DOSTONLARDAN KUCH OLGAN BOLALIK
Qozoqboy YO‘LDOSH… Aslida, bu nomning alohida ta’rif-u tavsifiga hojat yo‘q. Yirik adabiyotshunos, o‘zbek tilining qadr-qimmati haqida kuyunchaklik, o‘rni kelganda, keskinlik bilan fikr bildiradigan millatparvar olim. Bayram arafasida ustozni yo‘qlab, adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy domladan «Tong yulduzi» o‘qirmanlari bilan bolalik xotiralarini o‘rtoqlashishlarini so‘radik.
– Men 1949yilning 9-mayida Sirdaryoning shundoqqina bo‘yida joylashgan, hozir Sayxunobod deb ataladigan tumanga qarashli Shinkaryovka ovulida tug‘ilganman. Ovul Shinkaryov degan bir o‘ris boyning qo‘rg‘oni atrofida paydo bo‘lgani uchun shunday atalgan. Oktyabr to‘ntarishidan keyin boyni quloq qilibmi, qamabmi, yo‘q qilishgan, lekin faqat qozoqlar yashaydigan ovulda shu nom saqlanib qolgan. Ovul odamlarining tili kelishma‑ ganidan o‘z makonlarini «Shinkarobka» deb atashgan. Otam – Boybek XX asr 30yillarning oxirida ota yurti Zomindan uzoq Mirzacho‘ldagi shu Qozoqovulga oilasi bilan ko‘chib kelgan ekan. Nima uchun faqat qozoqlar yashaydigan ovulga ko‘chib kelgan, kimdir chaqirganmi, bilmayman?! Qozoqlar yashaydigan ovulda tug‘ilganim uchun menga Qozoqboy deb ism qo‘yishgan.
Opamlarning aytishicha, otam bir umr cho‘ponlik qilgan, jismonan o‘ta kuchli odam bo‘lgan. Bir o‘zi beshta yo‘lto‘sarni urib qo‘lga olgan, pichoq bilan tog‘dagi odamxo‘r ayiqni chavaqlagan, cho‘pon tayog‘i bilan bir nechta bo‘rini o‘ldirib, mukofot olgan. Onamning oti Anzirat bo‘lib, g‘oyat epli, g‘ayratli, oqila ayol bo‘lgan. Urush yillarida qandaydir o‘tlardan sovun yasab, butun qishloqning salomatligini saqlab qolishga sababchi bo‘lgan ekan. Men o‘n bir oylik ekanimda onamni qoraqurt chaqib o‘ldirgan. Daryoning bo‘yida, yovvoyi hayvonlar ko‘p bo‘lgan davrlar kovushini ichiga qoraqurt kirib qolgan ekan. Uch yoshga kirganimda otam ham kasallikdan vafot etgan. Onam qirq, otam esa yetmish uch yoshda dunyodan o‘tishgan. Onam o‘ndan ortiq farzand tuqqan bo‘lsa, shundan beshtamiz tirik qolganmiz. Shunday qilib, men – yashab ketishi gumon g‘irt yetim, o‘n besh yoshli Tursunoy opam, o‘n uch yashar Ko‘paysin akam, to‘qqiz yoshli Qizlargul opam va o‘zimdan iborat to‘rt yetim bola biz hali otaonamiz hayotligida turmushga chiqqan katta opamiz Hanifa va Tirkov pochchamiz qaramog‘larida qolganmiz…
Shunday qilib, pochchamlarning mahallasiga ko‘chib o‘tdik. O‘sha yerdagi maktabga chiqqanman. 1-sentyabr kuni maktab hovlisiga to‘planishdik. Bizlarni qandaydir bir xonaga olib kirishdi. Sinfda uch qator parta borligi, men o‘rta qatordagi ikkinchi partaning chap tomonida o‘tirganim, hozirgiday esimda. Yonimdagi bola kimligi esa yodimda qolmagan. 1-sinfdagi o‘qituvchimiz Husniya opa degan yoshgina ayol edi. Qishloqdagi ayollardan boshqacharoq kiyingani uchun ko‘zimga juda suluv ko‘ringandi. O‘qituvchimizning oppoq yuzli, sariq sochli bo‘lgani aniq esimda. Muallima bizlar bilan tanisha boshladi. Bolalar bitta-bitta o‘rnidan turib, opaning qandaydir so‘rovlariga bir nimalar deb javob berishardi. Men bunday joyni ham, sinfdagi jihozlarni ham, bolalarni ham birinchi bor ko‘rayotganim uchun bo‘lsa kerak, hayajonlanar, hech xayolimni bir joyga yig‘ib ololmasdim. Bir vaqt yonimdagi bola meni turtdi. Qarasam, muallima menga qarab turgan ekan. Otimni so‘radi, aytdim. Opa so‘rashni davom ettirdi:
Mendan nima so‘ralayotganini tushunmaganimdan yonverimga qarab:
Sinfda hech kim ustimdan kulmadi. Chunki u vaqtlar «familiya» degan so‘zni uyida eshitgan bolalar unchalar ko‘p bo‘lmasdi.
– Otang kim? Oti nima? – dedi o‘qituvchi.
Men javob bergunimcha bir hushyorroq bola:
– Bu Tirkov akaning qaynisi, – dedi.
– Ertaga familiyang qanday bo‘lishini bilib kelgin, maylimi? – dedi muallima muloyimlik bilan. Maktabning ilk kuni ana shunday qiziqarli, o‘zgacha o‘tgan… Chamasi, 2-sinf o‘quvchisi edim. Maktabimizda archa bayrami bo‘ldi. Bizning sinfdan ham kimdir she’r o‘qishi kerak bo‘ldi. Meni xotiram yaxshi edi. Ko‘p she’rlarni yoddan bilardim. Shu sabab bo‘lsa kerak, meni sahnaga chiqarishdi. Quddus Muhammadiyning «O‘quvchiga esdalik» she’rini yoddan o‘qidim. Shunday uzun she’rni ifodali aytganim uchun direktorimiz mukofot sifatida «Oq otli» degan bir kitob berdi. Bu kitob kimnikiligini hech eslolmayman. Uyga bora solib, kitobni o‘qishga tushdim. Qiziqib qoldim. Kitob degani juda yax‑ shi narsa bo‘lar ekan. Shu vaqtgacha darsliklardagi matnlarni o‘qirdimu, negadir ular meni o‘ziga tortmasdi. «Oq otli»dan keyin qo‘limga tushgan bosma harfda bitilgan hamma narsani yutoqib o‘qiydigan bo‘ldim. Kolxozimizdagi g‘aribgina kutubxonaning ham, maktab kutubxonasining ham kitoblarini o‘qib tashladim…
3-sinfdan boshlab doston o‘qishim, haq to‘lanmasada, rasmiy yumushga aylandi. Bu hol tasodifan yuz berdi. Kech kuz noyabr oyining oxirigacha paxta terilardi. Paxta tugab, ochilolmay bujmayib qolgan ko‘saklar ham terilib, uyga olib kelinib, ochib chuvilardi. Kun bo‘yi terilgan ko‘sak tun bo‘yi chuvilishi, ertalab undan chiqqan paxta qayergadir olib borib topshirilardi. Bir kuni pochcham qayerdandir «Alpomish» dostonini topib keldi. Kitobni 9-sinfga boradigan qo‘shnimizga har kuni o‘qitardi. Men unda 2 yo 3-sinfda o‘qirdim. «Alpomish»dagi so‘zlarning qudrati va jozibasiga shu qadar intiq edimki, bu dostonni men o‘qisam, boshqacha mutolaa qilaman, deb yurardim. Lekin bu gaplarni birovga ayta olmasdim. Kunlarning birida qo‘shnimiz kayfiyati yo‘qligidanmi yoki dostonning qiyinroq joyiga kelib qoldimi, tutilib-tutilib mutolaa qildi, o‘qiganida shira bo‘lmadi. Keyin pochcham uni to‘xtatib, «Qani, Qozoqboy, sen o‘qib ko‘rchi», dedi. Kitobni qo‘limga olib, uni ohang bilan ravon o‘qishga kirishdim. Meni eshitgan pochcham: «Mana, dostonni qanday o‘qish kerak! Qozoqboy, sen bugundan boshlab «Alpomish»ni o‘qiysan, sen esa ko‘sak chuviysan», dedi qo‘shnimizga qarab. O‘sha kundan boshlab «Alpomish» menga yod bo‘lib ketdi. U men uchun tengsiz doston.
Menda so‘zdan ta’sirlanish shu dostondan boshlangan, deb o‘ylayman. Shunday qilib, pochcham qayerlardandir doston topib keladi – men bo‘lsa, o‘qigich! «Alpomish», «Kuntug‘mish» dostonlarini o‘qib tugatganmiz. O‘qish asnosida ko‘ngli siniq, yetim bo‘lganim uchun menga dostonlar juda qattiq ta’sir qilardi. Kitob bilan oshno bo‘lgunimcha,yolg‘iz men baxtsizman, deb o‘ylardim. Ammo ularni o‘qib bildimki, dunyoda tashvishi, armoni, iztirobi bo‘lmagan odam yo‘q ekan. Kitoblarda hayotda menikiga o‘xshab ketadigan son-sanoqsiz odamlarni uchratdim. Ular bilan do‘stlashdim. Taqdirimdan unchalik norozi bo‘lavermaslikka o‘rgandim. Ko‘sak chuvish davri tugagach ham mening doston o‘qishim to‘xtab qolmadi. Qish kunlari uyimizga, yaqinroq qo‘shnilarnikiga aziz mehmon kelsa, meni chaqirtirib doston o‘qitadigan bo‘lishdi. Ma’lumki, mehmonning oldiga qand-qurs qo‘yiladi. O‘shalar mening «qalam haqim» bo‘lardi…
Maktabda yaxshi o‘qiganman. Ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlarni, adabiyotni yaxshi ko‘rardim. Adabiyot darsini o‘qimasdim, balki unda yashardim. Nafaqat she’rlar, balki nasriy asarlarning ham ko‘pchiligini yodlab olardim. Bolaligimdan badiiy asarlardagi so‘zlarning go‘zalligi meni hayratlantirar, ulardan zavqlanardim. Lekin eng yaxshi ko‘rgan o‘qituvchilarim: matematik Habibulla O‘rolov, geograf Shodiboy Karimov, tarixchi Karim Tursunov degan muallimlar edi.
Har bir o‘quvchi, har bir o‘zbek farzandi o‘z tilini qadrlashi, avaylab-asrashi kerak. Til bu – beparvo bo‘lish mumkin bo‘lmagan bebaho ne’mat. Chunki pala-partish, o‘ylamay turib gapirish, begona so‘zlarni ishlata berish natijasida tilimiz boyligini yo‘qota boradi, kambag‘allashadi. Aslida esa, o‘zbek tili dunyodagi eng boy va nozik tillardan biridir. Bu bejiz emas, xalqimiz qadimdan yuksak madaniyat sohibi bo‘lib kelgan. Masalan, faqat «Go‘ro‘g‘li» turkumidagi dostonlar soni 100 dan oshadi. Hozirgacha dunyoda bir yo‘nalishda shuncha ko‘p doston yaratgan xalq yo‘q. Yana birgina «Alpomish» dostonining o‘zi 35 ta variantda aytilgan. Bu – o‘zbek xalqining so‘z boyligi, ijodkorligi va nutq madaniyatining yorqin dalilidir.
Dunyodagi har bir narsa hodisani ifodalashga kuchi yetadigan tilimiz bor. Ba’zan kimdir bir ruscha so‘zni eslab, uning o‘zbekcha muqobilini topa olmasa, «tilimiz kambag‘al» deb shoshilinch xulosa chiqaradi. Bu – xato. Masalan, maktabdagi «doska» so‘zini olaylik. Rus tilida eshik, pol yoki sinfda yozish uchun ishlatiladigan yog‘och materialning barchasiga «doska» deyiladi. Nega biz taxta demaymiz? Holbuki, u taxta, Navoiylar o‘qigan davrda XIX asrning oxiri XX asrning boshlarigacha maktabda taxtaxonlik bosqichi bo‘lgan. Bu bosqichda ota-onalar farzandlariga taxtani yaxshilab randalab berib, silliq taxtaga bolalar kesak bilan yozib o‘rganishgan. U paytda katta keng sinf taxtalari bo‘lmagan. Qog‘oz nihoyatda qimmat, taqchil bo‘lgan. Taxta degan so‘zdan hech xijolat bo‘lmaslik kerak. Demoqchimanki, o‘zimizning so‘zlarni ishlatishga bolalar qunt qilishlari kerak. Sizlardan so‘rovim, iltimosim shuki, dunyo darajasida fikrlaydigan odam bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, badiiy asar o‘qing. Birinchi navbatda, o‘z tilingizni seving. Har biringiz ota-onangizni yaxshi ko‘rasiz. Til esa bizning ona tilimiz, onamizning tili. Unga beparvolik, hurmatsizlik qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Tilimiz nihoyatda odobli bo‘lishni taqozo qiladigan til. Masalan, bizda «odam o‘ldi» demaydi, dunyodan o‘tdi, qazo qildi, vafot etdi, deb aytiladi. Tilimizda yomon so‘zlar tilga olinmaydi. Deylik, ilon, bo‘ri degan odamga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan jonivorlarning nomi boshqa ramziy so‘zlar bilan aytiladi. Bo‘rini jondor, ilonni qamchi, deb gapiriladi. Falon joyda qamchi ko‘rib qoldim, degani, chavandozning qamchisini emas, ilonni ko‘rganini aytayotgan bo‘ladi. Ilon deganda, ilon shu yerda paydo bo‘lib qolmasin, degan hadik bilan aytiladi. Bizning til ishlangan, ramziy, go‘zal zodagoncha til. Sizga darsliklaringizni yozgan bobongiz sifatida shunga e’tibor berib, badiiy asarlarni ko‘proq o‘qib, nutqingizni rang-barang qilishni, boyitishingizni tilagan bo‘lardim.
Dunyoda odam o‘z o‘rnini topish uchun bilim kerak. Lekin bizda hozir yanglish bir qarash ketayotirki, bitta chet tilini bilsang, kifoya qiladi. Shu bilan hayoting o‘nglanib ketadi, degan. Tilni bilish mumkin, lekin odamda o‘sha tilni ishlata oladigan farosat, aql, bilim kerak bo‘ladi. Tilni bilsang, quruq tilni bilib o‘tiraverasan. Odam o‘ziga munosib, o‘zi orzu qilgan, mo‘ljallagan darajaga erishmoq uchun o‘quvchi chuqur bilimga ega bo‘lishi kerak.
Sizlarning avlod vakillarining tili nimaga qashshoqlashib boryapti? Nega millatning katta qismi o‘zbek tilida jo‘yali, jozibali qilib so‘zlashni bilmaydi? Sababi, bugun odamlar badiiy asarni o‘qishga qiziqmay qo‘ydi. Buning nimasi fojia? Bunday odamlarning tuyg‘ulari qashshoq, quruqshab qoladi. Bunday odamlar 25 yoshida kampir va chol bo‘lib qolaveradi. Chunki tuyg‘u yangilanmaydi, ta’sirchanlik yo‘qoladi, birovning quvonchi va tashvishini qabul qilish pasayadi. Masalan, kitobxon Kumush yo Otabekning halokatini o‘qib yig‘laydi, sababi, Kumushning dardi unga yuqadi. «O‘tkan kunlar» kabi asarlarni o‘qib, birovning tuyg‘usini yuqtirishga o‘rganmagan odamlar faqat foyda keltiradigan narsani o‘ylaydigan bo‘ladi. Yoki «Xolangni ko‘rib kelish kerak», desa, «Telefonda gaplashdik-ku», deydi. Amaliy jihatdan qaraganda, uning gapi to‘g‘ri: telefonda gaplasha oldi, qarindoshining ahvoli yaxshi. Vaqtni, pulni sarflab borib kelishdan nima foyda?! Bu odat ertaga tog‘aga, keyin ota va onaga, undan so‘ng bolaga nisbatan shakllanadi. Shunday qilib, bemehrlik paydo bo‘ladi. «Nimaga men endi ota-onamni quchoqlab yotishim kerak?», «14 yoshimdan keyin mustaqil yashayman», deydigan kunbotishcha qarashlar shu tariqa paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman. Badiiy asar ana shu boylikni, ana shu ne’matni beradi.
O‘quvchi yoshlarda ko‘pincha shunday o‘y bo‘ladi: menga matematika kerak emas, men fermer bo‘laman, menga fizika kerak emas, men shifokor bo‘laman, menga adabiyot kerak emas, men injener bo‘laman, deganga o‘xshash yanglish tasavvur. Odam maktabda qandaydir kasb egasi bo‘lish uchun o‘qimaydi. Maktabda hayotga tayyor bo‘lish uchun o‘qiydi. Hayotga tayyor bo‘lish degani odam o‘zidan boshqa odamlar bilan muomala qila oladigan darajaga ko‘tarilish kerak. Odamlar gapini tushunib, o‘ylagan o‘yini boshqalarga tushuntira olishi kerak. Ana shunda odam o‘qimishli odam darajasiga ko‘tariladi. Men sizlarni dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarining yoshlaridan ortiq bo‘lsa ortiq, kam bo‘lmagan o‘quvchilar bo‘lishlaringni tilayman. Alloh sizlarga bu yo‘lda iroda, kuch-qudrat, qunt bersin. O‘qish, bilim olish dunyodagi eng og‘ir ish. Bu juda ham osonlikcha amalga oshadigan ish emas. Lekin bizning ota-bobolarimiz hamisha bilimdon bo‘lib kelishgan, ilmni qadrlashgan. Ishonamanki, bizning o‘zbek bolalari uchun ham ilm olish hecham qiyinchilik tug‘dirmaydi.