May 22, 2023

“Havaskor gitara ishqibozlari” tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisida NIZOM  

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi oʻrinlarda universitet deb yuritiladi )datahsil oluvchi talaba-yoshlar oʻrtasida “Havaskor gitara ishqibozlari” tanlovini (keyingi oʻrinlarda Tanlov deb yuritiladi ) oʻtkazish tartibini belgilaydi.

II. Maqsad va vazifalari

2. Universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, har tomonlama mukammal va mustaqil fikrlaydigan, qatʼiy hayotiy pozitsiyasiga ega boʻlgan kelajak liderlari sifatida tarbiyalash, talabalarning ijodkorligini, ularning maʼnaviy dunyosini boyitish, ijodkor faoliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi qobiliyatlarini rivojlantirish.

2.1.Talaba-yoshlar orasidan iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, gitara chalish san’ati sohasida professional o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

2.3. Talaba-yoshlar o‘rtasida sahna madaniyati shakllantirish va ularni xalqaro tanlovlarga tayyorlashdan iborat.

III. Tanlovni tashkil etish

3. Tanlov universitet Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etiladi.

3.1.Tanlovda universitetning barcha talabalari ishtirok etadi.

3.2. Tanlovni tashkil etish va uni oʻtkazish universitet tashkiliy ishchi guruhi zimmasiga yuklatiladi.

IV.Tanlovni oʻtkazish tartibi

4. Tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi.

4.1. Tanlovning 1-bosqichi saralash bosqichi onlayn shaklda tashkil etiladi. Ishtirokchilar ixtiyoriy bitta asarni ijro etib onlayn tartibda https://t.me/MuhammadAminFirdavs telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali 2023-yil 26- may soat 17.00 gacha taqdim etadi. Bunda video davomiyligi 1 daqiqadan oshmasligi lozim. Ishtirokchilar tomonidan yuborilgan videolar hakamlar tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi. Shu bilan birga yuborilgan ijro ishi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiriladi hamda yig‘ilgan har bir ijobiy fikr (layk) uchun ball beriladi. Birinchi bosqichda olingan ballar 2-bosqich natijalariga qo‘shib hisoblanadi. Lekin yetarlicha ball yig‘a olmagan ishtirokchilar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.

4.2. Tanlovning 2-bosqichi universitet bosqichi hisoblanadi.

4.3. Tanlovning 2-bosqichi universitet bosqichi tantanali shou-dasturi asosida tashkil etiladi.

4.4. Ikkinchi bosqich ishtirokchilar ikkita asar ijro etadi.

1-asar. Ixtiyoriy

2-asar. Biror bir ashulaga jor bo‘lib ijro etish.

4.5. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishchi guruh tarkibiga universitet rahbar xodimlari, madaniyat va sanʼat sohasi vakillaridan iborat masʼul xodimlar (kelishuv asosida) kiritiladi.

V.Tanlovning asosiy maqsadi va vazifalari

5. Iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, gitara chalish san’ati sohasida professional o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish.

- talabalarning texnik materialni o‘zlashtirishga bo‘lgan motivatsiyasi darajasini oshirish;

- institut talabalarining ijodiy faoliyatini rag‘batlantirish;

- yosh avlodning ijodiy salohiyatini shakllantirish;

- iqtidorli va kasbiy istiqbolli talabalarni qo‘llab-quvvatlash;

- estrada jaz musiqasida gitara ijrosini saqlash va ommalashtirish;

- olti torli gitara chalishning jazz uslubini targ‘ib qilish;

- talabalarning sahna madaniyatini rivojlantirish;

- professional jaz gitara ijrochilik san’atini faollashtirish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

VI.Tanlovshartlari va baholash mezonlari

6.1. “Mohir gitara ijrochisi” tanlovi baholash mezonlari:

- asarlarning uslubi va obrazli-badiiy mazmunini ochib berish;

- ijrochining texnik mahorati;

- tovush madaniyati;

- gitaraning ifodali vositalaridan foydalanish qobiliyati;

- sahna madaniyati.

6.2. Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari 100 balllik tizimda baholanadi.

- Gran-pri ; 90 balldan 100 ballgacha

- “1 - darajali diplom”; 80 dan 89 ballgacha

- “2 - darajali diplom”; 70 dan 79 ballgacha

- “3 - darajali diplom”; 70 balldan past “tanlovda ishtirok etgani uchun”

6.3. Tanlovning hakamlar hay’ati raisi ballar teng taqsimlanganda yoki bahsli holatlarda ovoz berish huquqiga ega.

Hakamlar hay’atining har bir a’zosining bayonnomalari bo‘yicha baholar umumiy bayonnomada qayd etiladi.

6.4. Taqdirlash Tanlov natijalariga ko‘ra ishtirokchilarga I, II, III darajali diplomlar beriladi. Gran-pri, nominatsiya bo‘yicha tanlangan eng yaxshi ijrochiga beriladi.

VII. Gʻoliblarni taqdirlash

7.1.Tanlov gʻoliblarini taqdirlashni tashkil etish maqsadida Tashkiliy qoʻmitaning majlisi oʻtkaziladi hamda Tanlov natijalari eʼlon qilinadi. Tanlov gʻoliblari va sovrindorlarining roʻyxati Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.

7.2. Tanlovning 2-bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan “Havaskor gitara ishqibozlari” universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan pul mablag‘lari hamda diplom, faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.

Diplomda gʻolib ishtirokchining familiyasi, ismi, sharifi, taʼlim muassasasi kolligrafiya shaklida kompyuterda yoziladi.

7.3. Tanlov natijalari va gʻoliblarning roʻyxati tantanali taqdirlash marosimidan soʻng taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

VIII. Yakuniy qoidalar

8.1. Tanlovgadavlat va nodavlat tashkilotlar homiylik qilishlari mumkin.

8.2. Tanlovning Nizom talablari asosida ijrosini nazorat qilish tashkiliy ishchi guruh zimmasiga yuklatiladi.