July 3

Vazir yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Poytaxtimizning Bektemir tumanidagi 358-maktabda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ishtirokida “Vazir va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda Bektemir tumani hokimi Nurilla Abdurahmonov, vazirlikka biriktirilgan ishsiz yoshlar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Ochiq muloqot chog‘ida yoshlarning kasb tanlash, kelajak rejalari va qiziqishlari haqida fikr almashildi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan taklif va murojaatlarini bildirdi. Xususan, bandlikni ta’minlash, xorijiy tillarni o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda oliy ta’limda tahsilni davom ettirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, tadbir doirasida vazir E’zoza Karimova 358-maktabda tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchasi faoliyati bilan tanishdi va to‘garaklardagi jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.