July 4

𝑺𝑬𝑶𝑼𝑳㋛︎

4-𝘘𝘪𝘴𝘮シ︎

Chayoung shifoxona yo‘lagi bo‘ylab shoshilgancha yugurardi.

Oyoq kiyimining tovushi oppoq, toza kafelli pol bo‘ylab jaranglab eshitilardi.

Konditsionerdan kelayotgan sovuq havo badanini junjiktrib yuborgani uchun kardiganini o‘ziga yanada mahkamroq o‘rab oldi.

Nafasi tezlashgan holda qabul bo‘limi oldiga yetib keldi.

— Men Han Eunbining yoniga kelgandim, — dedi u resepsiyadagi xodimga.

Xodim zerikkan ohangda boshini ko‘tardi.

— Bemor sizga kim bo‘ladi?

Chayoung sabrsizlik bilan oyog‘ini yerga sekin urib turarkan, javob berdi:

— Men uning qiziman.

Xodim qisqacha javob qaytardi:

— Ikkinchi qavat. Daesun bo‘limi.

Bu so‘zlarni eshitishi bilanoq Chayoung ortiq bir soniya ham to‘xtamadi.

U darhol zinapoya tomon yugurdi. Butun yo‘l davomida ichida tinimsiz iltijo qilardi.

"Iltimos... Oyimga jiddiy hech narsa bo‘lmagan bo‘lsin..."

"Faqat yiqilgani uchun qo‘rqitishgan bo‘lsin..."

"Iltimos..."

Nihoyat, yo‘lak oxirida katta harflar bilan yozilgan "Daesun bo‘limi" degan yozuv ko‘rindi.

Chayoung yuragi dukillagancha burchakdan mo‘raladi.

Va...Onasini ko‘rdi. Han Eunbi palatalardan biridagi karavotda yotardi.

Chayoung asta uning yoniga bordi.

Ko‘zlari onasining ahvolini sinchiklab kuzata boshladi.

Boshida kichkina bog‘lam bor edi. Qo‘liga esa tomchi dori yuborilayotgan sistema ulangan edi.

Ammo shularni hisobga olmaganda...Onasi tashqi ko‘rinishidan unchalik yomon ahvolda emasdek tuyulardi.

Shuni ko‘rib, Chayoungning ko‘ksini bosib turgan og‘ir xavotir biroz bo‘lsa-da yengillashdi.

— Chayoung!

Han xonim qizini ko‘rishi bilan iliq tabassum qildi.

Ammo Chayoungning yuzida esa tabassumning asari ham yo‘q edi.

— Juda tez yetib kelibsan.

Chayoung boshini asta chayqadi.

— Sizni uyda yolg‘iz qoldirmasligim kerak edi...

Ovozi aybdorlik bilan titradi.

— Mana, nima bo‘ldi...

Han xonim beparvogina qo‘l siltadi.

— Hech narsa bo‘lmadi, qizim.

— Oyijon!

Chayoungning ovozi xavotirdan balandlashdi.

— Bugun endigina kimyoterapiyadan chiqqansiz. Qanday qilib "hech narsa bo‘lmadi" deya olasiz?

Shu payt pardaning narigi tomonidan oq xalat kiygan shifokor kirib keldi. Bo‘yniga stetoskop osilgan, yuzida esa muloyim tabassum bor edi.

Chayoung darhol unga hurmat bilan bosh egdi.

— Salom.

Shifokor o‘zini tanishtirdi.

— Men doktor Lee. Siz Han xonimning qizi bo‘lsangiz kerak?

— Ha. Men Im Chayoungman.

Shifokor bosh irg‘adi.

— Bilganingizdek, onangiz yiqilib tushgan.

— Peshonalarida kichkina jarohat bor edi, uni bog‘lab qo‘ydik. Bugun kimyoterapiya olganlari sababli ahvollarini kuzatish uchun tomirlariga sistema ham qo‘ydik.

Doktor Lee qo‘lidagi hujjatlarga bir qarab oldi.

Doctor Lee

— Han xonim...Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

Han xonim odatdagidek tabassum qildi.

— Biroz boshim og‘riyapti. Lekin o‘tib ketadi.

— Og‘riq qoldiruvchi dori beramiz.

Shifokor keyin Chayoung tomonga burildi.

— Siz bilan bir daqiqa gaplashsam bo‘ladimi?

— Albatta.

•••••••••••••

Ikkalasi palatadan chiqib, shifoxona yo‘lagi bo‘ylab sekin yurishni boshlashdi.

Chayoung doktor nima uchun alohida gaplashmoqchi ekanini tushunmay, ichidan xavotir ola boshladi.

Bir necha qadam yurgach, doktor Lee gap boshladi.

— Chayoung...Onangizga uch yil avval o‘pka saratoni tashxisi qo‘yilgan edi, shundaymi?

— Ha.

Doktor bosh irg‘adi.

— Han xonim tashxis qo‘yilganidan beri juda uzoq yashab kelmoqda.

U bir lahza jim qoldi. Yo‘lakning burchagini burilisharkan, gapini davom ettirdi.

— Ayniqsa, bugun kimyoterapiyadan keyin yiqilib tushganlari bizni jiddiy xavotirga soldi.

Chayoungning yuragi g‘ash tortdi.

— Doktor...Nima demoqchi ekaningizni tushunmayapman.

Ovozi asta titradi.

Doktor Li chuqur xo‘rsindi. Yuzida achinish ifodasi paydo bo‘ldi.

— Tahlillarning dastlabki natijalari chiqdi. Hali hammasini mutlaq aniqlik bilan ayta olmaymiz. Ammo...

U gapini davom ettirishdan oldin bir lahza to‘xtadi.

— Bir narsa aniq ko‘rinmoqda.

Chayoungning nafasi ichiga tushib ketdi.

Doktor sekin dedi:

— Han xonimning umrlari ko‘p qolmagan.

Go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek bo‘ldi.

Chayoung qotib qoldi. Qo‘llari titray boshladi. Yuragi qattiq urardi.

— Demak...

Og‘zidan zo‘rg‘a ovoz chiqdi.

— Demak...

Doktor Lee sekin bosh irg‘adi. Ko‘zlarida ham qayg‘u aks etardi.

Bir necha daqiqa davomida Chayoung indamadi. U eshitgan gapni qabul qilishga urinardi.

Axir...Hammasi asta-sekin yaxshilanayotgandek tuyulayotgandi.

Ko‘zlari yoshga to‘ldi.

— Qancha vaqt...?

Doktor Lee og‘ir xo‘rsindi.

— Aniq ayta olmaymiz. Taxminan...Ikki oy.

Bu so‘z Chayoungning yuragini tilib o‘tdi.

— Saraton tobora tarqalmoqda. Qachon ichki a'zolarga jiddiy zarar yetkazishini oldindan aytishning iloji yo‘q.

Chayoung darhol ilinj bilan dedi:

— Ammo davolash-chi? Axir qandaydir dori bordir? Hech bo‘lmasa umrlarini biroz uzaytiradigan yo‘l bo‘lishi kerak-ku! Ikki oy...

Ovozi sinib ketdi.

— Ikki oy juda oz...

Doktor Lee afsus bilan javob berdi.

— Sinab ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan ayrim dorilar bor. Ammo ular Han xonimni juda holsizlantiradi. Kuchli og‘riqlar bo‘ladi. Hatto kimyoterapiyadan ham ko‘proq azob chekishlari mumkin.

U Chayoungga achinish bilan qaradi.

— Siz esa...Onangizning bunchalik qiynalishini xohlamaysiz, shundaymi?

Chayoung javob bera olmadi. Faqat ko‘zlariga to‘lib kelayotgan yoshni zo‘rg‘a ushlab turardi.

Bir necha soniyadan keyin past ovozda so‘radi:

— U...Oyim buni biladilarmi? Biladilarmi...Umrlari...

Gapini tugata olmadi.

Doktor Lee sekin bosh irg‘adi.

— Ha. Biz bu haqda ularga aytdik. Hozircha o‘zlari ham buni qabul qilishga urinmoqdalar. Ammo...

U yengil kulimsiradi.

— Men Han xonimni bugungina tanidim. Shunga qaramay, u juda kuchli ayol ekanini his qildim.

Palataga qaytgach...

Chayoung onasiga tik qaray olmadi.

Yengining uchini barmoqlari orasida ezg‘ilar ekan, sekin dedi:

— Siz bilgan ekansiz...Bilgan ekansiz-u...Menga aytmabsiz.

Han xonim qiziga mehr bilan boqdi.

— Seni bundan ham ko‘proq xavotirga solishni istamadim.

Bir lahza sukut saqladi.

So‘ng xotirjam ovozda dedi:

— Mening vaqtim...Ko‘p qolmabdi.

— Bunday demang!

Chayoungning ovozi birdan keskin chiqdi. Ko‘z yoshlarini tiyolmay qoldi.

— Bunday gapni eshitishni xohlamayman!

Han xonimning nigohi mehr bilan yumshadi.

U qizining qo‘lini ushlab, mayin tabassum qildi.

— Bu haqiqat, qizim. Ba'zan haqiqatni eshitish juda og‘riqli bo‘ladi. Ammo...Hammamiz ham haqiqatdan qo‘rqamiz.

Han xonim yiqilib tushganidan keyin shifokorlar ehtiyot chorasi sifatida uni bir kechaga shifoxonada olib qolishdi.

Kimyoterapiyadan keyingi holatini va hayotiy ko‘rsatkichlarini kuzatishlari, shuningdek, tahlil natijalarini nazorat qilishlari kerak edi.

Shu sabab Chayoung o‘sha kecha uyga yolg‘iz qaytishga majbur bo‘ldi.

Ammo uyga kirishi bilan bu qarori unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaganini his qildi.

Ichidagi bo‘shliq shu qadar og‘ir ediki...

U o‘sha kecha Minhyuckning uyiga yoki hatto Namjoonnikiga borishi kerakmidi, deb o‘ylab qoldi.

Chunki ayni damda u bitta narsani juda yaxshi bilardi.

U yolg‘iz qolishni istamasdi.

••••••••••••••

Ertasi tong otishi bilan Chayoung yana mashinasiga o‘tirib shifoxona tomon yo‘l oldi.

Onasini uyga olib kelgach, uni ehtiyotkorlik bilan ichkariga boshlab kirdi.

Han xonimni divanga o‘tqazarkan, Chayoung xayolidan o‘tayotgan dahshatli ehtimollarni o‘ylamaslikka urinardi.

Ammo buning iloji bo‘lmayotgandi.

Han xonim qo‘lidagi issiq qahvadan bir ho‘plam ichib, qiziga mehr bilan kulib qaradi.

— Chayoung... Xayolingdagi g‘ildiraklar qanday aylanayotganini deyarli eshitib turibman.

Chayoung darhol boshini chayqadi.

— Hech nimani o‘ylayotganim yo‘q.

Han xonim kulib yubordi.

— Yo‘q, o‘ylayapsan. Hatto miyang qanday tinmay ishlayotganini ham sezish mumkin.

So‘ng u jiddiyroq ohangda davom etdi.

— Menga hech qanday yomon narsa bo‘lmaydi.

Chayoung bunga chiday olmadi.

— Oyijon...

U chuqur xo‘rsindi.

— Axir natijalarni o‘zingiz ham eshitdingiz-ku.

Ko‘zlariga yosh qalqdi.

— Ular...

Ovozi titrab ketdi.

— Ular sizning umringiz ko‘p qolmaganini aytishdi. Shunday ekan...Qanday qilib xavotir olmasligim mumkin?

Shu payt Han xonimning ovozi odatdagidan qat'iyroq yangradi.

— Im Chayoung.

Chayoung beixtiyor seskanib ketdi.

Onasi uni deyarli hech qachon to‘liq ismi bilan chaqirmasdi.

Faqat Chayoung kichkinaligida maktabdan keyin parkka olib borishni xarxasha qilib so‘ragan paytlardagina shunday murojaat qilardi.

Han xonim kursiga suyandi. Ko‘zlari sokin edi.

— Menga xavfli o‘pka saratoni tashxisi qo‘yilganiga qaramay, mana shu kungacha yashab keldim.

U mayin jilmaydi.

— Bu o‘zining o‘zi Xudoning menga bergan ulkan ne'mati. Men buning uchun har kuni shukr qilaman.

Bir lahza sukut saqladi.

— Axir...Ikkalamiz ham boshidanoq buni bilardik. Men to‘qson yoshgacha yashay olmasligimni.

Han xonim kulimsirab qo‘shimcha qildi.

— Garchi xolang buning aksini aytib, meni doim ovutishga harakat qilgan bo‘lsa ham...

Birdaniga, hech qanday ogohlantirishsiz Chayoungning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi.

Chayoung 🥺

Yoshlar yonoqlari bo‘ylab tinmay oqarkan, u asta onasi tomon yurdi-da, xuddi mehr izlayotgan mushukchadek onasining bag‘riga bosh qo‘yib, tizzasiga suyanib oldi.

Han xonim mehr bilan uning sochlarini silay boshladi.

— Nega yig‘layapsan, qizim?

Chayoungning ovozi yig‘idan titrardi.

— Ch-chunki...

U zo‘rg‘a gapirardi.

— Men...Men yolg‘iz qolishni istamayman...

So‘zlari hiqillab uzilib ketardi. Ko‘z yoshlaridan yuzi nam bo‘lib ketgan edi.

Han xonim uning boshini ohista silab turarkan, muloyim ovozda dedi:

— Qizim...Hayotning qaysidir nuqtasida har bir inson yolg‘iz qoladi.

— Muhimi esa yolg‘iz qolish emas...Muhimi, o‘sha vaziyatni qanday qabul qilishimiz va qanday yengib o‘tishimizdir.

••••••••••••••

Chayoung onasini yana uyda yolg‘iz qoldirishni umuman istamasdi.

Ammo Han xonim qat'iy turib olgach, uni deyarli eshikdan itarib chiqarib, ishiga jo‘natishga muvaffaq bo‘ldi.

Bolalar bog‘chasida esa odatdagidek hayot qaynardi.

Xonani kichkintoylarning beg‘ubor kulgilari, quvnoq qichqiriqlari va yugurib o‘ynayotgan shodon qadam tovushlari to‘ldirib turardi.

Bolalar bog'chasi

Ammo shu yorug‘ muhit ichida...Go‘yo faqat Chayoungning ustidagina qorong‘i bulut osilib turgandek edi.

U bolalarni xavotirga solmaslik uchun tabassum qilishga urinardi.

Lekin bu tabassum qalbidan emas, majburan paydo bo‘layotgan edi.

— Im o‘qituvchi...

Chaqiruvni eshitib, Chayoung pastga qaradi.

Kichkina Yoo Mingyu asta uning oldiga kelib to‘xtadi.

Qoshlarini chimirib, xavotir bilan o‘qituvchisiga tikildi.

— Im o‘qituvchi... Siz xafamisiz?

Chayoung mayin kuldi.

— Nega bunday deb o‘ylading, Mingyu?

Mingyu jiddiy ohangda javob berdi:

— Chunki yuzingiz xafa ko‘rinyapti.

Keyin u bolalarcha samimiyat bilan qo‘shimcha qildi:

— Xafa bo‘lmang. Biz sizni juda yaxshi ko‘ramiz!

Bu gap Chayoungning yuragini iliq bir tuyg‘u bilan to‘ldirdi.

Lablaridagi tabassum bu safar chinakam edi.

— Men ham sizlarni juda yaxshi ko‘raman.

U Mingyuning boshini mehr bilan siladi.

— Endi men haqimda o‘ylama. Bor, do‘stlaring bilan o‘yna.

Mingyu yana bir marta o‘qituvchisiga xavotir bilan qaradi. So‘ng bosh irg‘ab, boshqa bolalar tomon yugurib ketdi.

Chayoung esa yana o‘z xayollari bilan yolg‘iz qoldi.

— Fikrlaringni men bilan ham bo‘lishasanmi?

Bu ovozni eshitib, Chayoung ortiga burildi.

Uning boshlig‘i — janob Jung unga iliq tabassum bilan qarab turardi.

Janob Jung

Janob Jung doimo muloyim va mehribon inson edi.

Chayoung bilan onasi og‘ir kunlarni boshdan kechirayotgan paytlarda ham u ularga imkon qadar yordam berishga harakat qilgan.

Mahalladagi hamma uni hurmat qilardi.

Chayoung ham ish paytida ko‘pincha u bilan dardlashib turardi.

Qiz chuqur nafas chiqardi.

Go‘yo uzoq vaqtdan beri ichida ushlab turgan og‘ir yukni chiqarayotgandek edi.

— Shunchaki...Juda charchadim.

Janob Jung bosh irg‘adi.

— Eunbining yiqilgani haqida eshitdim. Ahvoli yaxshimi?

Chayoung bir muddat jim qoldi.

— O‘zlari "yaxshiman" deyishyapti. Lekin...Men nima deb o‘ylashni ham bilmay qoldim.

Ko‘zlari yana namlandi.

— Kimyoterapiya natijalari ham chiqdi...

Ovozi titradi.

— Unda...Unda oyimning umrlari ko‘p qolmagani yozilgan.

Bu so‘zlarni yana bir bor ovoz chiqarib aytish Chayoung uchun nihoyatda og‘ir edi.

Tomog'iga achchiq tugun tiqildi.

Janob Jung ham bir muddat nima deyishini bilmay qoldi.

Nihoyat u og‘ir xo‘rsinib dedi:

— Bechora Eunbi...

So‘ng Chayoungga achinish bilan qaradi.

— Va...Bechora sen ham.

Shu so‘zlardan keyin Chayoungning ovozi avvalgidan ham ojizroq eshitildi.

Go‘yo yuragi parcha-parcha bo‘layotgandek edi.

— Agar...

U zo‘rg‘a gapirdi.

— Agar oyim ketib qolsalar...

Ko‘zlaridan yana yosh oqib tushdi.

— Unda...Menda yana kim qoladi?