July 7, 2023

Yosh bolasi borlar uchun qanday qo'shimcha mehnat kafolatlari bor?

Mehnat kodeksining 401-moddasiga ko'ra, 12 yoshga to'lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki 16 yoshga to'lmagan nogironligi bo'lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o'rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida 4️⃣ kalendar kun bo'lgan haq to'lanadigan qo'shimcha taʻtil beriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taʻtil yillik mehnat taʻtiliga qo'shib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda ushbu taʻtildan alohida (to'liq yoxud qismlarga bo'lib), lekin faqat tegishli ish yili davomida foydalanilishi mumkin. Ushbu taʻtilni keyingi ish yiliga ko'chirishga yoki uni pulli kompensasiya bilan almashtirishga yo'l qo'yilmaydi.

❓Ushbu qo'shimcha taʻtildan ham ota, ham ona birdek foydalanishi mumkinmi yoki ona hech qaerda ishlmasa ota ushbu kafolatdan foydalanishi mumkinmi kabi savollar paydo bo'lishi tabiiy. Bu kabi savollarga ham yangi kodeksda javob bor.

⚠️ Demak, Mehnat kodeksining 410-moddasiga ko'ra (Oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg'ul shaxslardan biriga kafolatlar berish sharti), ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg'ul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qo'shimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg'ul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganligini tasdiqlovchi hujjatni (ish joyidan maʻlumotnomani, o'lim to'g'risidagi guvohnomani, ona va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg'ul boshqa shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to'g'risidagi qonuniy kuchga kirgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorini va hokazolarni) ish beruvchiga ish joyi bo'yicha taqdim etishi kerak.

❌ Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg'ul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.

Termiz shahar yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuristkonsuli - Behruz Sharipov