Mehnatga layoqatsizlik varaqasi va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining qanday farqlari bor?
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi va mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasining qanday farqlari bor? Mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasiga ham bolnichniy puli to’lab beriladimi?
“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma ko'ra
❗️Mehnatga layoqatsizlik varaqasi shaxsni ishdan ozod qilish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi yoki homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lash uchun asos bo‘ladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Fuqarolarning kasalligi, shikastlanganligi, homiladorligi, tuqqanligi, oilaning betob a’zosini parvarishlaganligi, protez qo‘ydirganligi, sanatoriy-kurortda davolanganligi, shuningdek sog‘lig‘i holatiga ko‘ra boshqa ishga o‘tkazish uchun va karantin tufayli mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertiza qilish natijalariga ko‘ra aniqlangan mehnatga vaqtincha layoqatsizligi mehnatga layoqatsizlik varaqasi bilan tasdiqlanadi.
❗️Mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi shaxsni ishdan (o‘qishdan) ozod qilish uchun asos bo‘ladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat hisoblanadi.
Quyidagilar mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadi👇
o‘quvchi, talaba, magistrant, klinik ordinator va katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning o‘qishga vaqtincha layoqatsizligi;
alkogolga qaramlik natijasidagi kasalliklar va jarohatlar, shuningdek mastlik natijasida olingan jarohatlar;
xodimlarni davriy profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi;
harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni ambulatoriya yoki statsionar sharoitda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi;
kasallikning kelib chiqishi kasb bilan bog‘liqligini aniqlash yuzasidan tekshiruv o‘tkazilganligi;
ayblanuvchi yoki sudlanuvchining sud ajrimi bilan tibbiy muassasaga joylashtirilganligi;
ambulatoriya sharoitida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning parvarishga muhtojlik davri o‘n to‘rt kalendar kundan oshganligi.
Shuningdek, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 10-bandiga ko’ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini tayinlash uchun faqat belgilangan tartibda berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi.
Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilsak, mehnatga layoqatsizlik ma’lumotnomasi (справка о нетрудоспособности) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini tayinlash uchun asos hisoblanmaydi.
Termiz shahar yuridik ximat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti - Sanjar Akramov