CHIQINDI XIZMATLARIDAN QARZDORLIGI BO‘LGAN ABONENTLARNING ELEKTR ENERGIYASI UCHUN TO‘LOVI CHEKLANADI
Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, xususan chiqindilarni boshqarish sohasida aniq bir maqsadga qaratilgan davlat siyosati olib borilmoqda. Xususan, sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi, tizimni xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda eski kommunal xo‘jaligi tizimidan bozor mexanizmlariga asoslangan xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etildi hamda mamlakatimizda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini oshirishga hamda ushbu sohaga tadbirkorlik subyektlarini faol jalb etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholining debitor qarzdorligi keskin o‘sishi mazkur xizmatlar uchun to‘lov intizomi darajasini oshirish zaruratini yuzaga keldi.
Endilikda, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarning elektr energiyasi uchun to‘lovi cheklanadi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 2025 yil 7 martdagi 1044-sonli Qonuni bilan belgilandi.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekistan Respublikasining Fuqarolik va Uy-joy kodekslariga, “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonunlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilinganidan keyin mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilandi. Bularga:
- O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 468-moddasi: “Energiya ta’minoti shartnomasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham nazardatutilishi mumkin” degan jumla bilan to‘ldirildi;
- O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi 134-moddasi 7-qismidagi: “bundan suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari” shakliga “qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari” degan so‘zlari qo‘shildi;
- O‘zbekistan Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi 850-sonli Qonunining
18-moddasi 1-qismi (5-xatboshi): shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni “bundan qonun hujjatlariga muvofiq qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun iste’molchilar qarzdorligining oldini olishga qaratilgan qoidalar mustasno” degan so‘zlar bilan to‘ldirildi;
- O‘zbekistan Respublikasi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi 939-sonli Qonunining 38-moddasi 1, 2-qismlari, 39-modda 5-qismi hamda 40-modda
3-qismida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarni qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilish, xabarnoma yuborilgan sanadan e’tiboran besh kunlik muddat va mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar ulardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklash shartlari, qarzdorlik bartaraf etilgan taqdirda esa cheklovni avtomatik ravishda bekor qilish kiritilgan. Bunda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar xizmatlari uchun to‘lovlarni hisob-kitob qilishning ishonchliligi hamda to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘ladi, shuningdek, mazkur talablar buzilgan hollarda iste’molchiga yetkazilgan zararning o‘rni qoplab beriladi.
Ushbu Qonun chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov intizomini mustahkamlashga hamda aholining mazkur xizmatlar uchun debitor qarzdorligini kamaytirishga xizmat qiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.