Jizzax viloyati maktablariga taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amaliy koʻmak berilmoqda
Xabaringiz bor, respublikamiz umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amaliy koʻmak berish maqsadida Respublika ishchi guruhlari barcha hududlarda faoliyat olib borishmoqda.
Ishchi guruh tomonidan Jizzax viloyatida olib borilayotgan ishlar borasida ayrim jihatlarga toʻxtalib oʻtsak. Hozirga qadar viloyatdagi umumtaʼlim maktablarda “Oila-mahalla-maktab-oliy oʻquv yurtlari” hamkorligi modelini tadbiq etish, taʼlim sifatini oshirish, 5 ta muhim tashabbus yoʻnalishlarida oʻquvchilarni toʻgaraklarga jalb etish va jamiyatda oʻqituvchilar mavqeini oshirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish ishlariga katta eʼtibor qaratildi. Shuningdek, islohotlar samaradorligini taʼminlash, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratlarini oshirish, taʼlim sifati nazoratini kuchaytirish hamda taʼlim-tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qoʻllanishi boʻyicha uslubiy-amaliy yordam berishga qaratilgan qator tadbirlar oʻtkazildi.
Xususan, vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasa rahbarlari hamda professor-oʻqituvchilaridan tarkib topgan Respublika ishchi guruhi tomonidan “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik” shiori ostida viloyatdagi 515 ta umumtaʼlim maktabida 26-marta vazir (vazir oʻrinbosarlari) soati, 42-marta rektor (prorektor) soatlari, oliy taʼlim muassasalarining rektorlari, prorektor va professor-oʻqituvchilari tomonidan 209-marta mutaxassisliklari boʻyicha mahorat darslari, 10-11 sinf oʻquvchilari bilan 324-marta seleksiya boʻyicha uchrashuvlar, 39 ta hokim (hokim oʻrinbosarlari) soati, 42-marta tadbirkor va bankirlar uchrashuvi, 53 ta madaniy va sport tadbirlari oʻtkazilib, ushbu tadbirlarda 14434 nafar pedagoglar, 125344 nafar oʻquvchilar qamrab olindi.
Dam olish kunlari viloyatning barcha shahar, tuman markazlaridagi “Ustoz va murabbiylar” xiyobonlari, istirohat bogʻlari, madaniyat saroylarida oʻqituvchilar va ularning oila aʼzolari uchun madaniy, sport tadbirlari tashkil etildi.
Taʼlim sifatini oshirish, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilariga tizimli amaliy va metodik yordam koʻrsatish maqsadida viloyatdagi tuman (shahar)larning har birida fan yoʻnalishlari (aniq fanlar, tabiiy fanlar va ijtimoiy-gumanitar) boʻyicha tayanch maktablari belgilanib, fanlar tarkibida turkumlashtirilgan holda viloyatdagi Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat politexnika instituti, Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali, viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazining professor-oʻqituvchilari tomonidan mazkur tayanch maktablarda trener-moderatorlar tayyorlash mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu ishchi guruh aʼzosi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev viloyatdagi umumtaʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishib, oʻqituvchilarining kasbiy salohiyati va mahoratini oshirish orqali taʼlim sifatini koʻtarish maqsadida pedagoglar, talabalar va oʻquvchilar bilan uchrashdi. Jizzax viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida malaka oshirayotgan pedagog kadrlar bilan oʻzaro muloqotda bugungi kunda respublikamizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar, pedagoglarning malakaviy kompitentligini oshirish, 2021-yil PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish hamda TIMSS, PIRLS xalqaro dasturlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Suhbatda oʻqituvchilarning xalqaro tadqiqotlar toʻgʻrisidagi bilim darajalari ham aniqlandi.
Shuningdek, ishchi guruh Jizzax davlat pedagogika institutida ham boʻlib, talabalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvda talabalarning talab va takliflari, taʼlim jarayonini qanday tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif va mulohazalari eshitildi.
Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev tomonidan 2021-yil PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish unda Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi, Jizzax viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqish topshirigʻi berildi. Unda hududiy malaka oshirish markazi, JDPIlarining matematika, fizika, ona tili va adabiyoti, geografiya, biologiya fanlarining bilimli xalqaro PISA tadqiqotlaridan xabardor oʻqituvchilaridan ishchi guruhlar tuzilib viloyat miqyosida umumtaʼlim maktab oʻqituvchilariga amaliy seminarlar tashkil etish vazifalari yuklandi.
Oʻrganishlar jarayonida viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatiga salbiy taʼsir etuvchi omillar ham mavjudligi aniqlandi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan viloyat xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini yangi bosqichiga koʻtarishga qaratilgan Yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati