May 10, 2022

O‘zbekiston Respublikasida Mediatsiyani huquqiy asoslari, qo‘llashning xususiyatlari va oqibatlari

Jamiyat taraqqiy etar ekan jamiyatning tashkil etgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar daavlatlar o‘zaro turli munosabatlarga kirishadilar. Bu munosabatlarni amalga oshirishda munosabat ishtirokchilari o‘rtasida turli nizolarni kelib chiqishi muqarrar. Kelib chiqqan nizolarni hal etish uchun insoniyat tarixida turli usullardan foydalanishgan. Nizolarni tinch yo‘l bilan kelishish orqali, kuch ishlash orqali va huquqiy usullar orqali hal etilgan.

Nizolarni huquqiy usullar bilan hal etish  sudga, hakamlik sudlariga murojaat etish orqali hal qilinadi. Nizolarni odil sudlov tizimidan tashqarida ham hal etish mumkin. Bu nizolarni muqobil hal etish usullari hisoblanadi. Huquqiy adabiyotlarda va amaliyotda nizolarni muqobil hal etish bir necha usullari ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan muzokara, yarashuv,hakamlik, arbitraj, talabnoma tartibi, mustaqil ekspertlar xulosasi va mediatsiya tartib taomillari ko‘rsatib o‘tilgan.

Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishish uchun ixtiyoriy roziligi asosida Mediator ko‘magida hal etish usulidir.

Mediatsiya rivojlangan  xorijiy davlatlar huquqiy tizimida nizoni sudgacha olib bormasdan muqobil yo‘l bilan hal qilish uchun keng ko‘llanib kelinmoqda.

O‘zbekison Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi va ko‘pgina qonunlarimizga mediatsiya bilan bog‘liq qoidalarning kiritilishi bizning respublikamizda ham nizolarni muqobil yo‘l bilan sudgacha hal etish uchun huquqiy zamin yaratib berdi.

Qonunning 3 moddasida qaysi munosabatlar tatbiq etilishi belgilab berildi. Ushbu Qonunning amal qilishi fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek yakka mehnat nizolariga va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.

Shu o‘rinda “mediatsiya qaysi holatlarga tatbiq etib bo‘lmaydi?”- degan savol tug‘iladi.  Qonun  mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonunga ko‘ra, mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Mediatsiya ishtirokchilari mediatsiya jarayonida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni ularni taqdim etgan mediatsiya tarafining, uning huquqiy vorisining yoki vakilining yozma roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.

Mediatsiya ishtirokchilari o‘zlariga mediatsiya jarayonida ma’lum bo‘lib qolgan holatlar haqida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas, shuningdek ulardan mediatsiyaga taalluqli axborotni talab qilib olish mumkin emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Mediatsiya taraflarning mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda ifodalangan o‘zaro ixtiyoriy xohish-istagi bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi.

Mediatsiya taraflari mediatsiyani qo‘llashdan uning istalgan bosqichida voz kechishga haqli. Taraflar o‘zaro maqbul kelishuvni muhokama qilish uchun masalalarni tanlashda erkindir. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish vaqtida yarashishga majburlash taqiqlanadi.

Mediatsiya tartib-taomili mediativ kelishuv shartlariga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishni istisno etgan holda amalga oshirilishi kerak.

Mediatsiya tartib-taomili nizo xususida taraflarning hamkorligi asosida o‘zaro maqbul qarorga erishish maqsadida amalga oshiriladi.

Mediatsiya taraflari mediatorni, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibini, mediatsiya tartib-taomilidagi o‘z nuqtai nazarini, bu nuqtai nazarni himoya qilish usullari va vositalarini tanlashda, axborot olishda, mediativ kelishuv shartlarining o‘zaro maqbulligini baholashda teng huquqlardan foydalanadi hamda ularning zimmasida teng majburiyatlar bo‘ladi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediator mustaqildir. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediatorning faoliyatiga biror-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mediator xolis bo‘lishi, mediatsiya tartib-taomilini taraflarning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishi va mediatsiyada ularning teng ishtirokini ta’minlashi, taraflarga o‘z majburiyatlarini bajarishi hamda o‘zlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi kerak. Mediatorning mustaqilligi va xolisligiga to‘sqinlik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, u mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishdan voz kechishi kerak.

Kimlar mediator bo‘laoladi? Mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin. Professional asosdagi mediator faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkin. Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin.

Kimlar mediator bo‘laolmaydi?  Davlat vazifalarini bajarish uchun vakolat berilgan yoki unga tenglashtirilgan shaxs, bundan notariuslar mustasno, muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs,  sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs, o‘ziga nisbatan jinoiy ta’qib amalga oshirilayotgan shaxs mediator bo‘la olmaydi.

Mediatsiya qachon qo‘llaniladi? Mediatsiya suddan tashqari tartibda, nizoni sud tartibida ko‘rish jarayonida, sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga qadar, shuningdek sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida, shuningdek,  nizoni hakamlik sudida ko‘rish jarayonida hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.

Mediatsiya sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida qo‘llanilgan taqdirda faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi mediatorning albatta ishtirok etishi talab etiladi.

Mediatsiya qanday bosqichlarda amalga oshiriladi? –

1.      Taraflar nizoni suddan tashqarida ixtiyoriy hal etish hoxish-istagini bildirishi

2.      Mediatorni tanlash va maslahatlashish

3.      Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risida kelishuv tuzish

4.      Mediativ muzokaralar olib borish

5.      Nizoni hal etish uchun ma’qul variantlarni ishlab chiqish

6.      Mediativ kelishuvni imzolash

7.      Mediativ kelishuvni ixtiyoriy ijro qilish

Mediatsiya tartib-taomili mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida taraflar tomonidan kelishuv tuzilgan kundan e’tiboran boshlanadi. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda tuziladi.

Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda da’vo muddatining o‘tishi to‘xtatib turiladi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun taraflar o‘zaro kelishuvga ko‘ra bir yoki bir necha mediatorni tanlaydi. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi, qoida tariqasida, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvda belgilanadi.Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda mediator o‘zining harakatlari bilan biror-bir tarafni ustun holatga qo‘yishga, xuddi shuningdek taraflardan birining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklashga haqli emas.

Mediatsiya tartib taomilini amalga oshirish muddati belgilanganmi?

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvda belgilanadi. Bunda mediator va taraflar mediatsiya tartib-taomili o‘ttizkundan ortiq bo‘lmagan muddatda tugallanishi uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishi kerak. Zarur bo‘lgan taqdirda, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati taraflarning o‘zaro roziligi bilan o‘ttiz kungacha uzaytirilishi mumkin. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati ko‘pi bilan o‘nbeshkunni tashkil etadi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha taraflar kelib chiqqan nizo yoxud majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari xususida o‘zaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, taraflar o‘rtasida yozma shaklda mediativ kelishuvtuziladi.

Mediativ kelishuv uni tuzgan taraflar uchun majburiy kuchga ega bo‘lib, ushbu kelishuv unda nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda bajariladi.

Mediativ kelishuv bajarilmagan taqdirda taraflar o‘z huquqlari himoya qilinishini so‘rab sudga murojaat etishga haqli.

Amaliyotda davlat organi yoki boshqa organ tomonidan qaysi shaxsning manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etish holatlari ko‘p uchraydi. Xo‘sh, bunday holatlarda ham mediativ kelishuv tuzish mumkinmi? Qonunda davlat organi yoki boshqa organ tomonidan qaysi shaxsning manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs mazkur davlat organining yoki boshqa organning ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli ekanligi belgilangan. Prokurorning da’vosi bilan ish qo‘zg‘atilgan holatlarda ham taraflar prokurorning ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda, vakolatli davlat organi ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlashi mumkin. Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilgan taqdirda, uni amalga oshirish davrida ijro ishini yuritish to‘xtatib turiladi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida davlat organining bevosita aralashuvi taqiqlanadi.

Sud muhokamasi jarayonida, nizoni vakolatli davlat organida ko‘rish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv tegishli ish qaysi sud yoki vakolatli davlat organining ish yurituvida turgan bo‘lsa, darhol o‘sha sudga yoki vakolatli davlat organiga yuboriladi.

Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv ijro hujjati o‘z ish yurituvida bo‘lgan davlat ijrochisiga darhol yuboriladi.

Davlat organi ishtirokida nizo kelib chiqqan taqdirda, davlat organi mediatsiyani qo‘llash bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak.

Sudda ish qo‘zg‘atilganidan keyin mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilganda IPK 101- moddasining 6-bandiga muvofiq sud ish yuritishni to‘xtatib turadi. Ish yuritish mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tugagunga qadar, biroq oltmish kundan ortiq bo‘lmagan muddatda to‘xtatib turiladi.

Nizo mediativ kelishuv bilan mediatsiya tartibida hal qilingan taqdirda, to‘langan davlat boji qaytariladi. Biroq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida mediativ kelishuv tuzilgan hollarda davlat boji qaytarilmaydi.

Mediatorga haq to‘lash tartibi qanday amalga oshiriladi?

Qonunga ko‘ra, professional asosdagi mediatorning faoliyati haq evaziga yoki tekin amalga oshirilishi mumkin. Noprofessional asosdagi mediatorning faoliyati tekin amalga oshiriladi. Noprofessional mediatorga uning mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bog‘liq holda qilgan xarajatlarining, shu jumladan nizoni ko‘rib chiqish joyiga borib kelish uchun yo‘l haqi, yashash va ovqatlanish xarajatlarining o‘rni qoplanishi mumkin. Haq to‘lash va xarajatlarning o‘rnini qoplash taraflar tomonidan, agar ular boshqacha qoida haqida kelishib olmagan bo‘lsa, teng ulushlarda amalga oshiriladi.

Mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishni rad etgan taqdirda, u mediatsiya taraflari tomonidan o‘ziga to‘langan pul mablag‘larini qaytarib berishi shart.

Mediatsiya jarayoni qachon tugatiladi?

Mediatsiya -taraflar tomonidan mediativ kelishuv tuzilganligi, nizo xususida o‘zaro maqbul bo‘lgan qarorga erishish imkoniyati yo‘qligi, mavjud ixtiloflar bo‘yicha kelishuvga erishmay turib mediatsiyani tugatish to‘g‘risida taraflarning kelishuvi tuzilganligi (mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida yozma kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda), biror-bir tarafning mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishni ma’lum qilganligi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari o‘tganligi holatlarida tugatiladi.

Mediatsiya tartib taomilida nizoni xal qilishning sudda hal qilishdan afzalliklari va farqlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi.

-Mediatsiya ikki tarafning roziligi bilan amalga oshiriladi, sud jarayonida nizo bir tarafning roziligisiz boshlanadi.

-Mediatsiyada mediatorni taraflar tanlaydi, sudyani tanlash mumkin emas.

– Mediatsiyada taraflar o‘z manfaatidan kelib chiqib bir qarorga kelishadi, sud qonunga asoslanib qaror qabul qiladi.

-Mediatsiya kelishuv ixtiyoriy ijro etiladi, sud qarorni majburiy ijroga yo‘naltirishi mumkin.

-Mediatsiya tez va yengil jarayon, sud jarayoni murakkab, juda ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanishini talab qiladi.

-Mediatsiya maxfiy jarayon bo‘lsa, sud oshkora amalga oshiriladi.

-Mediatsiyada taraflar hamkorlik qiladi va do‘stona munosabatni saqlab qoladi. Sud jarayonida taraflar tortishadi, nizoli holat keskinlashadi.

Xulosa qilib aytganda mediatsiya institutini joriy etilishi,  mediativ tartib taomili bo‘yicha nizolarni hal etish,  fuqarolik, mehnatga oib, iqtisodiy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishda, sudlarda nizoli ishlar hajmini kamaytirishda, taraflarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’milashda muhim rol egallaydi deb hisoblayman.

Termiz shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti

Nazarov Voxid Raxmonberdievich