August 11, 2022

Xorijda pul topaman deb jinoyat yo‘ligi kirib qolmang!

Ma’lumki hozirgi kunda Ukraina Respublikasi hududida Rossiya Federatsiyasi tomonidan harbiy harakatlar olib borilmoqda.Mazkur harbiy harakatlarga xorijiy davlatlarning fuqarolarini ma’lum haq evaziga jalb etgan holda ko‘nggilli batalonlar tuzish va ularni qurolli to‘qnashuv o‘choqlariga yo‘naltirish harakatlari faol olib borilmoqda.

Shu o‘rinda vatandoshlarimizni mo‘may daromadga uchib, boshqa davlatlarning hududida harbiy harakatlarga qatnashmasligini va xorijiy davlatlarning huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilmaslikka haqida ogohlantiramiz.

Ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga asosan jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jumladan,

- Yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (154-modda 1-qismi).

- Yollanma shaxsni yollash, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta’minot berish, xuddi shuningdek undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish — yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (154-modda 2-qismi).

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi —bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi (154-1-modda 1-qismi).

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (154-1-modda 2-qismi).

Termiz shahar adliya bo‘limi yuridik

xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i

3-darajali adliya maslahatchisi M.Turdiev