EKOLOGIYA VA TABIAT
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirini oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston miqyosida «Yashil makon» umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz moratoriy amal qilmoqda.
Shu bilan birga, respublikada hudud rahbarlari, ekologiya va atrof-muhitni hamda huquqni muhofaza qilish organlarining e’tiborsizligi natijasida sohada o‘tgan davrda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, ayrim hollarda esa tabiatga va jamiyatga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazilgan.
Xususan, hududlarda, ayniqsa, shaharlarda havo ifloslanishi bo‘yicha holat tobora yomonlashib bormoqda, atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarning yukini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan, daraxtlar va butalarni kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida minglab daraxtlar noqonuniy kesilishi natijasida tabiatga milliardlab so‘mlik zarar yetkazilgan, daraxtlarning ildiz tizimlarini beton va asfalt bilan qoplash, ularga turli elektr chiroq va reklama moslamalarini ilib qo‘yish daraxtlarning jiddiy shikastlanishiga sabab bo‘lmoqda, jamiyatda hayvonlarga, shu jumladan, uy hayvonlari va qarovsiz hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari ko‘payib bormoqda, ularni identifikatsiya, chiplash, vaksinatsiya va sterilizatsiya qilishning zamonaviy tizimi mavjud emas, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda chorva mollari nazoratsiz va tizimsiz boqilishi holatlarining ortib borishi, yer osti suvlaridan ilmiy asoslarsiz foydalanish ekotizimlarning buzilishiga, katta yer maydonlari degradatsiyasining ortishiga hamda ularning cho‘llanishiga olib kelmoqda, oqibatda iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilmoqda.
Uzoqqa bormasdan viloyatimiz markazi Guliston shahri hamda tuman markazlaridagi umumiy ekologik holatlarga bir nazar tashlasak, bunday holatlarning tizimli ravishda ushbu kunga qadar faoliyat yuritib kelayotganligini, ekologik holatni bartaraf etish choralarini ko‘rish zimmasiga yuklatilgan tashkilotlarning hamda insonlarning befarqligi oqibatida tuproq, xavo va atrof muhitga juda katta salbiy zarar yetkazilayotganligi guvoxi bo‘lishimiz mumkin.
Misol uchun birgina Guliston shahri atrofida joylashgan issiqxonalarda yoqilayotgan ko‘mir, eski avtomashina shinalarini yoqilishi natijasida atmosferaga minglab tonnalab zararli inson xayoti uchun xavfli moddalar tarqatilayotganligi, ushbu zararli xavodan aholi nafas olayotganligi, ko‘pgina onko va allergik kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Yoki bo‘lmasa Guliston shahrida joylashgan “Vanga metall” korxonasi tomonidan temir armaturalar ishlab chiqarish va shunga o‘xshash ko‘plab temir va yog‘ochga ishlov beruvchi kichik korxonalar tomonidan temir va yog‘ochga ishlov berishda atmosferaga juda ko‘p miqdorda zararli moddalar chiqarayotganligi, ishlab chiqarilayotgan metallni yuvish uchun ishlatiladigan zaharli suvni to‘g‘ridan to‘g‘ri zovurlarga oqizishi natijasida aholi bilan birga tabiatga xam zarar yetkazayotganligi, insonlarda davolab bo‘lmas kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘layotganligi holatlari, shaharda joylashgan o‘nlab avtomashinalarni yuvish shaxobchalari tomonidan toza ichimlik suvini ishlatib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiq zovurlarga oqizib yuborish holatlari ekologlar, qonunlarni nazorat qiluvchi organlar tomonidan yetarli darajada urganilmayapti.
Bu esa xududimizda kelgusida ekologik fojia darajasidagi muammoga aylanish xavfini keltirib chiqarmoqda.
Shu sababli biz xozirdan aholi orasida ekologik madaniyatni yanada oshirish choralarini ko‘rishimiz, bog‘cha va maktablardan bolalarimizni tabiat to‘g‘risidagi tushunchasini boyitishimiz, aholiga bioxilma-xillikni asrash va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tartibga solish, daraxt, butalarni ekish va yashil hududlarni tashkil qilish hamda ularni muhofaza qilishni urgatish orqali ekologik vaziyatni tubdan yaxshilashimiz mumkin.
Buning uchun xar bir soha vakili o‘z vazifasini sidqidildan, xalol bajarishi, tabiat va ekologiya bilan bog‘liq holatlarda birinchi navbatda iqtisodiy naf keltirishni emas, tabiat va inson uchun, uning sog‘lig‘i va tinchligi uchun kerak bo‘ladigan suv, xavo va ona zaminning salomatligini saqlash uchun xarakat qilishimiz kerak.