July 7

𝑺𝑬𝑶𝑼𝑳㋛︎

6-𝘘𝘪𝘴𝘮シ︎

Janob Kim kaftlarini bir-biriga urib qo‘ydi.

Minhyuck mashinaning yukxonasini yopib, qo‘llarini beliga tiragancha yo‘lga chiqishga shay turgan mashinaga tikilib turardi.

Namjoonning Ilsandagi ta'tili nihoyasiga yetgandi. Endi esa u yana Seulga qaytishi kerak edi.

Namjoon sumkasini yana bir bor tekshirib chiqdi.

Hech narsa qolib ketmaganiga ishonch hosil qilmoqchi edi.

—Telefon...Quvvatlagich...Noutbuk...Suv...

Shu payt Chayoung qo‘lidagi kichkina idishni unga uzatdi.

— Mana, ol.

Namjoon qutiga qiziqib qaradi.

— Bu nima?

Chayoung mayin jilmaydi.

— Yo‘lda qorning ochib qolsa, deb tayyorladim.

Namjoonning chuqurchalari yana bilinib ketdi. U samimiy tabassum bilan idishni qo‘liga oldi.

— Rahmat.

Janob Kim haydovchi eshigini ocharkan, dedi:

— Xo‘sh...Endi yo‘lga tushadigan vaqt ham bo‘ldi, shekilli.

U mashinaga o‘tirib oldi. Namjoon bosh irg‘adi.

Avval onasini bag‘riga bosib mahkam quchoqladi.

Keyin singlisi Nayeonning sochlarini odatdagidek to‘zitib yubordi.

Albatta, Nayeon bundan unchalik mamnun ko‘rinmadi.

Namjoon va uning oilasi

Shundan keyin Namjoon Minhyuckning oldiga bordi.

Ikkalasi quchoqlashib ko‘rishdi. So‘ng mushtlarini bir-biriga urib, eski odatlaricha xayrlashishdi.

Nihoyat Namjoon Chayoung tomon yurdi.

Chayoung lablarida mayin tabassum bilan unga qaradi. U sekin qo‘llarini yozib, quchoqlashish uchun kutdi.

Ammo Namjoon uni bag‘riga bosgan zahoti Chayoung hayratda qoldi.

Uning quchog‘i kutilganidan ancha mahkam... Ancha iliq...

Va go‘yo qo‘yib yuborgisi kelmayotgandek edi.

Namjoon Chayoungni bag‘riga bosgancha uning sochlari orasiga yuzini yashirdi.

Past ovozda pichirladi:

— Seni sog‘inaman...

Chayoung yengil kulib qo‘ydi.

— Men ham seni sog‘inaman.

Xuddi shu paytda mashina signal chaldi. Hamma bir zumda yo‘l chetida turgan mashinaga qaradi.

Janob Kim oynadan boshini chiqarib kuldi.

— Qani, ketadigan vaqt bo‘ldi!

Ammo uning nigohida o‘g‘lining Chayoungni quchoqlab turganini ko‘rib mamnunlik uchqunlari porlab turardi.

Namjoon va Chayoung biroz xijolat tortib bir-biridan uzoqlashishdi.

Namjoon barchaga yana bir bor qo‘l silkitdi. So‘ng mashinaga o‘tirdi.

Mashina sekin yo‘lga tushib, asta-sekin uzoqlashib ketdi.

Chayoung esa uning ortidan uzoq qarab turdi.

Mashina ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan yuragida g‘alati bo‘shliq paydo bo‘ldi.

Go‘yo nimadir uzilib ketgandek...

••••••••••••••••

Mashina ichida Namjoon Chayoung bergan kichkina idishni ochdi.

Qopqog‘ini ko‘tarishi bilan yuziga beixtiyor yorqin tabassum yugurdi.

Ichida kichkina lunchbox cake — quticha ichida tayyorlangan shirin tort bor edi.

Uni ko‘rishi bilan xotiralari jonlandi.

Maktab davri... Har tug‘ilgan kunlarida Chayoung ularga albatta tort pishirib berardi.

Chayoung

Uchovlari uni maktabda birga o‘tirib yeb, uzoq suhbat qurishardi.

Bir safar Namjoon bilan Minhyuck ham Chayoungga tort pishirib berishga urinishgan edi.

Ammo...Natija mutlaqo muvaffaqiyatsiz chiqqan.

Shunga qaramay, Chayoung ularning ko‘nglini og‘ritmaslik uchun tabassum bilan tatib ko‘rgan edi.

Bu xotirani eslagan Namjoon sekin kulib qo‘ydi.

Past ovozda o‘ziga pichirladi:

— Im Chayoung...Nima qilyapsan o‘zi men bilan?..

Oradan kunlar o‘tdi.

Chayoung mahalla ko‘chalari bo‘ylab sekin yurardi.

Daraxt shoxlari mayin shamolda tebranardi. Qushlar esa moviy osmonda erkin parvoz qilardi.

Ammo uning xayoli butunlay boshqa joyda edi.

Faqat bitta inson... Namjoon haqida o‘ylardi.

Negadir yuragi g‘ash edi. U o‘zini yolg‘iz his qilardi.

Minhyuck ham Daeguga ketib qolgan edi. Eski do‘stlaridan birini ko‘rishim kerak, deb aytgandi.

Bog‘chada esa ta'til boshlangan. Demak, Chayoung sho‘x-shodon bolalar bilan ham vaqt o‘tkaza olmasdi.

Namjoon Seulga qaytganiga ham roppa-rosa ikki hafta bo‘lib qolgandi.

Har kuni shahardagi ulkan ekranlarda uning reklamalarini ko‘rar...

Telefoniga BTS videolari chiqardi...

Ammo...Bularning hech biri yetarli emas edi.

Chayoung uni...Shaxsan ko‘rishni istardi.

U chuqur xo‘rsinib, binafsha rang kardiganini yelkasiga yanada mahkamroq o‘radi.

Keyin o‘zini o‘zi koyigandek kulib qo‘ydi.

"Nega uni bunchalik sog‘inyapman?"

"Xuddi u mening yigitimdek..."

Yigitim...

Bu so‘z xayolida aks-sado berdi.

Aslida Chayoung hech qachon qarama-qarshi jinsdan uzoq yurgan qizlardan emasdi.

Uning ham sevgan insonlari bo‘lgan.

Aniqrog‘i...Ikki marta jiddiy munosabatda bo‘lgan edi.

Birinchi yigit boshida juda mehribon edi. Uni uchrashuvlarga olib borardi. Doimo yaxshi muomala qilardi.

Ammo onasiga o‘pka saratoni tashxisi qo‘yilgach...Chayoung deyarli barcha vaqtini kasalxonada o‘tkaza boshladi.

Endi u yigit bilan sayohatlarga ham bora olmasdi. Shunda Chayoung bir qarorga keldi.

"Men uni ortga tortyapman."

Shunday deb munosabatlariga o‘zi nuqta qo‘ydi.

Ikkinchi sevgisi esa bundan ham og‘riqli bo‘ldi.

Bu safar u yigitni chin dildan sevib qolgandi.

U quvnoq edi. Mehribon edi. Yirik kompaniyada ishlardi.

Chayoungga hamisha yaxshi munosabatda bo‘lardi.

Ammo vaqt o‘tishi bilan tortishuvlar boshlandi.

Bir kuni yigit unga:

— Sen kasalxonada mendan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tkazasan, — dedi.

Bu gap Chayoungning yuragini qattiq og‘ritdi.

Oxir-oqibat ularning munosabatlari ham kutilmaganda yakunlandi.

Minhyuck bu ikki yigitning birortasini ham yoqtirmasdi.

Ayniqsa ikkinchisini. Chunki ularning janjallaridan keyin yigit Chayoungni yolg‘iz tashlab ketar...Kun bo‘yi u bilan gaplashmasdi.

Bu esa Minhyuckning g‘ashiga tegardi.

•••••••••••••••

Chayoung shahardagi ulkan
ekranda ketayotgan BTS reklamasiga tikilib qoldi.

Unda Kim Namjoon tabassum qilib turardi.

Chayoung beixtiyor qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.

Yuragi yana o‘sha eski, unutilgan tuyg‘ularni his qilayotgandi.

Go‘yo ichida allaqachon so‘ngan deb o‘ylagan uchqunlar yana asta-sekin alanga ola boshlagandi.

•••••••••••••••

Namjoon Big Hit Entertainment studiyalaridan birida o‘tirardi.

U, Min Yoongi va Jung Hoseok yangi qo‘shiq ustida ishlashayotgan edi.

Aslida, Namjoonning Ilsandan Seulga qaytishiga aynan shu ish sabab bo‘lgandi.

Studiyada faqat klaviatura tovushlari, sichqoncha bosilishlari va kompyuterning mayin shovqini eshitilardi.

Yoongi monitorga tikilgancha pichirladi:

— Nega delay effekti bunchalik kuchli chiqyapti?

U sichqonchani qo‘liga olib, bir necha sozlamalarni o‘zgartirdi.

Birozdan keyin natijadan mamnun bo‘lib bosh irg‘adi.

Yoongi

Hoseok esa joyida deyarli tinch o‘tira olmasdi.

U sabrsizlik bilan Yoongiga qarab dedi:

— Endi yozishni boshlasak bo‘ladimi?

Yoongi qat'iy bosh chayqadi.

— Yo‘q. Hali qo‘shiq uchun yetarlicha matn tayyor emas.

So‘ng u Namjoon tomonga qaradi.

Namjoon esa pianino klavishlariga tikilgancha qayerlargadir xayol surib ketgandi.

— Namjoon?

— Ha?..

U seskanib o‘ziga keldi.

— Ha, mana...

U yonidagi varaqlarni olib, Yoongi va Hoseokka uzatdi.

Ikkalasi ham qo‘shiq matnini jimlikda o‘qiy boshlashdi.

Xonani yana sukunat qopladi.

Birozdan so‘ng Hoseok ehtiyotkor ohangda gap boshladi.

— Juda yaxshi yozilibdi...

Ammo u gapini davom ettirishga ikkilanayotgandek edi.

— Faqat...Bilmadim...Biroz...

U kerakli so‘zni topolmay qoldi.

Yoongi esa uning o‘rniga gapni davom ettirdi.

Mushuksimon ko‘zlarini Namjoonga qadab dedi:

— Hoseok aytmoqchi bo‘lgani...Bu sening odatdagi darajang emas. Yomon emas. Lekin... Senga qaraganda ancha sustroq. Rostini aytsam, bu meni hayron qoldirdi.

Namjoon sekin boshini egdi. Ko‘zlari qo‘lidagi varaqlarga tushdi.

— Bilaman. Bu men yozgan eng yaxshi matn emas.

U xijolat tortgandek kulimsiradi.

— O‘zim ham menga nima bo‘layotganini tushunmayapman...

Hoseok darrov kayfiyatni ko‘tarishga urindi.

Quyoshdek iliq tabassumi bilan dedi:

— Balki hali ham ta'til kayfiyatidan chiqmagandirsan. Seni ayblab bo‘lmaydi.

U yana o‘z ishiga sho‘ng‘ib ketdi.

Ammo Yoongi...U esa indamay Namjoonni kuzatishda davom etdi.

Tashqaridan qaraganda Namjoon shu yerda o‘tirgandek edi.

Lekin uning xayoli...Butunlay boshqa joyda kezib yurardi.

Nimadir noto‘g‘ri edi.

Birdan yotoqxonani baland ovoz tutdi.

— Hyung!

Park Jiminning ovozi butun uy bo‘ylab yangradi.

— Jungkook mening milksheykimni olib qo‘ydi! Ayting, qaytarib bersin!

U gapini tugatishi bilan Jeon Jungkook o‘qdek otilib yugurib o‘tdi.

Yo‘lakdan o‘tarkan, Kim Seokjin ularga qarab faqat kulimsirab bosh chayqadi.

— Tutib olsang, ol, hyung!

Jungkook quyonnikidek sho‘x tabassum bilan masxara qildi.

Jimin burnini tirishtirib, qat'iyat bilan uning ortidan yugurdi.

Yugurayotib sal qolsa Kim Taehyungni yiqitib yuborardi.

Taehyung mehmonxonada rasm chizayotgan edi.

Ko‘ylagining yenglari shimarilgan. Tilini chiqarib olgancha butun diqqatini rasmga qaratgan.

Ranglarni ehtiyotkorlik bilan tanlar, biror joyini buzib qo‘ymaslikka harakat qilardi.

Taehyung

Min Yoongi esa divanda zerikkancha telefonini varaqlab o‘tirardi.

Ekranda mushuk haqidagi kulgili video chiqdi.

Ammo u faqat ko‘z qisib qo‘yib, yana befarq skroll qilishda davom etdi.

Jung Hoseok esa hayajon bilan bugungi kuni haqida gapirib berardi.

— Bugun juda zo‘r kiyim ko‘rdim! Uni albatta kiyib ko‘rmoqchiman.

U iltimos qilayotgandek Seokjinga qaradi.

— Hyung, men bilan xaridga chiqasan-a?

Seokjin kulib uning gaplarini tinglardi.

Namjoon ham ularning suhbatini eshitib o‘tirardi.

Ammo...Xayoli umuman bu yerda emas edi.

U yana Ilsanga qaytgandi.

Yana...Im Chayoung haqida o‘ylayotgandi.

— Namjoon.

Seokjinning ovozi uni xayollaridan uyg‘otdi.

SeokJin

— Bugun o‘zingni g‘alati tutyapsan. Hammasi joyidami?

Namjoon odatdagidek:

"Ha, yaxshiman."

deyishga og‘iz juftladi.

Ammo darrov fikridan qaytdi.

Seokjin uning yolg‘on gapirayotganini baribir bilardi.

U sekin boshini chayqadi.

— Yo‘q...Hammasi joyida emas.

Seokjin unga mehr bilan jilmaydi.

— Agar xohlasang...Bizga aytishing mumkin. Hech qanday majburiyat yo‘q. Faqat ichingni yengillashtirishni istasang.

Namjoon bir muddat jim qoldi.

Keyin u xuddi Amerikaga borganlarida bolalarcha tortinadigan Namjoonga o‘xshab ketdi.

— Hyung... Siz... Hech sevib qolganmisiz?

Seokjin biroz o‘ylanib qoldi.

— Yoshligimda... Ha. Bo‘lgan. Hozir esa...

U kulimsiradi.

— Bunday narsalarga vaqtimiz yo‘q. Lekin... Davom et.

Namjoon chuqur nafas oldi.

— Bir qiz bor...

Shu zahoti Jiminning qichqirig‘i yangradi.

— Namjoon hyung sevib qolibdi!

Chamasi, Jimin bilan Jungkook quvlashmachoqni allaqachon unutishgandi.

Endi butun e'tibor katta yigitlarning suhbatiga qaratilgandi.

Taehyungning ko‘zlari katta-katta ochildi.

— Rostdanmi, hyung?

Jungkook ham qiziqib oldinga egildi.

— Kim u?

Divanda o‘tirgan Yoongi norozi ovozda dedi:

— Hoy! Avval gapini tugatsin.

Hoseok ham qiziqishini yashira olmadi.

— U ham idolmi? Biz taniymizmi?

Namjoonning quloqlarigacha qizarib ketdi. U xijolat bilan kulimsiradi.

— Bir marta ko‘rgansizlar. Esingizdami... Sizlar Ilsandagi uyimizga kelganingizda... O‘sha payt uyga bir qiz kirgandi...

Hammaning nigohi bir zumda Namjoonga qadaldi.

U nihoyat yuragidagi gapni aytdi.

Past ovozda...Ammo juda samimiy tarzda.

— Menimcha... Men...Im Chayoungni yoqtirib qolganman.