September 8, 2022

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasidagi kadrlar tizimi takomillashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-mart kuni PQ 187-sonli “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” Qarori qabul qilindi. Qarorda veterinariya va chorvachilik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti faoliyati ko‘lamini kengaytirish, xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish, innovatsion ta’lim va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish, ta’lim va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash maqsadida ko’plab yangiliklar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek davlat rahbarining qarorida, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetini tashkil etish rejalashtirilgan. Tashkil etiladigan universitetning vazifasi etib quyidagilar belgilangan:

- veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash;

- zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish;

- o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, veterinariya klinikasi, o‘quv va ilmiy laboratoriya, o‘quv-tajriba xo‘jaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;

- ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;

- yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish;

- o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;

- sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlarini Universitetda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga biriktirgan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;

- Universitetning yuqori bosqich talabalari hamda ilmiy izlanuvchilarining ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish;

- tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Xulosa qilib aytganda mazkur qaror orqali Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasidagi kamchilik va bo’shliqlarni to’ldirish, izchillik bilan soha taraqqiyotini yana bir pog’onaga ko’tarish maqsad qilingan.