Интересные статьи
February 14

Zahiriddin Muhammad Bobur.

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevralda Andijonda tavallud topgan. U buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir sifatida tarixda katta iz qoldirgan. Bobur Temuriylar sulolasining vakili bo‘lib, yoshligidanoq ilm-fan, harbiy ishlar va adabiyotga katta qiziqish bildirgan. Uning otasi Umarshayx Mirzo Farg‘ona hokimi bo‘lgan, onasi esa aqlli va dono ayol Qutlug‘ Nigorxonim edi.

Boburning hayoti murakkab va sinovlarga to‘la bo‘lgan. U 12 yoshidanoq Fargona taxtini egallagan, biroq hududni mustahkamlash va uni saqlab qolish oson bo‘lmagan. U bir necha bor Samarqandni egallashga harakat qilgan, lekin ohir-oqibat Movarounnahrdan voz kechishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng, Bobur o‘z qo‘shini bilan janubga qarab yo‘l olgan va 1526 yilda Panipat jangida g‘alaba qozonib, Hindistonda Boburiylar saltanatiga asos solgan. Bu davlat keyingi uch asr davomida Hindistonning siyosiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynagan.

Bobur nafaqat yirik sarkarda, balki iste’dodli shoir va yozuvchi ham edi. Uning mashhur Boburnoma asari tarixiy va adabiy ahamiyatga ega bo‘lib, u o‘zining hayoti, urushlari, tabiat va insoniy fazilatlar haqida batafsil yozib qoldirgan. Bundan tashqari, Bobur she’riyatda ham katta iz qoldirgan bo‘lib, uning g‘azal va ruboiylari o‘zbek adabiyotining durdonalaridan hisoblanadi.

Bugun, 14 fevral – Boburning tug‘ilgan kuni. Bu sana nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda va Hindistonda ham eslanadi. Boburning boy madaniy merosi, uning davlat boshqaruvidagi xizmatlari va adabiyotga qo‘shgan hissasi tarix sahifalarida mangu qoladi.

✍️Kamalova Jamola.

🖋️Rustamov Akbar.