ENG GO‘ZAL GO‘SHA
«Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!» tanloviga
Maktabda ustozlarim «Vatanni sevish kerak», degan gaplarini eshitib, o‘ylanib qolaman: «Men O‘zbekistonni nega yaxshi ko‘raman?». Bu savolga javob topish uchun ko‘zimni yumib, meni o‘rab turgan olamni tasavvur qilaman.
Men yaxshi ko‘rgan mehribon ota-onam, yaqinlarim doimo yonimda. Shinam va chiroyli maktabimiz, bir-biridan mehribon ustozlarim bor. Birinchi muallimim Shoira ustozim bizga Vatanimizni jon dildan sevishni, yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz kerakligini tez-tez uqtiradi. Boshqa yurtlardagi notinchliklarni misol keltirib, bag‘rimizdagi tinchlik-xotirjamlikni qadrlashga o‘rgatadi.
Televizor yoki internetda yangiliklarni ko‘rganimda, yuragim eziladi. Dunyoda bo‘layotgan urushlarni, portlashlarni ko‘rib, qo‘rqib ketaman. U yerdagi mening tengdoshlarim – begunoh bolalarning uylari vayronaga aylanyapti. Eng yomoni, ular urush tufayli yaqinlaridan ayrilib, otasiz, onasiz yolg‘iz qolishyapti. Ularning ko‘zlaridagi yoshni, qo‘rquvni ko‘rganimda, jonajon O‘zbekistonimda erka farzand bo‘lib, xotirjam ota-onam bag‘rida baxtli yashayotganimni his qilaman. Bolajonlarning kiyimlari yupun, och-nahor yurganlarini ko‘rib, beixtiyor oyijonimga: «Bunaqa ovqat yemayman, bu kiyimni kiymayman!», deb qilgan injiqliklarimni eslab, o‘zimdan uyalib ketaman.
Mana shunday og‘ir manzaralarni ko‘rganimdan keyin hovliga chiqib, atrofga ko‘z yugurtiraman. Bog‘imizdagi daraxtlarda qushlarning quvnoq chug‘urlashi eshitiladi. Oyim ekkan atirgullar shunday chiroyli ochilganki, ifori odamning bahri dilini ochadi. Uyimizda xotirjamgina yurgan mehribon ota-onamni ko‘rib, quvonaman. Bizning yurtda urush yo‘q, bombalar vahimasi eshitilmaydi. Biz tunda qo‘rqmasdan, tinchgina uxlaymiz, ertalab esa yuzimizda tabassum bilan maktabga oshiqamiz.
Hozir ta’til bo‘lsa-da, men maktabimni, ustozlarim, do‘stlarimni juda sog‘indim...
Bu yil jonajon o‘lkamiz o‘z mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. Men Vatanimizni mana shu osoyishta va musaffo osmoni uchun, meni o‘z bag‘rida xavf-xatarsiz asrayotgani uchun, bolaligimni baxtli kunlari uchun chin yurakdan sevaman! Men dunyodagi barcha bolajonlarning ota-onasi bag‘rida, tinchlik-omonlikda yashashini xohlayman. O‘z Vatanimni esa dunyodagi eng xavfsiz va eng go‘zal go‘sha bo‘lgani uchun yaxshi ko‘raman va u bilan faxrlanaman!
Vatanimiz doimo tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Samarqand viloyati, Payariq tumanidagi 79-umumta’lim maktabi o‘quvchisi