt qulay payt kelganini tushundi. Starbak navbatdagi filmga buyurtma berganida, Uolt kadrga, “ Deyv, nega o’zingni o’ldirmaysan?” degan yozuvni elimlab qo’ydi.

Bir haftadan keyin esa “ Deyv o’lishing kerak, bu sen uchun so’nggi chora”, deb yozdi.

Shundan keyin Starbak yana ikki oy chidadi. Uning asablari tamom bo’lgan, dardini eshitadigan birorta do’sti ham yo’q edi. Sentyabr oyining o’rtalarida u Palm- Spirinsdagi uyiga bordi. Kun bo’yi hovuzda cho’milib, oftobda toblanib yotdi. Kechasi esa… vannaga kirib, ustara bilan qo’lining tomirini kesib, dunyodan ko’z yumdi.

Uolt esa Starbakning o’limidan keyin yana ichkilikka berildi. Bir kuni kechqurun mast holda filmotekaga kelib, og’zida sigareta bilan uxlab qoldi. Shu kechda o’zi ham, butun filmoteka ham kuyib kulga aylandi.

Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi