October 15, 2020

Toshkent davlat pedagogika universiteti navbatdagi tanishuv darslarni Navoiy viloyatida o‘tkazdi.

Joriy yilning 14-oktyabr kuni Toshkent davlat pedagogika universiteti mutasaddilari navbatdagi ko‘chma tanishuv darslarni o‘tkazish maqsadida Navoiy davlat pedagogika institutida bo'lishdi.


Yangi o‘quv yilida Nizomiy nomidagi TDPUga Navoiy viloyatidan 100 dan ortiq talaba qabul qilingan. O‘tkazilgan tanishuv darsi jarayonida ularga oliy ta’lim muassasasi talabasi maqomi, o‘tiladigan darslar, muhim qoidalar, masofaviy ta’lim olish tartibotlari to‘liq tushuntirildi. Kerakli hujjatlar jamlanmasini taqdim etish bo‘yicha asosiy tushunchalar berildi.

Tanishuv darslari yakunlangach, Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan Navoiy davlat pedagogika instituti o‘rtasida yangi memorandum imzolandi. Memorandum asosida ikki oliy ta'lim muassasi o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ilmiy, o'quv va ish faoliyatlarini samarali tashkil etish tajribalarini almashishga kelishib olindi.


TDPU rektori Alisher Umarov rahbarligidagi delegatsiya viloyatga tashrifi davomida Navoiy shahridagi "Qorako‘l" maktab internatining Navoiy viloyatidagi filiali hamda Beruniy nomidagi xususiy maktabning o‘quv jarayonlari bilan tanishdi. TDPU rektori ushbu ta'lim muassasasidagi o'quvchilar bilan ingliz va rus tillarida suhbatlar olib bordi.

Ta’kidlash lozim, Nizomiy nomidagi TDPUda tanishuv darslari 14-17-oktyabr kunlari respublikaning barcha hududlarida sayyor guruhlar tomonidan jadval asosida olib borilmoqda.