September 6

07 – Javohir Niyozov

Toshkent, 21 yoshli grafik dizayner. Grafik dizayn sohasida 6 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Asosan YouTube muqovalari dizayni yo‘nalishida faoliyatini olib boradi.

Ijtimoiy tarmoqlari: Pinterest // Telegram

Tanlangan dizayn

Topshiriq

UzChess loyihasida YouTube menejeri sifatida ishlaganim sababli, kontent uchun topshiriqlarni ham o‘zim shakllantirardim. Navbatdagi video shaxmat olamida so‘nggi bir oy davomida grossmeysterlar reytingida yuz bergan o‘zgarishlarni tahlil qilishga bag‘ishlangan edi. Shu sababli, video davomida tilga olingan grossmeysterlarni muqovada reytingdagi holati va videoning umumiy kayfiyatiga mos tarzda aks ettirish kerak edi.

Ilhom manbalari

Muqovani yaratishda kayfiyatni ranglar orqali yetkazish usulidan foydalandim. Bu yondashuvni avval ko‘proq kino haqidagi kontentlarda uchratardim: masalan, bir tomonda past kassa va reyting natijalarini qayd etgan premyeralar, ikkinchi tomonda esa aksincha, muvaffaqiyatli natija ko‘rsatgan filmlar tasvirlanadi.

Shu g‘oyadan kelib chiqib, men ham muqova dizaynini ikki qismga ajratishga qaror qildim. Har bir qism orqali grossmeysterlarning reytingdagi holati va umumiy kayfiyatini vizual tarzda qarama-qarshi ko‘rsatish maqsad qilingan edi.

Ish jarayoni

Jarayondagi asosiy muammolardan biri shaxmatchilarning muqova kayfiyatiga mos va sifatli rasmlarini topish edi. Buning uchun asosan Flickr.com saytidan foydalanaman. Ushbu platformada shaxmatchilarning turnir davomida turli holat va emotsiyalarda olingan ko‘plab sifatli suratlarini topish mumkin.

Video davomida o‘zbekistonlik shaxmatchilarning reytingda sezilarli darajada yuqoriga ko‘tarilgani va bir qator muhim natijalarga erishgani ta’kidlangan edi. Shu sababli muqovaning markazida kontent yaratuvchisining ijobiy kayfiyatdagi suratidan foydalanish kerak edi. Menga taqdim etilgan rasmlar konsepsiyaga yetarlicha mos kelmagani uchun, kerakli variantni Magnific orqali qayta ishlab chiqdim va kompozitsiyada ikki qarama-qarshi qismni bir-biridan ajratib turuvchi markaziy element sifatida joylashtirdim.

Photoshop'da kerakli rasmlar, fon va boshqa vizual elementlarni bir kompozitsiyaga yig‘ib bo‘lgach, tayyor dizayn sifatini Magnific'dagi Image Upscale funksiyasi yordamida oshirdim. Yakuniy bosqichda esa Camera Raw orqali ranglar, kontrast va umumiy tonal balansni sozlab, muqovani yanada ko‘zga yoqimli holatga keltirdim.

Qurilmalar:

  • Protsessor: Intel Core i5-12400F, 12-avlod, 2.50 GHz
  • Operativ xotira: 16 GB RAM, 3200 MHz
  • Videokarta: NVIDIA GeForce RTX 3060, 12 GB
  • Xotira: 2 TB
  • Asosiy monitor: Samsung Odyssey G40B 240Hz
  • Qo'shimcha monitor: Samsung C24F390 60Hz
  • Klaviatura: Aula F75
  • Sichqoncha: Attack Shark R6

Dasturlar va instrumentlar:

  • Photoshop: umumiy tahrirlash uchun
  • Flickr: shaxmatchilar rasmini izlash uchun
  • Magnific: generatsiya va upscale uchun
  • ChatGPT: prompt yozish uchun
  • YouTube: g‘oya va referenslar uchun

Meni qilgan boshqa ishlarim:

Bu tahlil sizga foydali bo‘lgan bo‘lsa, uni boshqalarga ham ulashing! Balki bu yana kimgadir asqotib qolar! ⚡️