February 22, 2023

Vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1124-moddasida, vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozimligi belgilangan va vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar belgilab berilgan.

Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:

- notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar;

- notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar;

Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.

Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.

Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:

- notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;

- vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;

- to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar; savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar; yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.

Muallif: Termiz shahar adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti: B.Sharipov.