OYAT UL-KURSIY
“OYAT UL-KURSIY"
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har narsaning sanami – ko‘zga ko‘ringan joyi bo‘ladi. Baqara surasi Qur’onning sanamidir. Unda bir oyat bor. O‘sha oyat Qur’on oyatlarining sayyidasidir. U - “Oyatul Kursiy”, - dedilar”.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey, Abu Munzir! Allohning Kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi ekanini bilasanmi?” dedilar. “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. “Ey, Abu Munzir! Allohning Kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi ekanini bilasanmi?” dedilar. “Allohu laa ilaha illaa huu al-Hayyul Qoy-yum”, dedim. Shunda u zot ko‘ksimga urib: “Allohga qasamki, senga ilm muborak bo‘lsin, ey Abu Munzir”, dedilar”.
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifdan Qur’oni Karimdagi eng ulug‘ oyat “Oyatul Kursiy” ekanini bilib olamiz. Chunki, bu oyati karima Alloh taoloning O‘ziga xos bo‘lib, unda U zotning go‘zal ismlari, oliy sifatlari zikr qilingandir.
1. “Oyatul Kursiy”ni uyidan chiqayotganda o‘qigan odam qaytib kelguncha Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi.
2. “Oyatul Kursiy”ni hovlisida o‘qigan odamning uyiga shaytonlar va sehrgarlar kirmaydi.
3. “Oyatul Kursiy”ni uyquga yotish oldidan o‘qigan odamni Alloh taolo o‘zini ham, qo‘shnisini ham, qo‘shnisining qo‘shnisini ham omonda saqlaydi.
“Oyatul Kursi”ning xosiyatlari juda ham ko‘p. Hadisi shariflarda shunday deyiladi:
“Oyatul Kursi oyatlarning sayyididir. Bir joyda o‘qilsa, shayton u yerda tura olmaydi, albatta, qochadi.”(Hokim rivoyati)
“Oyatul Kursi Qur’oni karimning to‘rtdan biridir”.(Abu Shayx rivoyati)
“Fotiha bilan “Oyatul Kursi”ni o‘qigan odamga shu kuni jin va shayton zarar yetkaza olmaydi, ko‘z tegmaydi.”(Daylamiy rivoyati)
“Yotar mahali Oyatul Kursi”ni o‘qigan kishiga shayton yaqin kelolmaydi.”(“Shavohid-un-nubuvva”dan)
“Har bir farz namozidan keyin “Oyatul Kursi”ni o‘qigan odam uchun Jannatga kirishiga o’limdan boshqa hech qanday to‘siq yo‘q”(Nasoiy, Ibn Xibbon, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyatlari)
Uyidan chiqayotganida “Oyatul Kursi”ni o‘qigan kimsaga uyiga qaytgunicha yetmish farishta istig‘for va duo aytadi. Ulovga minganida ham “Oyatul Kursi”ni o‘qish ofat va balo-qazolardan saqlaydi.
“Oyatul Kursi”ni ixlos bilan o‘qigan odamning inson bilan jonivor haqlaridan, farz qarzlaridan bo‘lak butun gunohlari kechiriladi. Ya’ni tavbalari qabul bo‘ladi”.(“Islom axloqi” kitobidan)
Hazrati Ali “Qabr azobidan qutilish uchun “Oyatul Kursi”ni ko‘p o‘qish kerak” deb aytganlar. ( “Zuhratur-Riyaz” kitobidan)
“Kimki namozdan so‘ng “Oyatul Kursi”ni o‘qisa, shu oyat to‘xtamasdan Arshi a’logacha ko‘tarilib “Yo Robbi! Meni o‘qigan bandangni kechirgin!” deydi. Haq taolo makondan munazzah holda “Ey farishtalarim! Guvoh bo‘linglar, namozdan keyin “Oyatul Kursi”ni o‘qigan qulimni kechirdim” deb buyuradi”.
“Farz namozni tugatgandan keyin bir marta “Oyatul Kursi”ni o‘qib, o’ttiz uch marta “Subhonalloh”, o’ttiz uch marta “Alhamdulillah” va o’ttiz uch marta “Allohu akbar” hamda bir marta “La iloha illallohu vahdahu la sharika lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodir” degan odamning gunohlarini Allohu taolo kechiradi”.
Imom Dorimiy rivoyat qiladilar, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Kim Baqara surasidan o‘n oyatni – avvalidan to‘rt oyat, “Oyatul Kursiy” va undan keyingi ikki oyat hamda oxiridan uch oyatni kechasi o‘qisa, o‘sha uyga shu kechasi shayton kirmaydi”, deganlar.
Imom Nasaiy Abu Umomadan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim har farz namozdan keyin “Oyatul Kursiy”ni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos”, deganlar.
Ya’ni, o‘lmagani uchun jannatga kirmay turadi. Agar vafot etsa, uni jannatdan to‘sadigan hech narsa qolmaydi, deganidir.
Bu muborak oyati karimaninafaqat namozdan keyin, balki doim uqib, uning ma’nolarini fahmlab, fazilatlaridan bahramand bo’lishimizni Alloh azza va jalladan so’rab qolamiz.