Men vaksina oldim, Sizchi!
Barchangizga ma’lumki, 2021 yil 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5168-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur Qarorga asosan, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab Respublikaning hamma tuman (shahar)larida hududiy Adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari o‘z faoliyatlarini boshladi va davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ma’lumot va jarayonlarni elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish imkonini beruvchi "Ye-huquqshunos" elektron tizimi joriy etildi.
Surxondaryo viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i tomonidan joriy yilning 03-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etilib o‘z faoliyatini boshlaganligi va ushbu yangi tuzilma xodimlari ham “Covid-19” infeksiyasiga qarshi emlanishi hamda vaksina olishi bo‘yicha topshirishqlar bergan edi. Ushbu topshiriq ijrosi bo‘yicha Termiz shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari ham vaksinatsiya olishdi.
2021 yil 3 avgustda qabul qilingan qonun bilan Mehnat kodeksiga hamda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Mehnat kodeksining 113-moddasida karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda xodim ishdan chetlashtirilishi mumkin.
Ishdan chetlashtirish masalasiga keladigan bo‘lsak, bu Mehnat kodeksining 113-moddasi bilan mustahkamlangan alohida talablar hisoblanadi. Ishdan chetlashtirish – bu ish beruvchining shunday tashabbusli harakatiki, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga to‘sqinlik qiladigan sabablar tufayli o‘sha sabablar bartaraf etilmaguncha, xodimni ishga qo‘ymaydi.
Ishdan bo‘shatish esa xodim bilan uzil-kesil aloqani uzish, uni ishlab turgan ishidan to‘laqonli mahrum qilish hisoblanadi.
O‘zini, jamoasini hurmat qilgan xodim hech qachon ishdan chetlashtirishga yoki ishdan bo‘shatishga sabab bo‘ladigan salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaydi. Barchangizdan mehnat intizomiga rioya qilishingizni iltimos qilib qolgan bo‘lar edik.