𝑺𝑬𝑶𝑼𝑳㋛︎
— Oyi... men yo‘qligimda rostdan ham yaxshi bo‘lasizmi?
Chayoung xavotir bilan oshxonaga yana bir bor nazar tashladi.
Hech qanday xavfli narsa qolmaganmi...
U hammasini sinchiklab tekshirib chiqardi.
Onasi yana yiqilib qolishini u aslo istamasdi.
Han Eunbi qiziga mehr bilan jilmaydi.
— Men yaxshi bo‘laman, qizim. Qolaversa, siz ikkovingiz yo‘qligingizda biror narsa bo‘lsa... Mina opaga qo‘ng‘iroq qilaman.
U kulib, Kim xonimni nazarda tutdi.
Ammo Chayoungning xavotiri hali ham tarqamagan edi.
Onasini yana yolg‘iz qoldirish fikri uning yuragini siqardi.
Shu payt Minhyuck uning yelkasiga sekin qo‘l qo‘ydi.
— Biror narsa bo‘lsa, albatta bizga qo‘ng‘iroq qiladi.
U taskin beruvchi ohangda davom etdi:
— Sal bo‘lsa ham tinchlanishga harakat qil.
Chayoung xo‘rsinib boshini chayqadi.
— Harakat qilyapman... Lekin sira uddalay olmayapman.
Namjoon ularni Seulga taklif qilganidan so‘ng, Chayoung bilan Minhyuck borishga qaror qilishgandi.
Minhyuckning Seulda kichik kvartirasi bor edi. U odatda raqs musobaqalari bo‘lganda shu yerda qolardi.
Bu safar ham ikkalasi o‘sha kvartirada yashashardi.
Safar atigi bir necha kun davom etardi. Ammo shunga qaramay, Chayoungning xavotiri tobora kuchayib borardi.
Han Eunbi qiziga jiddiy ohangda murojaat qildi.
— Chayoung. Endi yetar. Xavotir qilishni bas qil. Bor... Mazza qilib dam ol.
Uning yuzida iliq tabassum paydo bo‘ldi.
— Namjoonni ko‘rsang... Mendan salom aytishni unutma.
Chayoung nihoyat taslim bo‘lgandek chuqur nafas chiqardi.
Ko‘ylagidagi aslida yo‘q bo‘lgan g‘ijimlarni qo‘li bilan tekislab qo‘ydi.
Ko‘zlarida hali ham ozgina xavotir bo‘lsa-da, ichida safarga nisbatan hayajon ham paydo bo‘layotgandi.
Ammo oldinda tirbandlik boshlangani uchun ular manzilga sekinroq yetib borishlarini bilishardi.
Mashina ichida bir muddat sukunat hukm surdi.
Keyin Minhyuck birdan qoshlarini o‘ynatib kulimsiradi.
Ko‘zlari yo‘ldan uzilmagan bo‘lsa-da, ovozida odatdagi hazilkash ohang bor edi.
— Xo‘sh... Aziz Namjooning haqida qanday gaplar bor?
Chayoung darrov unga qarab norozi yuz qildi.
Yonoqlariga esa allaqachon mayin qizillik yugurgan edi.
— Voy, sen juda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirasan.
Minhyuckning tabassumi yanada kengaydi.
— Demak... Bor ekan-da. Qachondan beri?
Chayoung oynadan tashqariga qarab chuqur nafas oldi.
— Uni maktab paytida ham yoqtirganman. Aynan Seulga ketishidan sal oldin. Lekin...
Minhyuck hayrat bilan unga qaradi.
— Rostdan? Uni maktabda ham yoqtirganmiding? Men buni umuman bilmas ekanman.
— Bilmaydigan narsalaring ko‘p hali, Kwon.
Minhyuck darrov kulib yubordi.
— Balki. Lekin bitiruv imtihonida seni birgina ball farqi bilan kim yengganini bilasanmi?
U o‘zini ko‘rsatgandek ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘ksini ko‘rsatdi.
Bu voqeani eslashning o‘zi ham uning asabiga tegardi.
Axir Minhyuck atigi bir kecha o‘qib... Uni bir ball farqi bilan ortda qoldirgandi.
Chayoung esa oylar davomida tayyorlangan edi.
Bundan jahli chiqqanini aytish ham kamlik qilardi.
Biroz sukutdan so‘ng Chayoung yana gap boshladi.
— Menimcha... Uni yoqtiraman. Aniq bilmayman...
Minhyuck muloyim ohangda so‘radi.
— Uni ko‘rganingda o‘zingni qanday his qilasan?
Bu safar javob kutishga ham to‘g‘ri kelmadi.
Chayoung deyarli darrov javob berdi.
Lablariga beixtiyor tabassum yugurdi.
— Juda...Juda baxtli bo‘laman.
— Uni ko‘rganingda yuraging hapriqadimi? Ichingda g‘alati hayajon paydo bo‘ladimi? Yuzing qizaradimi?
Chayoung indamay bosh irg‘adi.
— Unda hammasi aniq-ku. Do‘stim...Sen Kim Namjoonni sevib qolibsan.
Chayoung kulimsirab xo‘rsindi.
— Men emas... Dunyo bo‘yicha yana qariyb qirq to‘qqiz million odam ham uni yoqtiradi. U esa... Meni shunchaki do‘sti deb bilsa kerak.
Faqat labining bir chetida ayyorona tabassum paydo bo‘ldi.
Im Chayoung poytaxtga atigi bir necha marta kelgan bo‘lsa-da, Seoul har safar uni yana bir bor hayratda qoldirardi.
Kunning ikkinchi yarmida shahar odatdagidek gavjum edi.
Osmono‘par binolar tig‘iz avtomobil yo‘llari uzra qad rostlab turar, shahar esa tinimsiz harakat bilan yashayotgandek tuyulardi.
Yo‘laklarda odamlar tinmay qatnardi.
Kimdir telefoniga termulgan, yana kimdir yonidagi inson bilan suhbatlashib ketardi.
Ba'zilari esa yo‘l-yo‘lakay do‘kon oynalarini tomosha qilish uchun to‘xtab o‘tardi.
Mashina katta ko‘chalardagi shovqin-surondan burilib, ancha sokinroq hududga kirganida Chayoung qiziqib so‘radi:
— Kvartirang bu yerdan uzoqmi?
— Uzoq emas. Aslida... yetib ham keldik.
U mashinani baland turar joy binosi oldidagi o‘ziga ajratilgan to‘xtash joyiga ehtiyotkorlik bilan qo‘ydi.
Ikkovlari mashinadan tushib, yuklarini bagajdan olishdi.
Liftga kirishgach ham suhbatlari davom etdi.
Nihoyat, Minhyuck kvartirasi eshigi oldida to‘xtadi.
U kalitni burab eshikni ocharkan, quvnoq ohangda dedi:
— Xush kelibsan, mening uyimga!
Chayoung ichkariga kirishi bilan ko‘zlarini katta ochib atrofga nazar tashladi.
Kvartirada uchta yotoqxona, oshxona, ikkita hammom, mehmonxona va ovqatlanish xonasi bor edi.
Ammo bu yerda deyarli hech kim yashamayotgandek tuyulardi.
Ichkarida biroz bo‘shliq hissi sezilardi.
Devorlarga bir nechta suratlar osilgan, deraza pardalari esa chetga surilgan edi.
Ulkan derazalar ortidan gavjum shahar kaftdagidek ko‘rinib turardi.
Minhyuck divanga o‘tirib, Chayoungga qaradi.
Chayoung deraza oldiga borib, pastdagi mittidek ko‘rinayotgan odamlarni kuzatar ekan, hayrat bilan pichirladi:
Bir muddat manzaradan ko‘z uzolmay turdi-da, so‘ng Minhyuckga qaradi.
— Lekin bunday zo‘r kvartirang bo‘la turib... Nega hali ham Ilsanda yashaysan?
— Poytaxtni yaxshi ko‘raman, noto‘g‘ri tushunma. Lekin...
— Uy — baribir uy. Qolaversa, Seul menga biroz ortiqcha shovqinli tuyuladi.
— To‘g‘ri aytyapsan. Men ham shunday deb o‘ylayman.
Minhyuck qo‘li bilan yo‘lak tomonni ko‘rsatdi.
— Chap tomondagi ikkinchi xona seniki. Bemalol joylashib ol.
Keyin boshqa eshikka ishora qildi.
— Hammom ham mana shu yerda. O‘zingni xuddi uyingdagidek his qil.
Chayoung sumkasini yotoqxonaga sudrab kirib, eshikni ortidan sekin yopdi.
Xonaga ko‘z yugurtirishi bilan uning naqadar shinam va hashamatli ekaniga qoyil qoldi.
Karavot ro‘parasida nafis pardoz stoli turardi.
Yostiqlar chetlari popukli oppoq g‘iloflar bilan bezatilgan edi.
Karavot tepasidagi devorni chiroyli bir surat bezab turar, yonida esa kichkina tungi javon joylashgandi.
Katta shkaf ichidagi kiyim ilgichlari esa go‘yo Chayoung safarga olib kelgan kiyimlarini kutib turgandek edi.
Umuman olganda...Xona juda yoqimli edi.
Minhyuck divanga qulayroq o‘tirib, qoshlarini o‘ynatdi.
— Park Seo-joonmi yoki Park Hyung-sik?
— Meni bunaqa tanlov qilishga majbur qilma. Hyungsikni juda yaxshi ko‘raman... Lekin Seojoon... u meni bemalol ezib tashlasa ham rozi bo‘lardim.
Bir lahza o‘ylab kulib qo‘shib qo‘ydi:
— To‘g‘risi... Ikkalasi ham shunday qilsa, qarshi emasman.
— JYP Entertainmentmi yoki SM Entertainment?
Minhyuck iyagini silab o‘ylanib qoldi.
— Rostini aytsam... Ikkalasini ham uncha yoqtirmayman. Lekin tanlashga majbur bo‘lsam... JYPni tanlayman. Har holda SMdan yaxshiroq.
Ikkovlari televizor qarshisida o‘tirishardi.
Soat allaqachon yarim tundan o‘tgan bo‘lsa ham, bunga hech biri e'tibor bermasdi.
Fon sifatida koreys seriali o‘ynab turardi.
Stol ustida esa ochilgan pizza qutilari va turli gazaklar sochilib yotardi.
Chayoung yana bir bo‘lak pizza olib, ekrandagi romantik sahnaga tikildi.
— Bilasanmi...Mening sevgi hayotimda ham shunday koreys seriallaridagidek romantik voqealar bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi.
— Qaysi sevgi hayoting? Mavjud bo‘lmaganimi?
Chayoung labini cho‘chchaytirdi.
— Yuragimni sindirishing shartmidi?
Minhyuck kulib boshini chayqadi.
— Axir bizning bu yerga kelishimizning sababi ham shu.
Ko‘zlarini ayyorona qisib davom etdi:
— Romantik hayotingni nihoyat harakatga keltirish.
Chayoung ko‘zlarini aylantirdi.
Ammo kulgisini yashira olmadi.
— Meni qo‘y. O‘zingning ham sevgi hayoting yo‘q-ku.
Minhyuckning tabassumi asta-sekin so‘ndi. U televizorga tikilib qoldi.
Bir necha soniyadan keyin sekin gap boshladi.
— Yomonmi... Haligacha uni sog‘inishim?
Chayoungning chehrasi darhol jiddiylashdi.
Minhyuck ko‘zlarini ekrandan uzmadi.
Faqat Chayoung oldidagina u shunchalik ojiz ko‘rina olardi.
— Lee Kyunghee senga munosib emasdi. Buni o‘zing ham bilasan. U seni juda qattiq ranjitgan. Mening eng yaqin do‘stimni xafa qilgan odamlarni esa hech qachon yoqtirmayman.
Kyunghee maktabga keyinroq ko‘chib kelgan o‘quvchi edi. Sinfidagi eng chiroyli qizlardan biri.
U Minhyuck bilan raqs akademiyasining uchinchi kursigacha uchrashib yurdi.
Keyin esa dahshatli haqiqat oshkor bo‘ldi.
Kyunghee uchun bu munosabat... Shunchaki tikilgan garov ekan.
Buni bilgach, yigit butunlay tushkunlikka tushgandi.
Kunlab xonasidan chiqmagan. Ovqat ham yemagan.
Hatto onasi eshik ortida yig‘lab:
— Iltimos... hech bo‘lmasa ozgina ovqat ye...— deb yolvorguncha ham.
Chayoung esa g‘azabdan yonardi.
Kyungheedan buning uchun albatta hisob so‘ramoqchi edi.
Ammo u qiz "ko‘chib ketdi" deguncha boshqa shaharga jo‘nab ulgurgandi.
Yillar davomida Minhyuck yuragidagi jarohat asta-sekin bitdi.
Lekin ikkalasi ham bilardi...O‘sha qizga bo‘lgan hislarning mayda izlari hali ham qalbining bir chetida qolgan edi.
Shundan keyin ko‘plab qizlar ham Minhyuck bilan uchrashishni istashdi.
Ammo u barchasini muloyimlik bilan rad etardi.
Yana bir bor yuragi sindirilishidan qo‘rqardi.
— Aslida... Menga yoqadigan boshqa bir qiz bor.
Chayoungning ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Rostdanmi? Kim u? Men taniymanmi?
— Ha. U bolalar bog‘chasida ishlaydi. Yoo Sooyoung.
Chayoung hayajondan ko‘zlarini kattaroq ochdi.
— Rostdan ham Sooyoungni yoqtirasanmi? Bu juda zo‘r-ku, Hyuck!
Minhyuck uyalinqirab ensasini qashladi.
— Ba'zan akademiyamga keladi. O‘shanda gaplashib qolamiz. Chayoung... Men uni juda yoqtiraman.
Chayoung o‘rnidan turib eng yaqin do‘stini bag‘riga bosdi.
Yuzida samimiy tabassum porlardi.
— Ishonchim komil...U ham seni yoqtiradi.