August 25

«BAHOR»NING ZIYODASI

BOLALIK KUNLARIMDA...

«Bahor» ansambli nafaqat O‘zbekistonda, balki xorij davlatlarida ham ma’lum va mashhur. Ayni damda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambliga rahbarlik qilayotgan mahoratli xoreograf, baletmeyster – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ziyoda MADRAHIMOVA sahifamiz mehmoni. Ustoz san’atkor siz o‘quvchilarga o‘z bolaligi, ota-onasi va ustozlari bilan bog‘liq xotiralarini so‘zlab berdi.

SAHNADA O‘TGAN BOLALIK

Men Farg‘onada san’atkorlar oilasida dunyoga kelganman. Ota-onam – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ubaydulla Madrahimov va Ergashxon Mirmahmudova bo‘lib, marhum san’at arboblari – Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Muhiddin Qori-Yoqubov, Tamaraxonim, Gavhar Rahimova, Mukaramma Turg‘unboyeva, Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirov, Murodjon Ahmedov singari sanab adog‘iga yetmaydigan darg‘alar bilan yaqin hamkor bo‘lishgan. Aytib o‘tilgan insonlar bu – san’atimiz ildizlari, agar ular bo‘lmaganda, o‘zbek san’ati bu darajada yuksalmagan bo‘lardi.

Oilada olti nafar farzand – ikki o‘g‘il, to‘rt qizning kenjasiman. Ismimga to‘xtalsak, kattalar nuqul mendan «Seni qanday ortiq joying bor?» deb ismimning mohiyatini so‘rashar edi. Agar o‘g‘il bola biror joyida ortig‘i bilan tug‘ilsa, ismini Ortiq, qiz bola tug‘ilsa Ziyoda deb qo‘yishar ekan. Shuni ota-onamdan so‘radim. Men dunyoga kelganimda onam: «O‘g‘il tug‘ilsa yaxshi bo‘lardi. Uch o‘g‘il, uch qiz farzandli bo‘lardik», deganida, otam: «Uch qizingiz o‘z yo‘liga, bu qizingiz boshqalardan ziyodasi bo‘ladi. Shuning uchun qizimizga Ziyoda ismini qo‘yamiz», degan ekan. Bolalikda «Farzandlarning ziyodasi o‘zim ekanman-da», deya faxrlanib yurardim. Tamaraxonim Toshkentda ijod qilib yurganida, estrada teatrini ochish uchun butun respublikadan iste’dodlilarni poytaxtga taklif qila boshlaydi. Ularning orasida ota-onam ham bor ekan.

1955-yilda biz oilaviy Farg‘onadan Toshkentga ko‘chib keldik. Kenja farzand bo‘lganim bois, onam meni yer-u ko‘kka ishonmay, o‘zi bilan birga olib yurardi. Esimni tanibman-ki, bolaligim sahna ortida o‘tdi. Ko‘z oldimga musiqa, sahna, teatr, mehmonxona keladi. Faxr bilan ayta olamanki, Tavakkal Qodirov, Muhammadjon Mirzayev, Murodjon Ahmedov kabi ustozlarning qo‘lida katta bo‘ldim. Ustozlar farzandlari, nevaralarini sog‘inishgan paytda, meni erkalab, suyib, armonini chiqarishar ekan. Sahnada konsert ketayotgan paytda, men burchakda stulda o‘tirardim. Ular meni ko‘rib, o‘zlariga ilhom olishardi...

Bir kuni qattiq shamollab qolibman. Ayam konsertga bormay, men bilan mehmonxonada qolgan. Dadam boshchiligida san’atkorlar konsertni o‘tkazib, qaytib kelishgan. Isitmalab yotsam, Muhammadjon Mirzayev rubobi bilan oldimga kelib, «Ziyoda, yaxshi ish qilmading. Sen konsertga bormading, biz konsertni yo‘q qilib keldik. Xalq ham, Ziyoda kelmadi, biz ham konsertni ko‘rmaymiz, deb qaytib ketdi», dedi (Aslida bunday bo‘lmagan, meni tezroq tuzalishim uchun shunday degan). Men ham bolaman-da, konsertlarga bormasam, qoldirilar ekan-da, deb o‘ylaganman. Ayam aytishlari bo‘yicha, Muhammadjon aka rubobini chalarkan-da, men isitmalagan holimda o‘ynarkanman. U paytlari bir joyga safarga chiqilsa, bir-ikki oylab ketishar ekan. Hozir esa, ko‘pi bilan bir hafta gastrolga borib kelish mumkin.

1-sinfga chiroyli ko‘ylaklarni kiyib, sochimga tasmalarni taqib, maktabga bordim. O‘qib yurgan paytim, aeroportda ishlaydigan opam:

– Ziyoda, seni ertaga samolyotga o‘tqazib yuboraman, – dedi.

– Axir men maktabda o‘qiyotgan bo‘lsam, bir o‘zim qanday samolyotga chiqaman?

– Ayamning toblari qochib qolibdi. Ayam mensiz ichikib qolgan ekan. Xullas, ertasiga Farg‘onaga uchib ketdim. Kelishimni shunday bayram qilishgan, ulardan baxtli inson yo‘q edi, o‘shanda.

«YOSHLIK» ARENASIDA...

Maktabdan uch oy ta’tilga chiqqanimda, vaqtim ko‘proq o‘rtancha opam Nasiba bilan o‘tardi. Opam meni «Bahor» ansambli bilan birga olib yurardi. O‘sha paytda birinchi marta Mukarrama Turg‘unboyevani ko‘rganman. Mukarrama opa sochlarimni silab, menga razm solib, «Sen Nasiba opangning yo‘lidan borishing kerak. Onangga aytgin, Xoreografiya bilim yurtida o‘qib, «Bahor» ansamblida ishlashing kerak», degan. Mashg‘ulot jarayonini kuzatib turib, raqs unsurlarini eslab qolishga harakat qilardim. O‘shanda meni raqs san’atidan borish maqsadim shakllandi. Xoreografiya bi lim yurtiga 6-sinfdan kirish mumkin edi. Men ungacha o‘quvchilar saroyida tashkil qilingan to‘garakka qatnay boshladim. To‘garak rahbari Bella Arityunova edi. Raqs bo‘limiga Gulchehra Jamilova, Qizlarxon Do‘stmuhammedova, Dilafro‘z Jabborovalar, drama bo‘limiga Farrux va Jamshid Zokirovlar, Rustam Sa’dullayev kabi ko‘zga ko‘ringan san’atkorlar qatnashgan. Saroyning qandaydir sehrli jihati bormikan, ko‘plab mashhur san’atkorlar shu to‘garakdan chiqqan. Binoning to‘g‘risidagi eski Qo‘g‘irchoq teatri yonida chuchvaraxona ham bor edi. To‘garakdan chiqib hammamiz o‘sha yerga yopirilib boradik. Hanuzgacha o‘sha chuchvaraning ta’mi og‘zimda qolgan. Hammamiz archa bayramini kutardik. Bayram «Yoshlik» arenasida o‘tkazilardi. 10 kun davomida archa bayrami bo‘lardi. Biz raqs tushsak, Farrux va Jamshid Zokirovlar, Rustam Sa’dullayev ertak qahramonlarini ijro qilishardi. Bolaligimni eslarkanman, yana o‘sha go‘zal davrga qaytgim keladi. Eng go‘zal xotiralar ham bolalikda qolgan. Maktabda o‘qib yurganimizda, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida masofa saqlangan. Tengma-teng gaplashish, o‘chakishish bo‘lmagan. Hozirgi yoshlar foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlarda har xil zararli kontentlar ularning ongini zaharlayapti. Natijada, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida har xil ko‘ngilsiz voqealar ro‘y beryapti. Bizga shunday tarbiya berilardiki, kattadan oldin avtobusga chiqmaslik, yoshi ulug‘larga joy berish lozim edi. Oila davrasida bir lagandan ovqat yerdik. Qachonki, oilaning kattasi ovqatga qo‘l uzatmay turib, bolalar ovqat yeya boshlashi hurmatsizlik hisoblanardi. Metroga keksa odam chiqsa-yu, yoshlar joy bermasligi – bu oilada yetarlicha tarbiya berilmayotganidan dalolat. Men o‘zim ko‘rgan tarbiyani farzandlarimga, hattoki shogirdlarimga ham o‘rgataman. Chunki, tarbiya, tartib-intizom doimo muhim.

Bolaligimda gazeta-jurnallarni, jumladan, «Tong yulduzi», «G‘uncha» kabi bolalar nashlarini doimiy o‘qib borganman. Suratlarim bosilgan har bir sonini intizorlik bilan kutib, ularni esdalik uchun yig‘ib qo‘yardim. Qolaversa, krossvord, skanvord kabi boshqotirmalarni yechish qiziqarli mashg‘ulotim edi. Bolalikdan insonlar e’tiboridaman. Ko‘plab rejissorlar kinoga taklif qilardi. Yosh tomoshabinlar teatrida spektakl sahnalashtirilganda meni yosh qizcha obraziga taklif qilishgan va men kichik rol ijro qilganman.

MUKARRAMA OPANI ESLAB...

Lutfixonim Sarimsoqovani o‘zbekning «Aya»si deyishsa, Mukarrama Turg‘unboyevani o‘zbekning «Opa»si deb hisoblashadi. Ustozimizni ismi bilan chaqirishga tilimiz bormasdi. O‘zimizning yaqin insonimiz kabi «opa», deya murojaat qilardik. Mukarrama opa haqida soatlab gapirishimiz mumkin. Ustozimiz san’atda raqs malikasi bo‘lsa, hayotda madaniyatli ayol edi. Opa har bir raqsni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga harakat qilgan. Obro‘sini saqlash uchun to‘y davralariga chiqmagan. Raqqosa o‘yinchi degani emas. O‘yinchi deb sirkda, sportda turli harakatlarni qiladiganlarni ham aytish mumkin. Bu borada raqqosaga o‘yinchi nisbatini qo‘llash xato. Meni u kishini sahnada, davralarda, ko‘cha-ko‘yda o‘zini tutishiga razm solib, hayron qolardim. Onamizdek mehribon, samimiy do‘st va ibratli ustoz siymosini aynan Mukarrama opada ko‘rsangiz bo‘ladi. Agar biror qiz kayfiyatsiz ishga kelsa, opa chetga olib, nega xafa ekanligini so‘rab, yupatib, ko‘nglini ko‘tarardi. Agar biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysak, «siz»lab gapirganining o‘zida tushunib olardik. Tanbehlaridan ham bir chimdim mehrni his etishingiz mumkin. Vaqti kelsa, onamizga aytolmagan sirlarimizni opamiz bilan bo‘lishardik. Mukarrama opa kiyinishimizga alohida ahamiyat bergan, yensiz ko‘ylak, shim kiyishimizga, sochimizni kesishimizga yo‘l qo‘ymagan, ya’ni haqiqiy o‘zbek qizidek iffatli, nafosatli, go‘zal bo‘lishimizni istagan. Kelajak avlod Mukarrama opadek serqirra san’atkor, jonkuyar ustoz va mehribon onani bilishini, ibrat olishini istagan bo‘lardim.

«Bahor» ansambliga kelishimni Nasiba opam unchalik xohlamagan, «Ansamblda nima qiladi, undan ko‘ra yaxshilab o‘qisin», degan. Opam turmushga chiqib ketgani uchun, unga bildirmay 1972-yilda qutlug‘ dargohga ilk bor keldim. Nasiba opam hayron qolgan bo‘lsa, Mukarrama opa xursandchilik bilan qarshi olgan. Hujjatlarni rasmiylashtirib, hali raqs ijro qilmay turib, meni Navoiy teatriga yuborishgan. Hayron bo‘lib tursam, Mukarrama opa haqida «San’atga bag‘ishlangan umr» degan film olinayotgan bo‘lib, unga yangi kelgan qiz so‘rashgan ekan. Syomkaga bordim, Qahramon Dadayev doira chalyapti, opa menga raqs harakatlarini o‘rgatyapti. «Bayot» raqsining kostyumlarni kiygan holda, filmda suratga tushdim. «Bahor»dagi birinchi kunim shu tarzda o‘tgan.

Kitobxon sifatida Odil Yoqubov, O‘lmas Umarbekov, Normurod Narzullayev singari ijodkorlarimizning kitoblarini maroq bilan o‘qiyman. Kitob – eng yaxshi do‘st ekanini unutmasligimiz kerak. To‘g‘ri, internet keng tarqala boshlayapti, telefon orqali ham kitob o‘qisangiz bo‘ladi. Biroq, bosma kitobning zavqini berolmaydi.

Yillar o‘tib, shu ansamblga badiiy rahbar bo‘lishimni hech xayolimga keltirmaganman. Mustaqillikning dastlabki yillarida, Qurolli kuchlar qoshida tashkil etilgan ansamblga meni badiiy rahbar etib tayinlashdi. Bu yerda 16 yil faoliyat ko‘rsatdim. Ansamblimiz Prezidentimizning Qarori bilan yana qayta tiklandi. Meni badiiy rahbar etib tayinlashdi. Bu yil yangi «Bahor» ansambli faoliyatiga 5 yil to‘lmoqda. Hali navnihol bo‘lgan ansamblimiz o‘zining mevalarini bera boshlayapti. 10 dan ortiq davlatlarga safarga chiqdik. Qizlarimiz Xalqaro tanlovlarda Gran-pri, «Nihol», «E’tirof» kabi milliy mukofotlar, Mukarrama Turg‘unboyeva tanlovi g‘olib va sovrindorlari bo‘lishdi. Ishonamanki, yutuqlarimiz bardavom bo‘lajak.

«Bahor» ansambli – O‘zbekistonning tashrif qog‘ozi. Undagi barcha raqslar – xalqimizning oltin merosi. Davlatimiz rahbari o‘zbek milliy san’atini asrab-avaylash, Mukarrama Turg‘unboyevaning ijod yo‘lini keng targ‘ib qilish maqsadida ushbu ansamblni qayta tiklashga qaror qildi. Shuning uchun, shaxsan o‘zimning, ansambl jamoasi nomidan minnatdorlik izhor etamiz.

«Tong yulduzi» mushtariylariga tilagim, avvalo, yaxshi o‘qinglar, ota-onangiz, ustozlaringizni doimo hurmat qiling. Siz O‘zbekistonning yorqin kelajagisiz. Vatan tuyg‘usini his etib, ajdodlarga munosib avlod bo‘ling.

Ziyodulla HAMIDULLAYEV

suhbatlashdi.