March 22, 2025

HAUNTING ADELINE

HAUNTING ADELINE | EP 2

𝟤 - 𝖡𝖮𝖡 | 𝖲𝖮𝖸𝖠

Beton devorlardan aks - sado berayotgan og‘riq qichqiriqlari biroz asabimni buzmoqda.
Ba’zan xaker ham, jazolovchi ham bo‘lish yoqimsiz bo‘lishi mumkin. Odamlarga og‘riq yetkazish menga juda yoqadi, lekin bugun bu noliyotgan ablah uchun aslo sabrim yo‘q.
Odatda esa sabrim chindan ham ko'p.
Men xohlagan narsamga yetish uchun kutishni yaxshi bilaman. Lekin hozir mendan kerakli javoblarni olish o‘rniga, hojatini chiqargancha yig‘lab o‘tirsa, asabim chiqadi.
— Pichoqing hozir ko‘zingning yarmigacha kirib boradi, - deyman ogohlantirib. — Men hatto senga rahm ham qilmayman, uni to‘g‘ri miyangga tiqib yuboraman.
— Ey, odam, - u yig‘lab yuboradi. — Men faqat omborga bir necha marta borganman, xolos. Hech qanday la’nati marosim haqida hech narsa bilmayman.
— Demak, foydasi yo‘q odam ekansan-da? - deyman, pichoqning tig‘ini ko‘ziga yaqinlashtirib.
U ko‘zlarini mahkam yumadi, xuddi shu yupqa teri pichoqni ichkariga kiritishga to‘sqinlik qiladigandek.
Kulgim qistaydi.
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q, - u iltijo qiladi. — U yerda bir odamni bilaman, u senga ko‘proq ma’lumot berishi mumkin.
Unining burnidan ter oqib, yuzidagi qonga qo‘shilib ketmoqda. Yelkasiga yopishib qolgan yog‘li sariq sochlari ter va qon aralash dog‘ tushgan matoga o‘xshaydi. To‘g‘risi, u endi sarg‘ish emas, aksincha, qizg‘ish rangga bo‘yalgan.
Allaqachon bir qulog‘ini kesib tashladim, barmoqlarining tirnoqlarini yulib chiqdim, ikkala tovon payini kesdim, qonni tez yo‘qotmaydigan joylarga bir nechta pichoq sanchdim va son - sanoqsiz suyaklarini sindirdim.
Bu ablah endi hech qachon oyoqqa turib, bu yerdan chiqib ketolmaydi.
— Kamroq yig‘la, ko‘proq gapir, - deyman qattiqroq ohangda, pichoq uchini uning yumilgan qovog‘iga tekkizib.
U titraydi, kipriklari ostidan yoshlar sizib chiqmoqda.
— I-ismi Fernando, - deb xirillaydi u. — U odam savdosi uchun qizlarni tutib, olib ketish uchun jo‘natiladigan kontrabandachilarni boshqaradiganlardan biri. U omborda katta odam, deyarli butun joyni u boshqaradi.
— Fernando kim? - deyman jahlim chiqib.
U xo‘rsinib, burnini tortadi.
— Bilmadim, - u yig‘lab yuboradi. — U shunchaki Fernandoman deb tanishtirgan o‘zini.
— Unda qanday ko‘rinishga ega? - tishlarimni g‘ijirlatib so‘rayman.
U xirillab nafas oladi, quruq lablaridan shilliq so'lak oqar edi.
— Me... meksikalik, kal, peshonasini kesib o‘tgan chandiq bor, soqolli. U chandiq juda dahshatli, uni adashtirib bo‘lmaydi.
Bo‘yinimni aylantirib, charchoq bilan ingrashimga yo‘l qo‘yaman. Bugun juda og‘ir kun bo‘ldi.
— Ajoyib, rahmat, - deyman xotirjamlik bilan, xuddi uch soat davomida uni qiynamagandek.
Uning nafasi tekislanadi va iflos jigarrang ko‘zlari bilan menga umid bilan boqadi.
Men kulishimni zo‘rg‘a tiyib turaman.
— M-meni qo‘yib yuboryapsanmi? - u xo‘rsinib so‘raydi, xuddi boshpanasiz bir kuchukday.
— Albatta, - deyman xotirjam ohangda. — Agar oyoqqa turib yura olsang.
U kesilgan tovon paylariga qaraydi va men ham bilgan narsani tushunib yetadi: oyoqqa tursa, birdan yerga qulab tushadi.
— Iltimos, - u yig‘lab yuboradi. — Mengayam yordam bera olasanmi?
Sekin bosh irg‘ab qo‘yaman.
— Ha. O‘ylashimcha, bunga yordam bera olaman, - deyman va shu zahoti pichog‘imni uning ko‘z kosasiga tiqaman.
U darhol o‘ladi. Hatto ko‘zidagi umid hali to‘liq so‘nib ham ulgurmagan. Yoki to‘g‘rirog‘i, yagona ko‘zidagi.
— Sen bolalarga tajovuz qiladigan iflossan, - deyman ovoz chiqarib, garchi u endi meni eshitmasa ham. — Seni tirik qoldirishim mumkin deb o‘yladingmi? - deyman kulib.
Pichoqni uning ko‘zidan sug‘urib olaman, undan chiqayotgan yaltirash ovozi meni har qanday kechki ovqat ishtiyoqidan mahrum qiladi. Bu juda asabiy holat, chunki ochman.
Qiynash jarayoni men uchun juda maroqli, lekin jasadlar chiqargan g‘alati tovushlar – g‘uvullash, shilimshiq tovushlar, og‘riq ichida tipirchilagan jasadlarning shovqini – men uxlay oladigan fon emas.

Endi esa eng zerikarli qism – tanani parchalash va undan butunlay qutulish. Buni boshqalarga ishonib topshirmayman, shu sababli hamma ishni o‘zim qilaman.
Chuqurayib nafas olaman. Qanday deyishardi? Ishni to‘g‘ri bajarmoqchi bo‘lsang, o‘zing qil?
Bu holda esa – qo‘lga tushishni istamasang, jasadni o‘zing yo‘q qil!

. . . . . . .

Go‘yo soat kechki o‘n bo‘lgandek, lekin aslida endigina besh. Inson tanasi qismlari bilan shug‘ullanganimdan keyin bu g‘alati tuyulsa ham, men hozir juda ham zo‘r burger yegim kelyapti.
Sevimli burgerxonam 3 - avenyu yoqasida joylashgan, uyimdan uzoq emas. Ammo Sietlda mashina qo‘yish doim muammo, shuning uchun bir necha kvartal narida to‘xtashga majbur bo‘ldim va yura boshladim.
Bo‘ron yaqinlashyapti. Tez orada yomg‘ir muz boltalari singari boshimizga va yelkamizga yog‘iladi — Sietl uchun odatiy ob-havo.
Ko‘chada bemalol borarkanman, og‘zimda noma’lum kuyni hushtak chalib ketayapman. Atrofimda turli do‘konlar, ularning eshiklari oldida ishchi chumolilar kabi g‘uj - g‘uj odamlar.
Oldimda, yo‘l chetida kitob do‘koni yorqin nurlari bilan hozirgina ho‘l bo‘lib yaltirayotgan asfaltni yoritib, odamlarni o‘z bag‘riga chorlayapti.
Do‘konga yaqinlashar ekanman, uning ichida odam juda ko‘p ekaniga ko‘zim tushdi. Bir qarab qo‘ydim va yo‘limda davom etdim. Badiiy kitoblar menga qiziq emas — men faqat foydali bilim beradiganlarini o‘qiyman. Ayniqsa, kompyuter ilmi va xakerlik haqidagi kitoblarni.
Lekin bu kitoblar menga endi hech narsa o‘rgatolmaydi. Men ularni allaqachon o‘zlashtirib, ortda qoldirganman.
Ko‘zim boshqa narsalarga tushishiga bir bahya qolganda, to‘satdan do‘kon oldidagi taxtada ilingan e’longa ko‘zim tushdi. Undan menga qarab porloq bir tabassum boquvchi yuz meni joyimga mixlab qo‘ydi.
Xayolimga kelmagan bir kuch meni joyimda muzlatib qo‘ygandek edi. Orqadan kimdir menga urildi. Qaddi - qomati kichik bo‘lgani uchun menga uncha ta’sir qilmadi, lekin shunga qaramay, meni g‘alati holatidan chiqishga majbur qildi.
Orqamga o‘girilib, jig‘ibiyron bo‘lib turgan odamga qaradim. U menga baqirishga tayyor edi, lekin yuzimdagi chandiqlarni ko‘riboq og‘zidagi so‘zlarini ichiga yutib, tez yurib nari ketdi. Agar diqqatim boshqa joyda bo‘lmaganda, kulib yuborgan bo‘lardim.
E’longa yana bir qaradim. Unda bir muallifning imzo qo‘yish marosimi bo‘layotgani yozilgan edi.
Va u ayol...
U hayratlanarli darajada go‘zal edi.
Uzun, to‘lqinli dolchinrang sochlar ingichka yelkalariga tushgan. Silliq, oppoq terisi va burun hamda yonoqlarida yaltirab turgan mayda sepkillar. Ozgina, lekin aynan yetarli darajada.
Ammo meni eng ko‘p o‘ziga tortgan narsa — uning ko‘zlari edi. Surur bilan qiyshaygan, tabiiy holatda ham doim maftunkor ko‘ringan ko‘zlar. Ular shu qadar och jigarrang ediki, bu juda noodatiy edi. Bu ayol biror erkakka bir marta qarasa, uning tizzalariga cho‘kishi aniq.
Lablarining shakli jozibador va pushti, oppoq va to‘g‘ri tishlari bilan tabassum qilgancha porlaydi.
E’lon tagidagi ismini o‘qidim: Adeline Rayli.
Go‘yo ma’buda uchun yaratilgan ism.
U zamonaviy jurnallarda ko‘rinadigan, sun’iy go‘zallikka ega emas. Ammo fotoshop va jarroh aralashuvisiz ham o‘sha jurnallarning muqovasida bemalol turishi mumkin edi.
Ko‘p go‘zal ayollarni ko‘rganman. Ular bilan yotganman ham.
Lekin bu ayolda nimadir bor edi... Nimadir meni o‘ziga tortardi. Xuddi orqamda dahshatli dovul turgandek, meni o‘z tomon itarardi. Qarshilik qilishning iloji yo‘q edi. Oyoqlarim beixtiyor kitob do‘koniga yo‘naldi.
Ichkariga kirganimda, panjaradek tik turgan kitob javonlari va odamlarning siqilishib turganini ko‘rdim. Bu kichkina do‘kon bunchalik gavjum bo‘lish uchun qurilmagan. Issiq edi. Juda ham issiq.
Yonimda turgan bir axmoq burnini kavlab, keyin o‘sha iflos qo‘li bilan Adelin Raylining kitobini ushlab turibdi.
Bechora qiz. Endi u bo‘rtiqlar bilan qoplangan kitoblarga imzo chekishi kerak bo‘ladi.
Burnini kovlayotgan o‘sha ahmoqqa og‘iz ochib bir gapirishga chog‘langandim, to‘satdan osmon eshigi ochilgandek bo‘ldi.
Mening oldimdagi odamlar go‘yo ataylab yo‘l berishdi, shunda men uni to‘liq ko‘ra oldim. Avval faqat chekkam bilan ko‘rganman, lekin shunchalik kam lahza ham yuragimni joyidan qimirlatib yubordi.

Boshlanayotgan dahshat filmining qahramoni singari boshim asta-sekin burildi. Lekin bu safar yovuz tabassum o‘rniga, hayrat va shubha bilan to‘lgan ifoda yuzimda aks etgan edi.
Bu qiz haqiqatdan ham haqiqatdan ham go‘zal edi.
Uni ko‘rib tizzalarim bo‘shashdi, yuragim esa telbalarcha urardi.
Xudo bormi yo‘qmi, bilmayman. Insoniyat oyga borganmi yo‘qmi, bunga ham ishonchim yo‘q. Parallel olamlar bormi, bilmayman.
Lekin hayotning ma’nosi nimadaligini bilib oldim.
Va u hozir o‘sha stol ortida, noqulay iljaygancha o‘tiribdi.
Nafasimni ichimga yutib, orqaroqqa chekindim. Hali oldinga chiqmoqchi emasman.
Yo‘q.
Avval uni kuzatmoqchiman.
U nimadir deyishga hozirlanar ekan, mikrofonni olib, lablariga yaqinlashtirdi.
— Boshlashdan avval...
Joni halqumga kelgandek ohang. Toza, yoqimli ovoz. Aynan... aynan o‘sha o‘ziga jalb qiluvchi, sirli tovush.
Past ovozda ichimga qattiq tishlab oldim, nolishimni yashirish uchun.
Uni kuzatgancha devorga suyanib turdim. Jismim hayajonda, ongim esa butunlay qorong‘ulik ichida.
Mening ichimda qandaydir qora, yovuz va shafqatsiz narsa uyg‘ondi.
Men uni sindirishni xohlayapman. Uni bo‘laklarga ajratib, o‘zimning bo‘laklarim bilan bog‘lashni istayapman. Ular mos kelmasa ham, baribir ularni majburlab joyiga qo‘yaman.
Bilgan bir narsam bor — men endi ortga qaytmayman.
Va hech narsa meni to‘xtata olmaydi.
Men o‘zim uchun kichkina sichqoncha topdim.
Va endi uni tuzoqqa tushirmagunimcha to‘xtamayman.

2 - Bob o'z yakuniga yetdi. E'tiboringiz uchun raxmat.
- Translated by Seraphine

Maroqli mutola Crazy angels. Umid qilamanki, ikki og'iz fikr va reaksiyangizni ayamaysiz . . .