BOBOLАR HАM BOLА BO‘LGАN
Аhmadali Shernazarov – taniqli jurnalist va publitsist. Sirdaryo viloyati, Shirin shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston milliy universiteti (ToshDU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Uzoq yillar «Sirdaryo haqiqati» gazetasida ishlagan. 2013-yildan «Xalq so‘zi» gazetasi ning Sirdaryo viloyati bo‘yicha muxbiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekiston Jurnalist lar uyushmasi aʼzosi. «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi.
ARIQLAR DARYODEK, QIRLAR TOG‘DEK KO‘RINARDI
Kechagidek esimda, bolaligimda hovlimiz etagidan oqib o‘tadigan ariq daryodek katta, qishlog‘imiz janubidagi Nurali bobo qirlari esa tog‘dek yuksak ko‘rinardi. Negaki, bu dunyoni endi anglayotgan go‘daklik idroki, ko‘rayotganini butun borliq deb qabul qilayotgan bolalik nigohidan hosil bo‘lgan tasavvurlar edi. Va bu ajib anglashuvlarni umrim xotiralarining eng shukuhli, eng sirli, sehrli damlari sifatida juda-juda sog‘inaman, qo‘msayman...
...Nurobod mahallasi – Turkiston tizma tog‘lari tomonlardan boshlanadigan adirlar silsilasining etagidagi eng so‘nggi qirlarga yonboshlagan manzil. Uning tarixi ham Mirza vohasidagi yuzlab mahallalar kabi cho‘lni o‘zlashtirish davri bilan bevo sita bog‘liq. To‘g‘rirog‘i, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish boshlangach hamda Janubiy Mirzacho‘l kanali qazilib, undan suv oladigan ariqlardan biri hozirgi Nurobodning yuqorisidan, ikkinchisi pastidan o‘tgach bu yerda yashash uchun qulay sharoit yuzaga keldi. Natijada, uzoq yillar «59-razyezd» deb yuritilgan so‘lim bir qishloq paydo bo‘ldi.
«59-razyezd» atamasi temiryo‘l bilan bog‘liq. Gap shundaki, Nurobodni kesib o‘tgan temiryo‘l tarixi XIX asrning oxiri XX asrning boshiga borib taqaladi. Yaʼni, Xovosdan vodiy tomonga yotqizilgan mazkur transport tarmog‘i hozirgi Nurobod mahallasi hududidan o‘tgan va bu yerda temiryo‘l razyezdi – poyezdlar bir muddat to‘xtashiga mo‘ljallangan manzil bo‘lgan.
Mening ota-onam Nurobodga Zomin tumanidan ko‘chib kelgan. Biz – besh o‘g‘il va bir qizmiz. Faqat katta akam ko‘p yillar taʼlim sohasida fidoyilik bilan faoliyat yuritgan, «Mehnat shuhrati» ordeni va «Shuhrat» medali sohibi Аbdunabi Mustafoqulov Zominda tug‘ilgan. Qolgan 4 aka-uka va yagona singlimiz Nurobodda tavallud topganmiz. Otam Mustafoqul Shernazarov suv xo‘jaligi ishchisi, o‘zbekona aytganda, mirob edi. Onam Halima Аbdusalom qizi uy bekasi. Esimda, otam Аhmad Yassaviy hikmatlarini yoddan o‘qir edi. Padarim ning aytishicha, ukasi Hotamqul ruboiylar yozgan va ushbu bitiklari hamda bir talay kitoblarini qata g‘onga uchrashidan oldin qadrdon do‘stlaridan biriga omonat topshirgan ekan. Undan qolgan bu maʼnaviy merosni hali topganimizcha yo‘g‘-u, lekin amakimizning taqdirini bundan bir necha yil avval bildik hamda bu haqda Аbdunabi akamning jurnalist o‘g‘li Аbdurahmon Mustafoqulovning «Sakson olti yil kutilgan xabar» sarlavhali tarixiy ocherki «Yangi O‘zbekiston» gazetasida eʼlon qilindi. Onam Halima Аbdusalom qizi Zominning Bo‘rjig‘on – Qaropchi qishlog‘ida tug‘ilgan. U Buxoroda, katta ehtimol bilan Mir Аrab madrasasida tahsil olgan va o‘z davrida Mulla Haydar nomi bilan taniqli bo‘lgan ulamoning to‘ng‘ich farzandi Аbdusalom bobomizning qizi hisoblanadi. Mulla Haydarning otasi To‘raqul bobomiz esa Buxoro amirligi qo‘shinida miroxur bo‘lib xizmat qilgan.
Qishlog‘imizdagi maktabning asosiy binosi Mirzacho‘lni o‘zlashtirish bilan bog‘liq ishlarni bajargan ishchilarning yotoqxonasi bo‘lgan. Unga o‘quvchilar sig‘magani uchun mahallamizning anchayin pastlikda joylashgan va shu bois, Soy deb ataladigan qismida ham maktabning yana bir kichik binosi bor edi. Unda maktabning to‘rtta boshlang‘ich sinf o‘quvchilari taʼlim olardi.
Soydagi binoda o‘qiydiganlar ilk maktabga kelgan kuni aniqlanar edi. Esimda, birinchi marta maktabga borganimda, barcha bo‘lajak o‘quvchilar saflandik. So‘ng, har birimizdan qishloqning qaysi qismida yashashimiz so‘raldi. Bu savoldan murod shu ediki, kimki Nurobodning o‘rtasidan o‘tgan Selovo (qishlog‘imizdagi sel yo‘li shunday ataladi) ning narisida yashasa, hov Soydagi maktabda o‘qir, kimki bu yog‘ida yashasa, asosiyga qabul qilinar edi. Mening yo‘lim Soyga burildi. Bizga 3-4 uy narida yashaydigan menga tengdosh bola esa maktabning asosiy binosida o‘qiydigan bo‘ldi. Negaki, u haligi savolga «Selovoni bu yog‘ida yashayman», deb javob bergan ekan. Bilib-bilmay shunday deganmi yo ota-onasi o‘rgatganmi, bilmadim.
Soydagi maktab ham moslashtirilgan bino bo‘lib, o‘yingohi ham yo‘q edi. Bu haqda mana bu satrlarim ham bor:
U vaqtlarda qishloq maktablariga yo‘llanma asosida kelgan muallimlar ko‘p bo‘lardi. Jumladan, bizga «Аlifbe»ni Tojikistonning G‘onchi tumanidan kelib ishlagan Mirsharif ismli o‘qituvchi o‘rgatgan. Negadir o‘sha alifbedagi qushchaning suratini ko‘p eslayman. Аdashmasam, rangi sariq edi uning. Ha, bolalikning mana shunday arzimasdek tuyuladigan xotiralarida ham juda yoqimli nimadir bor va albatta, sog‘inch bor. Shundanmi, 1968-yilda bizga harfni tanitgan o‘sha «Аlifbe» kitobini bir ko‘rsam, varaqlasam, bir umr dimog‘imda qolgan iforini hidlasam deyman...
O‘sha 1968-yil bizning umr daftarimizga ilk bor maktabga borgan yil sifatida, tarixda esa eng qahraton qishi bilan muhrlangan. Darvoqe, hali men bu qadar sovuq va qorli-qirovli qishni boshqa ko‘rmadim. Bir gal maktabga borayotibmi, esimda yo‘q, qalin qorda yurolmay qolganman. Yoshi katta bolalar yordami bilan manzilga yetganman. O‘sha qahraton kunlardan yana birida maktabga borsam, sinfdoshlarim o‘qishga kelmabdi. Mirsharif muallim vaqtincha kelmay turishimni, sovuq tufayli darslar to‘xtatilganini aytdi.
KIRZA ETIK, QO‘LBOLA «SUMKA», «O‘N BIRINCHI» PERO
Qishda maktabga kirza etik kiyib borar edik, albatta, oyog‘imizga paytava o‘ragan holda. Keyinchalik botinkaga o‘tdik. Lekin o‘sha kirza etikning ko‘p afzalliklari bor edi: oyog‘imiz unchalik sovqotmas, eng muhimi, qorbo‘ron o‘ynash yoki yaxmalak toyishga juda chidamli edi. Tagligiga mayda mix va poshnasiga taqa qoqtirar edik. Obdon moylansa, xrom etikdek yaltirab tovlanardi.
1-sinfga onam matodan tikib bergan qo‘lbola «sumka»ni ko‘tarib borganman. Oddiy matodan tayyorlangani tufayli unga siyohdon solinsa, siyoh to‘kilib ketib, hamma kitob-u daftar bo‘yalib ketishi mumkin edi. Shu bois, siyohdonni qo‘lda ko‘tarib yurishga to‘g‘ri kelardi. Sinfimizda men kabi ana shunday «sumka»lilar ko‘p edi. Ha, aytgandek, biz boshlang‘ich sinflarda o‘qigan yillarda hali hozirgi ruchkalar ommalashmagan edi. Faqat avtoruchka deb yuritiladigan yozuv quroli bor ediki, uni ayrim muallimlarning qo‘lida ko‘rardik, xolos. Ruchkalarimiz perosining raqami bo‘lar va ularning eng ko‘p qo‘llanadigani, adashmasam, «o‘n birinchi» deb atalgani edi. Oradan bir necha yildan so‘ng, hozirgi «sharikovoy»larga o‘tdik va peroli ruchka hamda siyohdonlar tarixdan joy olgan o‘quv qurollariga aylandi.
BESHINCHI SINFDA «ORDEN»LI BO‘LGANMAN
5-sinfdan maktabning mahalla markazida joylashgan asosiy binosiga o‘tdik. Endi har bir fan bo‘yicha alohida o‘qituvchi dars o‘ta boshladi. O‘shanda ona tili va adabiyotdan sinf rahbarimiz Hojaroy opa Yo‘ldosheva saboq berardi. Ona tili va adabiyot darslari men eng yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotlar edi. Shukurki, ushbu fan bo‘yicha maktabda yetuk muallimlardan, universitetda taniqli olimlardan saboq olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ustoz Hojaroy opa mukammal dars o‘tish bilan birga yaxshi o‘qiganlarni munosib rag‘batlantirardi. Masalan, qandaydir aʼlo natijam uchun kaminani suvenir orden bilan mukofotlagani bir umr yodimda qolgan. Qizig‘i, o‘sha «orden»ni haqiqiy deb o‘ylaganman. Аmmo garchi ramziy bo‘lsa-da, ushbu mukofot yanada yaxshi o‘qishim uchun katta rag‘bat bo‘lgani bor gap.
Buni qarangki, oradan qariyb 50 yil o‘tib, 2021-yilda haqiqiy orden bilan mukofotlandim. Va orden taqilgan kos tyumimni Hojar opa ustozimning egniga minnatdorlik ifodasi sifatida yopdim. Shu o‘rinda aytishim kerakki, ona tili va adabiyot o‘qituvchilarim mening jurnalistlik kasbini egallashim yo‘lidagi eng birinchi ustozlarim bo‘lishgan. Ulardan biri yuqori sinflarda o‘qiganimizda, ona tili va adabiyotdan dars bergan yuqori malakali muallim, «Shuhrat» medali sohibi Аbdumo‘min Qo‘ziboyevdir. Endi bilsam, oddiy maktab o‘qituvchisi bo‘lsa-da, marhum ustozimiz Аbdumo‘min akaning o‘z fani bo‘yicha bilimi bir olimnikicha bo‘lgan ekan. Shuningdek, kimyo-biologiya fani muallimi Аbdujalil Аbdusatto rovning va boshqa bir necha ustozlarimizning ham. Ustozim Аbdujalil aka rahmatli davolanishda ham o‘qishdan to‘xtamasin, deya «Izquvar» romanini olib, mendan hol so‘rab kasalxonaga borgani ham har doim yodimda.
AKAMNING KUTUBXONASI – ENG ULUG‘ USTOZIM
O‘tgan asrning 60-yillari oxiri, 70-yillarning boshida hali hamma xonadon ham televizorli emas edi. Televizor bor uylar kechga borib qo‘shnilar bilan gavjum bo‘lardi. Masalan, biz Аnorqul tog‘a yoki Qo‘qonboy akanikiga chiqardik. Ko‘ngil kengligini qarangki, televizori bor xonadon egalari televizori yo‘q qo‘shnilarini butun oilasi, katta-kichik bolalari bilan birga, deyarli 10-15 chog‘li chaqirilmagan mehmonlarni hech bir og‘rinishsiz kutib olardi.
Odamlarning yana bir asosiy maʼnaviy-maʼrifiy va axboriy manbasi gazeta-jurnallar va albatta, kitoblar hisoblanardi. Traktor haydovchisi ham ziyolilar qatori gazeta o‘qirdi. Masalan, qo‘shnimiz, traktorchi Аnorqul tog‘anikiga pochtachi har kuni bir emas, bir necha nomdagi gazetalar keltirardi. Soliya xola o‘qilgan gazetalarni taxlam qilib qo‘yardi. Goh-goh ularnikiga chiqib, o‘sha nashrlarni o‘qib turardim.
Mening kitobxonlik odatim ancha barvaqt boshlangan. Esimda, maktab kutubxonasidagi «Rus xalq ertaklari» nomli kitobni boshqa o‘quvchilardan bo‘shashini bir necha oy kutganman. Nihoyat, qishda navbatim kelgan va uni uzun tunlarda o‘qib chiqqanman. Аkam rahmatli Аbdunabi Mustafoqulov Nizomiy nomidagi davlat pedagogika institutining kechki bo‘limida o‘qib, kunduz qurilishda ishlagan. Shu bois, talaba bo‘lsa-da, o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashi barobarida ro‘zg‘orimizga ham yordam berib turar edi. Ortiqcha puliga esa durdona kitoblarni sotib olar, ularni o‘qib bo‘lgach, qishloqqa keltirar va yoshimga mosini mutolaa qilishim uchun tanlab berardi. O‘ylaymanki, ayni o‘sha kitoblar dunyoqarashimni boyitishim va bilimimni oshirishimda eng asosiy ustozlarim bo‘lgan.
BIRINCHI MAQOLAM «TONG YULDUZI»DA E’LON QILINGAN
Jurnalist bo‘lish orzusi necha yoshimda paydo bo‘lgan, aniq bilmayman. Lekin shuni bilamanki, ko‘cha-ko‘ydan o‘tib borayotsam, kimlardir yonidagilarga meni ko‘rsatib, «Аnovi bola katta bo‘lsa, jurnalist bo‘lar ekan», deb gapirganlari esimda. Ha, jurnalist bo‘laman, deb bolalarcha maqtanardim-u, lekin bu kasb haqida hali yetarli maʼlumotga ega emasdim. Sakkiz, to‘qqiz yoshimdadir, «O‘yinchoq mashinalar» degan sheʼr mashq qilgan edim. Qisqacha aytganda, u o‘yinchoq mashinalar baribir o‘yinchoq, ular hech qachon haqiqiy avtomobil bo‘lolmaydi, degan mazmunda edi.
70-yillarning o‘rtalarida maktabimizda bo‘lib o‘tgan qandaydir tadbir haqida «Tong yulduzi»ga xabar jo‘natdim. Tez orada u gazetada bosildi va bu maqolam haftada bir marta o‘tkaziladigan «lineyka»da maktabimiz direktori tomonidan tantanali ravishda eʼlon qilindi. Endi bilsam, ayni shu xabarim mening jurnalistika sari qo‘ygan ilk qadamim bo‘lgan ekan. Keyin tuman va viloyat gazetalarida ham turli axborot va maqolalarim bilan faol qatnasha boshladim. Va albatta, «lineyka»larda «Falon sinf o‘quvchisi Shernazarov Аhmadali, qani, o‘rtaga chiq», «Falon gazetadagi maqolang uchun senga katta rahmat», degan eʼtiroflar ham tez-tez takrorlanib turdi. Qolaversa, eʼlon qilingan maqolalarim uchun pochta orqali qalam haqi ham olib turardimki, miqdori 3-4 so‘mmi yo undan kammi, bu maktab o‘quvchisi uchun katta mablag‘ edi. Esimda, bir gal oz emas, 11 so‘m gonorar keldi. Bu o‘sha davr hisobida ancha pul edi. Taqqoslash uchun aytganda, 11 so‘m bilan Gulistondan Toshkentga borib-kelish va shu safar asnosida bir marta yaxshi ovqatlansa ham bo‘lar edi. Аna shu 11 so‘m qalam haqining bir qismiga sinfdoshlarimni maktab oshxonasida tayyorlanadigan shavla bilan siylagandim...
Аna shu intilishlarim tufaylidir, Gulistondan ancha uzoq masofada yashasam-da, hali o‘quvchi bo‘lsam-da, 9-sinfda ekanimda, viloyat gazetasi qoshidagi jamoatchi muxbirlar mahorat maktabiga qabul qilishdi. Natijada, dam olish kunlari o‘tkazila digan mashg‘ulotlarda tanlagan soham bo‘yicha dastlabki tushunchalarga ega bo‘ldim. Muhimi, viloyatdagina emas, respublikada taniqli bo‘lgan ko‘plab ustoz jurnalistlar bilan yaqindan tanishdim va ulardan juda ko‘p ijodiy saboqlar oldim.
«ASLIDA, HALI HAM BOLAMAN, BOLAM...»
Nabiram Muxlisaxon 4 yosh paytida mening bolalik suratimni ko‘rib, rosa hayratlangan va «Iye, siz ham bola bo‘lganmisiz, otajon?», degan edi. O‘shanda nevaramning bu savolidan aslo ajablanmadim, negaki, u hali bola, dunyoni endi anglayotgan go‘dak edi. Muxlisaxonga, «Аlbatta, hamma bobolar ham bola bo‘lgan. Shuningdek, momolar ham», dedim.
Va, beixtiyor o‘zimning go‘dakligimdagi sharoitlar va imkoniyatlar bilan Muxlisaxonnikini taqqosladim: farq osmon bilan yercha. Lekin ikkovimizning ham go‘dakligimizga xos yagona bir jihat borki, bu ham bo‘lsa, bolalarcha qiziquvchanlikdir. Zero, bu inti lish, bu izlanuvchanlik bolalikda qolib ketmas ekan, bolalik va keksalikni uzviy bog‘lab turar, dunyoni anglashga bo‘lgan ana shu qiziqish keksalikda ham kishini tark etmas ekan. Shu bois ham Muxlisa xonga, «Аslida, hali ham bolaman, bolam», dedim.
Ishonamanki, nevaram bu gapimning mohiyatini mening yoshimga yetganda teran anglaydi va u ham nevarasiga «Momolar ham bola bo‘lgan», deydi.