#nizom #устав #charter
"Janob yurist-2022" ko'rik-tanlovi nizomi bilan tanishing.
“Janob Yurist–2022” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish
TARTIBI
1. “Janob Yurist – 2022” ko’rik-tanlovi har yili 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Toshkent davlat yuridik universiteti talaba-yigitlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
2. Iqtidorli talaba-yigitlarni aniqlash va rag‘batlantirish, iqtidorini yanada oshirish, talaba-yigitlar orasida sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, talabalarda tanlagan kasblariga bo‘lgan muhabbatni oshirish, ularni vatan taraqqiyoti va rivojlanishiga daxldorlik hissida tarbiyalash tanlovni o‘tkazishning maqsadi hisoblanadi.
3. “Janob Yurist–2022” ko‘rik-tanlovi Toshkent davlat yuridik universitetida ta’lim olayotgan talaba yigit (bakalavr, magistratura bosqichi) lari o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan talaba-yigitlar orasidan 10 nafari (har bir fakultetdan 2 nafardan) fakultet dekanlari tomonidan tanlov asosida tanlab olinadi.
4. Tanlovga birinchi bosqich talabalari ishtirok eta olmaydi. Tanlov ishtirokchilarining oxirgi semestridagi o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 75 % va undan yuqori bo‘lishi, universitet Odob-axloq kodeksi hamda ichki tartib qoidalariga rioya etgan (unga nisbattan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmagan) bo‘lishi talab etiladi.
5. Tanlov ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi.
Birinchi bosqich – Fakultet bosqichi.
Bunda har bir fakultet dekanati tomonidan tartibda ko‘rsatilgan talablar asosida tanlovning fakultet bosqichi o‘tkaziladi. Fakultet bosqichida belgilangan kurslardan
2 nafardan talabalar ishtirok etib, mazkur tartibning 6-bandida belgilangan 4 ta shart asosida o‘zaro bellashadilar. Ular orasidan eng ko‘p ball to‘plagan 2 nafar ishtirokchi tanlovning ikkinchi – universitet bosqichiga tavsiya etiladi.
Tanlovning fakultet bosqichi har yili dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.
Tanlovning ikkinchi – universitet bosqichida ishtirok etish uchun fakultetlar, tanlovning birinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, fakultet bosqichi o‘tkazilganligi bo‘yicha bayonnoma (ichida 4-5 dona jarayondan rasm), nomzodlarning ijtimoiy faolligi hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi, ichki tartib qoidalariga rioya etganligi bo‘yicha ma’lumotlarni tanlov o‘tkazilgan kunning keyingi kunida Ma’naviyat va ma’rifat markaziga taqdim etiladi.
Ikkinchi bosqich – universitet bosqichi.
Har bir fakultet bosqichidan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchi dekanatlar tomonidan taqdim etilgan tavsiyanomalar asosida tanlovning universitet bosqichida ishtirok etadi. Tanlovning universitet bosqichi yanvar oyining ikkinchi yoki uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi. Tanlov ishtirokchilari 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.
6. Tanlov shartlari.
1-shart: Tanishtiruv sharti. Bunda ishtirokchilar 7 daqiqalik vaqt reglamentiga amal qilgan holda, ijodiy yondashuv asosida o‘zlarini tanishtiradilar. Ishtirokchilar tanishtiruv davomida fakultetda yaratilgan ijobiy muhit, yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishini o‘qitishni samarali tashkil etilganligi, fakultetning afzallik tomonlari, yoshlarga oid davlat siyosatini tashkil etish qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi hamda talabaning qo‘lga kiritib kelayotgan yutuqlari qamrab olinadi.
Shartni bajarish uchun ishtirokchiga qo‘shimcha 5 nafar talaba (asosiy ijro ishtirokchida bo‘lish sharti bilan) yordam berishi, sahnaviy rollarni ijro etish huquqi beriladi. Shartni bajarish ixtiyoriy (she’r, qo‘shiq, raqs va hokazolar ko‘rinishida) bo‘lib o‘tadi.
Shart hakamlar hay’ati tomonidan 5 ballik mezon asosida baholanadi. Belgilangan muddatdan o‘tib ketgan har bir 30 soniya vaqt uchun 1 ball jarima bali belgilanadi.
2-shart: Savol-javob sharti. Ushbu shart blits savol javob orqali amalga oshiriladi. Bunda ishtirokchilarga huquqiy yo‘nalishdagi 20 tadan savollar beriladi, hamda bu shart tezkor tarzda olib boriladi. Yigitlar yashiringan konvertlardan birini tanlaydilar savollarga tezkorlik bilan javob beradilar. Shartni bajarish uchun 2 daqiqa vaqt ajratiladi. Javob berilgan savollar soniga qarab umumiy ball beriladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 0.5 ball to‘plashadi. Rus tili guruhlarida ta’lim oladigan talaba-yigitlar savollarga rus tilida javob beradilar.
3-shart: Mazkur shartda yigitlarning oilada xo‘jalik ishlarida qay darajada uddaburon ekanliklari sinovdan o‘tkaziladi. Bunda talabalar belgilangan kunda, oila hayoti va uy ro‘zg‘or bilan bog‘liq topshiriqni bajarishlari lozim. Shart uchun sirli topshiriq tanlov o‘tkaziladigan kunning o‘zida ishtirokchilarga ma’lum qilinadi. Belgilangan vazifani ishtirokchilar tomonidan sifatli va mohirona bajarilganligiga qarab 5 ballik mezonda baholanadi.
4-shart: Muammo va yechim deb nomlanadi.
Bunda har bir ishtirokchi jamiyat hayotida uchrab turadigan muammoli vaziyatlar (qonun hujjatlaridagi muammolar) ni sahnaviy ko‘rinishlar asosida ko‘rsatib beradilar, hamda ularni oldini olish yuzasidan huquqiy yechim beradilar. Sahna ko‘rinishi uchun ishtirokchiga qo‘shimcha 8 nafargacha talaba yordamchi sifatida jalb qilinishi, sahnaviy rollarni (asosiy ijro ishtirokchida bo‘lish sharti bilan) ijro etishiga ruxsat etiladi.
Shart uchun 10 daqiqalik vaqt reglamenti belgilanadi. Shart hakamlar hay’ati tomonidan 5 ballik mezon asosida baholanadi. Belgilangan muddatdan o‘tib ketgan har bir 30 soniya vaqt uchun 1 ball jarima bali belgilanadi.
7. Taqdirlash.
“Janob Yurist – 2022” ko‘rik-tanlovining fakultet bosqichida 1,2-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar fakultet dekanatlari tomonidan darajali diplom, hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.
“Janob Yurist – 2022” ko‘rik-tanlovining universitet bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchi Toshkent davlat yuridik universiteti rektori tomonidan darajali diplom, tanlov statuetkasi hamda maxsus sovg‘a bilan taqdirlanadi. Shuningdek, boshqa ishtirokchilar ham tegishli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.