March 3

ADIB O‘Z MAKTABIDA...

Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Dashnobod shaharchasida joylashgan 19-umumtaʼlim maktabida ajoyib uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qanaqa uchrashuv ekan, deb qiziqdingizmi? Ushbu maktabning sobiq bitiruvchisi, taniqli ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Xalqaro Chingiz Аytmatov mukofoti sohibi To‘lqin HАYIT o‘zi tahsil olgan maktabga tashrif buyurib, o‘qituvchi-yu o‘quvchilarni mamnun etdi.

– O‘zim o‘qigan maktab, ayni kunda 101 yoshga to‘lgan. Ushbu dargohning har bir jihozi ko‘zimga olovday ko‘rinadi. Bolaligimning unutilmas onlari, sinfdoshlar bilan turli o‘yinlar, musobaqalar, tortishuvlar... Bularning bari tarixga aylanganiga ishongim kelmaydi. Ushbu dargoh o‘quvchilariga ham yoshlik bir onda o‘tib ketishini, faqat va faqat o‘qish orqaligina inson o‘z orzu-istaklariga yetishishini tushuntirish asnosida, ularga kelgusida zafarlar tiladim. Milliy kiyimdagi o‘quvchi-qizlarning ilmga havasmandligi, o‘g‘il bolalar nigohida o‘ziga ishonchni ko‘rdim, – deydi yozuvchi To‘lqin Hayit.

Yozuvchi bilan uchrashuvda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Faol o‘quvchilarga adib o‘z kitoblaridan tortiq qildi. Ushbu uchrashuvning unutilmas onlari fotolavhalarga muhrlandi.

Ozoda TURSUNBOYEVA