July 13, 2023

Chet elda vafot etgan O'zbekiston fuqarolarining o'limini qayd etish tartibi:

Chet elda vafot etgan O'zbekiston fuqarolarining o'limini qayd etish marhum yashab turgan yoki o'lim sodir bo'lgan joydagi O'zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Shaxs xorijiy davlat hududida vafot etgan taqdirda, vafot etgan shaxsning uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) yoki xokini O'zbekiston Respublikasi hududida dafn etishni tashkil etishda O'zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek o'z faoliyat turiga ko'ra shunday hollarda zarur xizmatlar ko'rsatuvchi boshqa yuridik shaxslar ko'maklashadi. O'limni qayd etish uchun konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

xorijiy tibbiy xulosa yoki o'lim haqidagi guvohnoma (maʻlumotnoma);
pasporti, yo'l hujjati yoki vafot etganning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, yoxud ularning nusxasi;
16 yoshgacha vafot etgan shaxslar uchun — pasport, yo'l hujjati yoki tug'ilganlik haqida guvohnoma.
Vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) yoki xokini O'zbekiston Respublikasiga transportda tashish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish uchun konsullik muassasasiga quyidagilar taqdim etiladi:

xorijiy davlat vakolatli organlarining jasadni (saqlanib qolgan tana qismlarini) yoki xokini transportda tashish va mamlakatdan olib chiqish bo'yicha ruxsatnomasi;
yo'l-transport hodisasi (YTH) yoki huquqbuzarlik oqibatida o'lim yuz berganda — vakolatli organ vakili tomonidan voqea joyida tuzilgan bayonnoma yoki xulosa;
yuqumli kasallik mavjudligi (mavjud emasligi) to'g'risida maʻlumotnoma;
transportda tashish uchun zarur bo'lgan boshqa hujjatlar (mavjud bo'lsa).

Termiz shahar yuridik ximat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti - Dilshod Shukurov