May 1, 2025

Xalqaro hamkorlik ta'lim sifatini oshirishning muhim omillaridan biridir

Bugun filologiya fakulteti Matnshunoshlik va adabiy manbashunoslik yoʻnalishi 2-bosqich talabalariga 2-jarayon birinchi juftligida boʻlib oʻtgan "Hozirgi oʻzbek adabiy tili" darsida Qirgʻiziston va Qozogʻiston Respublikasi oliygohlaridan tashrif buyurgan tadqiqotchi olimlar oʻqitish metodikasidan oʻzlarining mahorat darslarini oʻtib berdilar.

Dastlab Oʻsh davlat universiteti olimlari professor G.I.Toirova tomonidan talabalarga tanishtirildi va ushbu uchrashuvni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad haqida qisqacha toʻxtalib oʻtildi.

Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh davlat universitetidan tashrif buyurgan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Gaparova Chinarkan Abduraimova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Madumarova Malohat Qosimovna va filologiya fanlari nomzodi, dotsent Bekmuratov Zamirbek Topchuevichlar hamda Shakarim universiteti qozoq tili va adabiyoti oʻqituvchisi, Yevroosiyo Milliy universiteti doktoranti L.N.Gumilevalar oʻzlari tayyorlab kelgan mavzular bilan birgalikda talabalarni qiziqtirgan savollarga ham javob berdilar.

Birinchi boʻlib soʻzga chiqqan Oʻsh davlat universiteti dotsenti Ch.A.Gaparova oʻzining "qirgʻiz va oʻzbek tilidagi jargonlar" toʻgʻrisidagi maʼruzasi bilan boshlab berdi. Olima mashgʻulot davomida oʻzbek tilidagi jargonlar xususida talabalarning ham fikrlarini oʻrganib, ular keltirgan misollar asosida qirgʻiz tili bilan qiyoslab, mavzu mohiyatini ochib berishga harakat qildi.

Mashgʻulotni davom ettirgan M.Q.Madumarova esa oʻzining olib borgan tadqiqoti bilan bogʻliq yangiliklarni oʻzbek folklori bilan solishtirgan holda talabalarga qiziqarli maʼlumotlarni yetkazishga harakat qildi. Jumladan, qirgʻiz xalqining qahramonlik eposi - "Manas" dostoni va uning koʻlami, tarixi, qirgʻiz folklorida tutgan oʻrni haqida soʻzlar ekan, bu maʼlumotlarni oʻzbek xalq dostoni - "Alpomish" bilan chogʻishtirish asosida talabalarning mavzuga qiziqishini yanada kuchaytirishga erishdi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Z.T.Bekmuratov ham oʻzining qirgʻiz tilshunosligida yordamchi soʻzlar haqidagi qiziqarli maʼlumotlari bilan boʻlishish jarayonida talabalarga qirgʻiz va oʻzbek tilidagi mustaqil soʻz turkumlari va yordamchilar oʻrtasidagi farqli va oʻxshash jihatlarni koʻrsatib berdi.

Mashgʻulotni Shakarim universiteti qozoq tili va adabiyoti oʻqituvchisi, Yevroosiyo Milliy universiteti doktoranti L.N.Gumileva oʻzining noodatiy mahorat darsi bilan yakunlab berdi. Ushbu jarayon ancha izchil shakllantirilib, butun auditoriyani oʻziga jalb qila oldi.

Tadqiqotchi pedagogning yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishning yangicha omillari, zamonaviy taʼlimda pedagogik mahoratlar, taʼlim sifatini baholashda PISA xalqaro dasturi va ushbu taʼlim dasturini oʻzlashtirish boʻyicha Qozogʻiston va Oʻzbekiston taʼlimining dunyo miqyosida tutgan oʻrni haqidagi qiziqarli maʼlumotlari nafaqat talabalar, balki darsni kuzatib borayotgan oʻqituvchilar qiziqishini ham chetlab oʻtmadi.

Ayniqsa, mashgʻulot soʻnggida oʻtkazilgan kommunikatsiyada insonning muloqotga kirishuvchanlik qobiliyatini rivojlantirish boʻyicha noodatiy metodik mashgʻulot darsni yuqori saviya va aʼlo kayfiyatda yakunlashga xizmat qildi.

Darsni fan oʻqituvchisi, professor M.Q.Abuzalova va professor G.I.Toirova hamda Oʻzbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi oʻqituvchisi L.B.Avliyoqulovalar kuzatib bordilar.