July 7

ASALARILAR MAKTABI

(Ertak)

Bor ekan-u yo‘q ekan, qadim zamonlarda, osmon doim moviy, gullar doim ochilib turganda, shamol esa faqat mehr bilan esadigan yashil bir vodiyda asalarilar maktabi joylashgan ekan. Bu maktab nafaqat ta’lim, balki tarbiya, do‘stlik, jasorat va hushyorlik saboqlarini beradigan sirli va g‘amxo‘r maskan bo‘lib, har bir kichik asalari uchun hayotga eshik ochuvchi maskan ekan.

Bu maktab gullar va rayhon barglari orasiga qurilgan shakarli asal yelimidan yasalgan sinfxonalardan iborat edi. Shiftida tomchilar shaklida asal chizilgan, derazalardan esa gulzor manzarasi kulib qarab turardi. Har bir sinfxona nafislik va mehnatsevarlik timsoli edi.

Quyosh hali g‘arb tomondan mo‘ralab, tong nurlarini yer yuziga sochayotganida, tong nafasi bilan uyg‘ongan kichkina asalari qizaloq hayajon bilan onasining yonidan ehtiyotkorlik bilan uchib chiqdi. Uning yuragi chaqmoqday urardi – bugun u ilk bor Asalarilar maktabiga boradi! Yo‘lda daraxtlarning shoxlari ham, g‘unchalar ham unga mehr bilan qarayotgandek tuyuldi. Havoda parvoz qilayotgan boshqa asalarilar esa unga yo‘l ko‘rsatuvchi yulduzlar kabi ko‘rinardi.

Sinf xonasiga kirgan zahoti uni gul barglari iforiga to‘la, yorug‘ va iliq muhit qarshi oldi. Devorlarda asalari bolalarining rasmga olingan portretlari, ularning qo‘llari bilan yasalgan asal tomchilaridan yasalgan «faxriy taxta» ilib qo‘yilgan edi. Sinf o‘rtasida esa Ona Asalari – dono, sabrli, mehr to‘la nigohli, qanotlari kulrang va yoshidan nur to‘kilgan ustoz – bolalarni kutib turardi.

Kichkintoy asalari yuragida biroz hayajon bilan sinfning orqa tomondan joy oldi. Qanotlarini yengil qoqib, o‘zini bemalol his etishga harakat qilar, ammo uning nigohida biroz uyat, biroz qo‘rquv bor edi. Shunda yonidagi bir asalari unga tabassum bilan qaradi:

– Salom! Men Oq Qanot asalariman. Bugun ilk bor maktabga keldim, – dedi u quvnoq ohangda.

Bu so‘zlar kichkintoy asalari qizaloqqa kuch bag‘ishladi. Yolg‘iz emasligidan shod bo‘lib, unga ham kulib qaradi. Shu onda yuragidagi qo‘rquv eridi. Ular bir zumda do‘stlashib, yonma-yon o‘tirishdi.

Dars boshlandi. Ona Asalari, avvalo, ularni gul tanlashda hushyor bo‘lish, asal yig‘ishda mehnatsevarlik, parvozda esa muvozanat va jamoaviylik tamoyillari bilan tanishtirdi.

– Har bir gul chiroyli, ammo har biri foydali emas. Ba’zilari zaharli bo‘lishi mumkin. Siz har doim hidni yuragingiz bilan tanlang, nafaqat ko‘zingiz bilan, – dedi ustoz chuqur ma’no bilan.

So‘ngra, amaliyot darsi boshlandi. O‘quvchilar gulzor sari parvoz qilishdi. Osmonda qanotlar shovqini, quvonchli qichqiriqlar yangrardi. Kichkintoy asalari yorqin, jozibali bir gulni ko‘rib, hayajon bilan o‘sha tomonga uchdi. Gul juda chiroyli edi, lekin unda g‘alati hid bor edi. Aynan shu payt Oq Qanot uni to‘xtatdi:

– Do‘stim, ehtiyot bo‘l! Bu gul haddan tashqari o‘tkir hidli. Ona Asalari aytgan-ku, bunday gullar zaharli bo‘lishi mumkin.

Kichkintoy asalari bir zum to‘xtab qoldi. Shu onda Ona Asalari yetib keldi, u barchasini kuzatib turgan edi.

– A’lo, Oq Qanot asalari! Sen haqiqiy do‘stsan. Kichkintoy, ba’zida eng jilvakor narsa – eng xav­f­­­li bo‘lishi mumkin. Hayotda ko‘rinishga emas, mazmunga qaranglar. Bugun siz do‘stlikning eng go‘zal ifodasini ko‘rsatdingiz.

Kechqurun, darslar tugab, quyosh vodiy ortiga o‘z nurlarini to‘kayotgan pallada kichkintoy asalari uyga qaytdi. U ko‘ngli quvonch, ko‘zlarida porloq orzular bilan onasiga bo‘lib o‘tganlarni hikoya qildi. Onasi esa unga kulib dedi:

– Esingda bo‘lsin, qizim, do‘st topish baxt, ammo do‘stni qadrlay bilish donolikdir. Hayotda har bir hodisani yuraging bilan his et. Har doim to‘g‘rilikni tanla.

Kichkintoy asalari bu so‘zlarni yuragiga muhrladi. O‘sha kecha u yostiqqa bosh qo‘yarkan, asta pichirladi:

– Har bir yangi tong saboq olish uchun yangi imkoniyatdir... Va u orzular ichida – ertangi kun ham do‘stligi, hushyorligi va sabr bilan o‘rganishga boy bo‘lishiga ishonib, osoyishta uyquga ketdi.

Roziyaxon RAHIMJONOVA,

Namangan shahar, 43-umumta’lim maktabida tashkil etilgan «Oftob» badiiy ijod va adabiyot to‘garagi a’zosi, 8-«G‘» sinf o‘quvchisi