Bolalarni sog'lomlashtirish tizimi takomillashtiriladi.
Prezidentning 14.06.2023 yildagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog'lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi PF-95-son Farmoni qabul qilindi.
Bolalar oromgohlari faoliyatini yagona tizim asosida yo'lga qo'yish, ularning moliyaviy holatini yaxshilash va oromgohlarga yoshlarni jalb etish qamrovini kengaytirish maqsadida 65 ta bolalar oromgohlari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimiga o'tkazilib, boshqa tashkilotlar tizimida bo'lgan 35 ta bolalar oromgohlarini sotish yoki faoliyat turini o'zgartirishni taqiqlashni nazarda tutuvchi ro'yxat tasdiqlandi, Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog'lomlashtirish masalalari bo'yicha respublika komissiyasi tashkil etildi.
Bolalar oromgohlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Prezidentning ayrim hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda:
ayrim bolalar sog'lomlashtirish oromgohlari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi balansiga o'tkazilganligi hamda ayrimlarini sotish yoki faoliyat turini o'zgartirish taqiqlanganligi;
Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni taʻminlash bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi guruh negizida Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog'lomlashtirish masalalari bo'yicha respublika komissiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish;
taʻtil paytlarida bolalarning maroqli dam olishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda bolalar oromgohlarini moliyaviy sog'lomlashtirish.
Eslatib o'tamiz, Soliq kodeksiga muvofiq:
sanatoriy-kurort, sog'lomlashtirish xizmatlarini, shuningdek, byudjet tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizasiya qilish bo'yicha aylanmalarga QQS solinmaydi;
sport va jismoniy tarbiya-sog'lomlashtirish majmualari, o'quv-mashq bazalari va bolalar-sog'lomlashtirish oromgohlari egallagan erlarga er solig'i solinmaydi;
notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan obyektlar mol-mulk solig'i bo'yicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Termiz shahar yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti - V. Nazarov