November 19, 2019

Respublika ishchi guruhi aʼzolari Xonqalik oʻquvchilar bilan matematikadan misollar yechishdi

Xabaringiz bor, umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amaliy koʻmak berish maqsadida Respublika ishchi guruhlari barcha hududlarda faoliyat olib borishmoqda.

Ishchi guruh tashrif buyurgan navbatdagi manzil Xorazm viloyati maktablari boʻldi. Xususan, joriy yilning 19-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkentbayev, Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Avazbek Maraximov va ishchi guruhning boshqa aʼzolari Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi maktablarga 41-umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻldilar.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilari bilan boʻlgan uchrashuvlarda PISA va PIRLS kabi xalqaro tadqiqotlarning ahamiyati, ularga tayyorgarlik jarayoni hamda mamlakatimizda taʼlim sifatini adolatli va shaffof baholash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Ishchi guruh aʼzolari ishtirokida maktabdagi 8-sinf oʻquvchilari uchun kimyo fanidan master-klass tashkil etildi.

Shuningdek, 41-maktab va 48-IMIning 180 nafardan ziyod 10-11 sinf oʻquvchilari ishtirokida rektorlik soati oʻtkazildi. Avazjon Maraximov Oʻzbekiston Milliy universiteti tarixi, hozirgi kundagi mavjud fakultetlar, kelgusida tashkil etiladigan yoʻnalishlar toʻgʻrisida oʻquvchilarga soʻzlab berdi. Milliy universitet toʻgʻrisidagi videolavha namoyish etildi. Mirzo Ulugʻbek va al-Xorazmiy tomonidan qilingan kashfiyotlar toʻgʻrisida gapirib berdi. Ishchi guruh aʼzolari oʻquvchilar bilan birgalikda matematika va trigonometriyaga doir misollarni bajardi. Kelgusida yaratiladigan kvantkompyuterlar, neyrokompyuterlar yaratish uchun maktablarda taʼlim sifatini yaxshilash lozimligini taʼkidlandi.

Shuningdek, yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshish uchun koʻp bilim olish, oʻqishga boʻlgan munosabatni yanada kuchaytirish, oliy taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish, yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish, yangi texnologiyalarni yaratishda ushbu maktab oʻquvchilarining ham roli katta boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.

Ishchi guruh aʼzolari tomonidan oliy taʼlim muassasalariga kirishda nima uchun 5 ta fandan test sinovlari oʻtkazilishi, jurnalistika sohasi, chet OTMlarining diplomlari tan olinishi, xalqaro tadqiqotlarda Oʻzbekistoning ishtiroki kabi masalalarda oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati