GIYOHVANDLIK – ASR VABOSI
Giyohvandlikka qarshi kurashish, ularning zararli oqibatlaridan kishilarni xabardor qilish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish doimiy va muhim faoliyat turlaridan biridir.
Chunki asr vabosi – giyovandlikka chalingan kimsalar oilasining tinchi buzilayotgani, farzandlarining qarovsiz qolayotgani, o‘zlari esa salomatligini yo‘qotib, bevaqt o‘lim topayotgani hech kimga sir emas.
Odatda, narkotik moddalarning salbiy ta’siri turli a’zolarning shikastlanishi, hayot uchun muhim funksional tizimlarning izdan chiqishi, xastalikning psixik va fiziologik alomatlari rivojida ko‘rinadi. Narkotik modda iste’mol qilayotgan shaxs asta-sekin psixik jarayonlar faolligini oshiruvchi vositalarsiz hissiy idrok etish layoqatini yo‘qotadi.
Achinarlisi, hayot lazzatini giyohvand moddalarsiz tasavvur eta olmay qoladi. Bu esa giyohvandlikka chalingan shaxslarni jinoyat ko‘chasiga boshlaydi.
Tibbiyot qo‘llanmalarida keltirilishicha, qoradori inson organizmiga kirgach, ichaklarga surilib, qorindagi qon aylanish yo‘li bilan jigarga yetib boradi. Natijada jigar hujayralari ta’sirlanib, sirroz kasalligini keltirib chiqaradi. Qoradori qayta-qayta iste’mol qilinishi oqibatida jigar sirrozi kuchayib boradi. Jigar kichrayib, qotib qolgach, faoliyati susayadi. Uning hujayralari atrofida yog‘lar cho‘kib qoladi. Giyohvand moddalarning oqsillari xalaqit bergani uchun yig‘ilib qolgan зарарли moddalar qon aylanishi bilan markaziy asab tizimiga qadar yetib boradi. Asab hujayralari ishdan chiqib, yaroqsiz holatga kelgach, bemorning ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-achchiqni sezish qobiliyati yo‘qoladi.
Ma’lumki, asab hujayralari hayot moddasi sanalmish protoplazmadan tarkib топтан. Qoradori yetib borishi natijasida u o‘z harakatini tezlashtiradi yoki o‘ta susaytiradi yoxud tirishish-tortishish holati paydo bo‘ladi. Protoplazmaga o‘tkazilgan bunday salbiy ta’sirlar kishini giyohvand modda iste’molisiz yashay olmaydigan holatga keltirib qo‘yadi. Kashanda asablarini bir oz bo‘lsa ham tinchlantirish maqsadida giyohvand moddalarini iste’mol qilishga majbur bo‘ladi. Uxlay olmaslik, sustlik, ishtahasizlik, g‘amginlik, ko‘zning yoshlanishi, titroq, uvishish, tomirlarning bo‘rtib chiqishi, yurak o‘ynashi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish kabi xastaliklarga mubtalo bo‘ladi. Uning ko‘ziga giyohvand modda yoki uni sotib olish uchun kerakli mablag‘dan boshqa narsa ko‘rinmaydi. Ularni qo‘lga kiritish uchun har qanday qabih, ishdan ham qaytmasligi xatarli oqibatlardan darak beradi.
Shu sababli, mahallalar, maktablar boshqa o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda balog‘at yoshidagi o‘smirlar bilan o‘tkaziladigan muloqotlarning ahamiyati katta.
Chunki ilmiy izlanishlarga ko‘ra, narkotiklar bilan ilk marotaba tanishish odatda 15-17 yoshlilar orasida boshlanar ekan. O‘smirlik davrida inson gormonal jihatdan juda tez rivojlanadi. Bu davrdagi yoshlarning psixo-fiziologik holati dinamik jihatdan nihoyatda jo‘shqin o‘zgarishlarga boy bo‘ladi va o‘ziga xos tarzda ifodalanadi. Shu bois ota-onalar, o‘qituvchilar va mahalla ahlining o‘smirlardagi bu o‘zgarish va alomatlardan boxabar bo‘lishlari juda muhim sanaladi.
Kuzatishlarga ko‘ra, aksariyat hollarda narkotikmoddalarni iste’mol qilishga kishilarni, ayniқса, yoshbolalar va o‘smirlarni shaxsiy va ijtimoiy hayotdauchraydigan turli muammolar, qiyinchiliklarni yengaolmaslik, shaxsiyatiga past baho berish, o‘zi mansubbo‘lgan guruhning ta’siriga berilish hollari undar ekan. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun ota-onalar farzandlarining ichki dunyosidan boxabar bo‘lib borishlari ayni muddao sanaladi.
Bu illatdan qutilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetni shakllantirish eng samarali yo‘l hisoblanadi.