Chet elda o‘qiyman deb...

Dunyoda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘rtacha 30 foizni tashkil etadi. Shundan eng yuqori ko‘rsatkich Janubiy Koreya (75 foiz), Kanada (63 foiz), Yaponiya (61 foiz), Rossiya (55 foiz), Fransiya (46 foiz) davlatlarida. Markaziy Osiyoda Qirg‘iziston (42 foiz) va Qozog‘iston (36 foiz) yetakchi bo‘lsa, mamlakatimizda esa 12 foiz maktab bitiruvchilari oliy ta’limga qamrab olinadi. Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan (128 ta OTM) keyin 2-, MDHda esa Rossiya, Ukraina, Qozog‘istondan keyin 4-o‘rinda. Lekin bu aholi soni va ehtiyojiga nisbatan baribir yetarli emas. Shuning uchun ham o‘qish istagida bo‘lgan ko‘plab yoshlarimiz boshqa davlatlardagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiryapti. UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 40 mingga yaqin o‘zbekistonlik yigit-qiz xorijda ta’lim olmoqda. Ta’lim eksporti bizda endi boshlanmoqda, desa ham bo‘ladi. Talabalar mobilligiga yurtimizda ham keng yo‘l ochib berilishi maqsadga muvofiq. Chunki u butun dunyoda ta’lim olishni istagan yoshlarga keng imkoniyatlarni yaratadi.

Umuman olganda, jahondagi oliy ta’lim talabgorlari, ilmiy-tadqiqot olib boruvchilar orasida bir mamlakatdan boshqasiga borib o‘qiyotganlar va o‘qishga qiziquvchilar soni kundan kunga ortib bormoqda. Bugun ular soni 4 mln.dan oshgan bo‘lsa, tez orada 8 mln.ga yetishi kutilmoqda. Bu o‘sish, o‘z navbatida, mamlakatlar o‘rtasida yoshlarning oliy ta’lim olishini ta’minlash uchun bir xil yondashuvni, ularning malakasi va hujjatlarini tan olish talablarini soddalashtirish, ushbu yo‘nalishdagi munosabatlarni muvofiqlashtirish ehtiyojini vujudga keltirmoqda.

Bugungi kunda juda ko‘plab konsal­ting tashkilotlari, vositachi jismoniy yoki yuridik shaxslar ijtimoiy tarmoqlar, OAV orqali yoki joylarda yurib, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jo‘na­tish va kiritib qo‘yishdek turli va’dalar bilan yurtdoshlarimizni chalg‘itib, kerak bo‘lsa, aldab pulini olmoqda. Bu kabi konsalting kompaniyalari orasida to‘g‘ri ma’lumot va maslahat berayotganlari ham bor. Lekin oqibatini o‘ylamay, evaziga faqat o‘z xizmat haqi uchun (1,5 mln.dan 4 mln.gacha) turli va’dalar berayotganlar, jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ukraina, Rossiya Federatsiyasi, Xitoydagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yaman, kirish imtihonlarini gaplashib beraman, faqat pulini to‘lasangiz bo‘ldi, qabili­da yo‘l tutayotganlar ham talaygina. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat ins­peksiyasiga tushayotgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar o‘z faoliyatlarini kasb-hunar kollejlari, savdo va maishiy xizmat markazlari binolarida olib bormoq­da. Aynan shu yerda o‘qishga ishtiyoqmand yoshlar va ularning ota-onalarini “qarmoq”qa ili­n­tirmoqda. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yuqoridagilardan kelib chiqib, iste’molchilar­ning huquqlarini himoya qilish, fuqarolar aldanib qolishi­ning ol­dini olish, noto‘g‘ri axborotlar­ning reklama huquqi asosida tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’lim berili­shini ta’minlash hamda kelgusida e’tiroz va noroziliklar kelib chiqishi­ning oldini olish maqsadida mazkur konsalting xizmatlari ko‘rsatuv­chi yuridik shaxslar faoliyatini nazoratga olish va noqonuniy faoliyat olib borish hollari aniqlangan taqdirda, tegishli choralar ko‘rishni so‘rab hokimliklar va huquq-tartibot idoralariga xat yo‘llagan.

Ayniqsa shu kunlarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlardagi qator oliy ta’lim muassasalari tomonidan masofadan turib (distans) yoki sirtqi ta’lim turlari bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida imtihon bilan yoki sinovlarsiz o‘qishga taklif qilishga qaratilgan reklamalar ko‘paydi. Bu kabi muassasalarda o‘qishga qiziqish bildirgan abituriyentlar va ularning ota-onalaridan ushbu ta’lim muassasalarining diplomlari yurtimizda tan olinishi bo‘yicha inspeksiyamizga ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

Odamlar, avvalo, oliy ta’lim muassasasida o‘qishni taklif etayotgan jismoniy shaxs yoki vakil, yuridik shaxsdan, birinchi navbatda, o‘sha OTM o‘z davlatida rasmiy akkreditatsiyadan o‘tkazilganmi, uning amal qilish muddati, reyting ko‘rsatkichlari, ta’lim shakli va muddati bilan, albatta, qiziqib ko‘rishlari kerak.

Bundan tashqari, masofadan turib o‘qish orqali ham diplom va’da qila­yotganlarga umuman ishonmaslik darkor. Ayni paytda O‘zbekistonda oliy ta’lim kunduzgi, kechki va sirtqi shakl­da olib borilib, amaldagi qonunchilikda oliy ta’lim olish uchun masofaviy ta’lim shakli nazarda tutilmagan. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-sonli qarori bilan bilan tasdiqlangan Nizomning 5-bob 36-bandiga asosan, xorijiy OTMlarda masofadan turib o‘qigani uchun berilgan diplomlar O‘zbekistonda tan olinmaydi.

Qator xorijiy OTMlar bakalavriat uchun 3 yil yoki undan kam muddatga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga taklif etmoqda. Yurtimizda sirtqi ta’limda o‘qish muddati 5 yil etib belgilangan bo‘lib, xorijiy davlatlarda kasbiy ma’lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma’lumot olingandan keyin) O‘zbekiston davlat ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam bo‘lsa, hujjatlarni tan olish rad etilishi belgilangan. Shuning uchun xorijiy OTMlarning bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta’lim shaklida 3 yil yoki undan kam muddatda o‘qib olingan diplomlar yurtimizda o‘tmaydi.

Abituriyentlar chet elda o‘qishni istasa, avvalo, jahondagi kuchli TOP — 1000 talikka kirgan OTMlarga ko‘proq isho­nish mumkin. Chunki bu ro‘yxat dunyo­ning yetakchi reyting agentliklari THE (Times higher education), ArWU (Academic ranking of world universities), QS (World university ranking) natijalari asosida tuzilgan bo‘lib, bu OTMlarda ta’lim sifati ta’minlanadi. Shuningdek, mazkur OTMlar tomonidan berilgan diplomlar O‘zbekistonda maxsus sinovlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi. Top—1000 talik ro‘yxatiga Rossiya Federatsiyasi­ning 27, Qozog‘istonning 5, Ukrainaning 3 ta oliy ta’lim muassasa­si kiritilgan.

Hozirgi kunda mamlakatimizda xorijiy oliy ta’lim muassasasalari, ularning filiallari, qo‘shma fakultetlar, qo‘shma dasturlar orqali oliy ma’lumot olish imkoniyati yaratilmoqda. So‘nggi 2 yilda 30 dan ortiq muassasada oliy ma’lumot olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi bilan ta’lim sohasida hukumatlararo bitimlar imzolandi. Yurtimizda ras­miy faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari­ga ishonch bildirish mumkin. M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent filiali, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivoj­lantirish instituti, Toshkent shahridagi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti fi­liali, G.V.Ple­xanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Olmaliq shahridagi Moskva po‘lat va qotishmalar instituti, Toshkent shahridagi Puchon universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti qo‘shma fakulteti, Toshkent shahridagi Yoju texnika instituti, Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti oliy maktabi kabi oliy ta’lim muassasa­lari, shuningdek, respublika oliy ta’lim muassasalarida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan kelishuvga asosan joriy qilingan qo‘shma dasturlari mavjud OTMlar shular jumlasidandir.

Mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar hisobidan xorijiy OTMlarni tugatganlar; 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy OTMlarga o‘qishga kirganlar; Yevropa sifat kafolati assotsiatsiyasi(ENQA) tomonidan akkredi­tatsiyalangan OTMlarni tugatganlar; AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining vakolatli organlari tomonidan akkreditatsiyalangan OTMlarni tugatganlar; mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan xorijiy OTMlarni tugatganlar; O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bo‘yicha xorijiy OTMlarga maqsadli o‘qishga yuborilganlarning diplomlari ham sinovlarsiz tan olinadi.

Abdurahim NOSIROV,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat
inspeksiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i