November 19, 2019

Filialimizda amaliy dars mashg`ulotlari madaniy meros yodgorliklarda o`tkazilmoqda

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2019 yil 13 apreldagi 340 sonli buyrug’i ijrosi tog’risidagi Filial direktorining 2019 yil 18 apreldagi 287-У sonli buyrug’ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-2020 o’quv yilidan “Tarix (mamlakatlar va mintaqalar)” ta’lim yo’nalishi ishchi o’quv rejasi bo’yicha Mutaxassislik fanlarini ishchi dasturidagi amaliy mashg’ulotlarning kamida 30 foizini tumanga yaqin hududdagi muzeylar, tarixiy obidalar, teatrlar, ziyoratgohlar va qadamjolarda o’tkazishi rejalashtirilgan edi.


Shu munosabt bilan “Tarix (mamlakatlar va mintaqalar)” 210-guruh talabalari O`zbekiston tarix fanidan amaliy dars mashg`ulotlarini o`tkazish uchun 2019-yili 8-noyabr sanasida Denov shahar hududida joylashgan Said otaliq madrasasiga tashrif buyurishdi.

Amaliy dars davomida talabalar o’rta asrlarga tegishli yodgorlik bilan yaqindan tanishdi. Undagi qurilish usullaridan tortib hujralarning loyihaviy tuzilishi, shu davrga xos me’moriy usullarni o’z ko’zlari bilan ko’rishi talabalar uchun juda foydali bo’ldi.

Said otaliq madrasasi Surxondaryo viloyati Denov shahridagi me’moriy yodgorlik hisoblanib, XVI asrda Xo’ja Alouddin Attorga atab qurilgan. Aytishlaricha bu zot Bahouddin Naqshbandiyning kuyovlari bo’lib u kishining ikki xalfalaridan biri bo’lgan. Madrasa u kishining o’g’illari va nevaralari tomonidan 26-yil davomida qurilgan. Bu madrasa qurilish usuliga ko’ra Buxorodagi Ko’kaldosh, Mirarab madrasalariga o’xshab ketadi. Mazkur shakldagi madrasa Surxondaryoda yagonadir. Qurilishda usta Ahmat Mamat Buxoriy boshchilik qilgan. Poydevorining chuqurligi 5.5 metr. Madrasa shimoldan janubga qarab cho’zilgan to’g’ri to’rtburchak tarhli (64x46) burchaklariga guldastalar ishlangan. Peshtoqining ikki yon tomonida ikki qavatli uch ravoqli peshayvoni bor. Hovli (40x29.5) atrofida oldi chuqur ravoqli , 2 qavatli hujralar joylashgan. Pastki qavatdagi hujralar hajmi 4.75x 2.75 metr, yuqorisidagi hujralar hajmi 2.75x2.25 metr, tomi balxi gumbazli, peshtoqi va ichki xonalarida miyonsaroy ravoqlarida ganchkori bezaklar va ichki bo’rtma qobirg’asimon, muqarnas naqshlar saqlangan. Hujra derazalariga ganchdan panjaralar ishlangan. Oktyabr inqilobidan oldin madrasada 400 ga yaqin talaba tahsil olgan, ularga 33 mudarris saboq bergan. Sho’rolar tuzumi davrida madrasa yopib qo’yilgan. 1991-yildan Said otaliq madrasasida Hoji Luqmonxon Haydarxon o’g’li tashabbusi bilan islom o’rta diniy ta’limining 4 yillik ta`lim tizimi ochilgan. Ma’lum vaqt talabalar o’qitilib keyin yana yopiladi. 1956-1960 hamda 1972-1973 yillarda ilmiy o’rganilib, loyiha asosida hozirgi kunda ta’mirlanmoqda.

Maskur amaliy dars mashg`uloti talaba yoshlarga XVI-XVII asr me`morchiligi to`g`risida amaliy bilimlarini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etdi

B.Nazirov, Maktabgacha va boshlang`ich ta`lim kafedrasi Tarix fani o`qituvchisi

TerDU Denov filialining Telegramdagi rasmiy sahifasi