Kam taʻminlangan oilalarga beriladigan nafaqalar va moddiy yordam (3 yoshgacha va 18 yoshgacha bola nafaqasi) haqida bilasizmi?
Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o'n sakkiz yoshga to'lgan oyning oxirigacha to'lanadi.
Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta bo'lgan oilalarga va yakka-yolg'iz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi va to'lanadi.
Agar bir oilada tug'ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan bolalar egizak bo'lsa, ularning biri yoshi 3 yoshgacha bo'lgan kichik bola, keyingilari mos ravishda ikkinchi, uchinchi yoki to'rtinchi hisoblanadi.
«Yagona reestr» AT orqali kam taʻminlangan deb eʻtirof etilgan oilalar (shaxslar) qo'shimcha hujjatlar va maʻlumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko'rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.
Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlardan foydalanish va imtiyozlarni olish uchun «Yagona reestr» AT orqali kam taʻminlangan deb eʻtirof etilgan oila (shaxs)ga O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 3 daqiqa ichida maʻlumotnoma taqdim etiladi. Ushbu maʻlumotnoma oila (shaxs) «Yagona reestr» AT orqali kam taʻminlangan deb eʻtirof etilgan oydan boshlab o'n ikki oy davomida amal qiladi.
Agar bitta oila so'nggi 12 oy davomida ketma-ket «Yagona reestr» AT orqali bir necha marotaba kam taʻminlangan deb eʻtirof etilgan bo'lsa, bunda maʻlumotnomaning amal qilish muddati ushbu oila oxirgi marotaba kam taʻminlangan deb eʻtirof etilgan oydan boshlanadi.
Oila (shaxs) «Yagona reestr» AT orqali kam taʻminlangan deb eʻtirof etilganligi to'g'risidagi maʻlumotnoma Nizomning 1a-ilovaga muvofiq sxema bo'yicha taqdim etiladi.
Termiz shahar yuridik xizmat korsatish markazi bosh yuriskonsulti - Dilshod Shukurov