January 9

RASSOM VA TABIAT

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining markaziy ko‘rgazmalar zalida an’anaviy «Rassom va tabiat» ko‘rgazmasi ochildi. Unda badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondidan olingan taniqli ustalarning manzaraga oid hamda 300 dan ortiq yangi mualliflik ijodiy ishlari namoyish etilmoqda. Joriy yilda loyiha o‘zining 40 yilligini nishonlamoqda. Shubhasiz, bu O‘zbekiston tasviriy san’ati tarixidagi eng uzoq davom etayotgan va eng muvaffaqiyatli ko‘rgazma loyihalaridan biridir.

Ochiq osmon ostida – plenerda ishlash yosh rassomlar tayyorgarligining ajralmas qismi bo‘lib, yetuk ustalar uchun esa yangi asarlar yaratishda kuchli ilhom manbai vazifasini bajargan. Ayrim ijodkorlar — E. Melnikov yoki G. Chiganov singari asarlarini bevosita plenerda yaratgan bo‘lsalar, boshqalar tabiatdan olgan taassurotlarini ustaxonada, xotira asosida yoki etyudlarga tayangan holda ishlaganlar. Qanday bo‘lmasin, tabiat doimo rangtasvirchilar, akvarelchilar va haykaltaroshlar e’tiborida bo‘lgan. Yubiley ko‘rgazmasi retrospektiv formatda o‘tkazilmoqda. Rangtasvir ko‘rgazmada yetakchi o‘rinni egallab, ijodiy uslublarning xilma-xilligi, ranglar boyligi va his-tuyg‘ular rang-barangligi bilan tomoshabinni hayratga soladi.

Ekspozitsiyada «Tong», «Sharshara», «Issiqko‘l», «Anorlar», «Hovli», «Yomg‘ir oldidan», «Sharq yozi», «Tovoqsoy.Bahor», «Chirchiq», «Zomin», «Birinchi qor», «Kuz manzarasi», «Tog‘larda kuz», «Oqshomdagi tog‘lar», «Qish ohangi», «Qish ertagi», «Bahor kayfiyati», «Bahorda Chimyon», «Qish manzarasi», «Tungi Buxoro», «Burchmullada kuz», «Yangi kun», «Maysalar ustidagi nonushta», «Qamchiq dovoni», «Yoz mevalari», «So‘qoqda qish» kabi ijod namunalari o‘rin olgan.

San’at asarlari yonidagi davra suhbatida ta’kidlanganidek ushbu yubiley vernisaji tabiatga bag‘ishlangan o‘ziga xos madhiya bo‘lib, u energiya, fantaziya, teran kuzatuvchanlik va atrof-muhitga bo‘lgan cheksiz muhabbat bilan sug‘orilgandir.

Hasan ABDUNAZAROV, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi