Farzandlikka olish tartibini bilasizmi?
Farzandlikka olish haqida o‘zgartirishlar kiritish sudning hal qiluv qarori asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organida, farzandlikka olingan bolaning tug‘ilgan joyi o‘zgartirilganda esa — hal qiluv qarorida ko‘rsatilgan joydagi FHDY organida, hal qiluv qarorida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, farzandlikka oluvchilarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi yozuvlar daftariga zarur o‘zgartirishlar FHDY organlari tomonidan, farzandlikka olish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida kiritiladi. FHDY organiga ko‘rsatib o‘tilgan muddat tugagandan keyin murojaat qilingan taqdirda, sud qarorida ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotmaganligi haqida yozuv bo‘lishi kerak.
Farzandlikka olishni rasmiylashtirishda FHDY organiga:
sudning qonuniy kuchga kirgan farzandlikka olish haqidagi qaroridan ko‘chirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
farzandlikka oluvchi(lar)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
Sudning hal qiluv qarori kelib tushgan vaqtiga ko‘ra maxsus daftarda qayd etiladi va alohida yig‘majildga xronologik tartibda tikib qo‘yiladi.
FHDY organi sudning hal qiluv qarori va farzandlikka oluvchilarning hujjatlari asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi, tug‘ilganlik haqidagi yangi guvohnoma va, zarur bo‘lganda, farzandlikka olinganligi haqida ma’lumotnoma beradi.
Termiz shahar FHDY bo'limi 1-toifali inspektori - Jurayeva Mehriniso