Akademikning bolaligi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qalandarxon ABDURAHMONOV sahifamiz mehmoni.
Har bir inson hayot yo‘lini tanlar ekan, uning bolalikdan orzu qilgan maqsadlari, ilmga bo‘lgan mehri va o‘ziga xos fazilatlari bu yo‘ldagi muvaffaqiyatini belgilaydi. Ba’zan insonning chaqaloqlikdagi xattiharakatiga qarab, uning kelajakda kim bo‘lishini taxmin qilish mumkin, deyishadi. Balki bu rostdir…
Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi qadimiy To‘lako‘l qishlog‘ida bir oilada beshinchi farzand tug‘ildi. Uning ota-bobolari el ichida saxovatpeshaligi bilan nom qozongandi. Oila dilbandi Qalandarxon ulg‘aygan sari uning kelajagi ilm bilan bog‘liq bo‘lishi ayonlashib boraverdi. Vaqt o‘tib, shu bola ilm-ma’rifatga bag‘rini keng ochdi, iqtisod fanlariga qiziqib, kelajakda bu soha bo‘yicha yetakchi olimlardan biriga aylandi. Ilm yo‘lidagi izlanishlari va hissasi bilan u nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etildi. Bugun u O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, iqtisod fanlari doktori, professor, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi» faxriy unvoni sohibidir. Shuningdek, u «Do‘stlik» ordeni hamda Rossiya Federatsiyasining «Drujba» ordeni bilan taqdirlangan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxrli a’zolaridan biri hisoblanadi.
Oxirgi 30 yil davomida u G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialiga asos solib, uning rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning rahbarligida mazkur ta’lim maskani iqtisodiy sohadagi malakali mutaxassislarni yetishtirishda o‘ziga xos o‘rni bor.
Ushbu maqolada xalq ardog‘idagi insonning bolalik xotiralari, uning ilk qadamlari va ilmga bo‘lgan cheksiz muhabbati haqida so‘z yuritamiz.
Qashqadaryo vohasi – boy tarix va shonli o‘tmishga ega yurt. Bu yer nafaqat buyuk sarkardalarni, balki millatning kamolotini ta’minlagan olimlar, ziyolilar va o‘zbek ma’naviyatining fidoyi shaxslarini yetishtirgan. Ushbu zaminning ajralmas qismi bo‘lgan Chiroqchi tumanidagi To‘lako‘l qishlog‘i esa tabiatining go‘zalligi va o‘ziga xos tarixi bilan manzur.
Rivoyatlarga ko‘ra, Amir Temur o‘z qo‘shinlari bilan Hisor tog‘ tizmalaridagi strategik yo‘llarni o‘rganayotgan paytda, balandlikdan pastlikka qarab sirli bir ko‘l va uning bag‘rida joylashgan kichik qishloqni ko‘radi. Bu yerni avval eshitmagani uchun u qo‘mondonlaridan bu qishloq haqida so‘raydi. Hech kim aniq javob bera olmagach, Sohibqiron bu yurtga o‘zi nom beradi: «Bu qishloqni shu to‘lib turgan ko‘l nomi bilan bog‘laylik, uni To‘lako‘l deb ataylik!». Ana shu tarzda bu go‘sha tarix sahifalarida abadiy muhrlanadi. Tepaliklarda joylashgan zilol suvli ko‘l, uning atrofidagi o‘tloqlar va qishloqning sharqiroq daryolari bu joyga yanada betakrorlik bag‘ishlaydi. «Katta sharshara» esa bu yerga kelgan har qanday mehmonni maftun qiladi. Uning shovqini to‘lib turgan ko‘lning ovoziga qo‘shilib, tog‘ bag‘rida o‘ziga xos musiqiy simfoniya hosil qiladi. Ushbu maskanda bir soatlik hordiq bir oylik dam olishga teng, deyishadi. Inson ruhiyatini ilhomlantiradigan bu yurt har bir farzandiga kuch, qudrat va sadoqat bag‘ishlaydi.
Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan mamlakatda qayta tiklanish jarayonlari boshlanib ketdi. Urushdan keyingi og‘ir yillar butun xalqning taqdiriga o‘z ta’sirini o‘tkazdi, shu jumladan, qishloqlarda ham hayot oson kechmadi. Shu qiyinchiliklarga qaramasdan, bolalarning orzulari, bilimga bo‘lgan tashnaligi va kelajakka umidi ularni olg‘a intilishga undardi. Qashqadaryo vohasidagi To‘lako‘l qishlog‘ida shunday oila bor ediki, u yerda mehnat va mehr hukmronlik qilar, ilmga intilish esa har bir farzand uchun azaliy an’ana edi. Ana shu xonadonda, 1946-yilning sovuq, ammo umid bilan to‘ldirilgan 2-fevral kuni bir bola dunyoga keldi. Oilada katta xursandchilik yuz berdi. Uning ismini muhtaram ota-bobolar an’anasiga muvofiq, Usta To‘ra bobo tamannosiga ko‘ra, Qalandarxon, deb atashdi.
U ham boshqa bolalar kabi shod va erkin bolalikni his qilishni orzu qilardi. Ammo hayot unga bolalikni ma’rifat yo‘lida kechirishni nasib etdi. Uning ota-onasi farzandlarini og‘ir mehnat va halollikda tarbiyalar, hayot yo‘lida faqat bilim bilan yuksalish mumkinligini uqtirar edi. Onasi O‘g‘iloy aya bolalari uchun mehribon onagina emas, balki hayotdagi ilk ustozi edi.
«Kitob o‘qi, bolam, ilm – nur, aqlni tiniq, dunyoqarashni keng qiladi», deb takrorlardi u. Qalandarxon hali maktabga qatnamay turib, onasidan turli hikoyalar, rivoyatlar eshitar, uquvli she’rlarni yodlab olib, ularni bot-bot takrorlardi. Onasi Ubaydiy, Furqat, Muqimiy, Alisher Navoiy she’rlarini ko‘ngliga jo qilib, ularni bolalariga o‘rgatardi. Uning tilidan tushmaydigan matallar va ibratli hikoyalar bola qalbida bilimga muhabbatni uyg‘otdi.
«Har kun bir yangi narsa o‘rganmasang, yurt oldida, ota-ona oldida qarzdorsan», derdi u. Shu boisdan ham Qalandarxon kichik yoshidanoq kitobga oshno bo‘lib ulg‘aydi.
Bolalikdagi bilim yo‘li To‘lako‘l qishlog‘idagi boshlang‘ich maktabdan boshlandi. Ohak bilan oqlangan, kichik ikki xonali maktabda 1-sinfga qadam qo‘yganida, u bu maskan uning hayotini o‘zgartirayotganini hali his qilmasdi. Maktabda Zokir Po‘latov va Xadicha Po‘latova kabi ustozlar saboq berib, yosh Qalandarxonni bilim dunyosiga oshno etishdi.
«Kitoblarni faqat o‘qish emas, ular bilan suhbat qurish kerak», deb maslahat berardi Zokir Po‘latov. Bu so‘zlar Qalandarxon uchun hayotiy qoidaga aylandi. Kitob o‘qish, ma’rifatga intilish uning kundalik mashg‘ulotiga aylanib bordi. Boshlang‘ich ta’limni tugatgandan so‘ng, 5-sinfda o‘qish uchun boshqa qishloqdagi yetti yillik maktabga borishga to‘g‘ri keldi. Bu yerda maktab yirikroq, o‘qituvchilar soni ko‘proq, talablar esa qattiqroq edi. Qalandarxon nafaqat darslarda, balki jamoat ishlarida ham faollik ko‘rsata boshladi. Maktab gazetasini chiqarish, radioeshittirishlar tayyorlash, turli tadbirlarda qatnashish uning qiziqishlaridan biriga aylandi. Bilim olishga bo‘lgan intilishi uni 8-sinfdan so‘ng Chiroqchi tuman markazida joylashgan 1-son maktabga olib keldi. Bu maktab o‘sha davrdagi eng nufuzli ta’lim maskanlaridan biri bo‘lib, unda o‘qish har kimga ham nasib qilmas edi. Bu yerda Qalandarxon hayotdagi eng muhim saboqlarini oldi. Oliy ta’limga tayyorgarlik, o‘quvchilarning fikrlash doirasini kengaytirishga qaratilgan ta’lim metodlari uning kelajakdagi yo‘lini belgilashda katta ahamiyat kasb etdi.
U maktabni tamomlaganidan so‘ng, bu ta’lim maskani uning hayotidagi muhim bosqichlardan biri bo‘lganligini har doim his qilib keldi. 2024-yilda, orzu-armonlar bilan o‘qigan 1-son maktabda «Inson kapitali va sun’iy intellekt» ilmiy maktabini tashkil qildi. Bu tashabbus maktab o‘quvchilari uchun bilim manbai bo‘lib, hozirgi kunda Chiroqchi tumanining barcha maktablaridan o‘quvchilar akademik o‘qigan maktab bilan tanishishga kelishmoqda.
Maktab xonalarida o‘zi o‘qigan lavhalarni ko‘rgan, kitob bilan tanishgan har bir o‘quvchi ilmga intilgan bolalik qadamlarini tasavvur qila oladi. Ilmiy maktab maktab o‘quvchilari uchun o‘ziga xos bilim maskaniga aylandi. Bu yerda akademik hayotiga oid lavhalar, uning ta’lim yo‘li, erishgan muvaffaqiyatlari haqida ma’lumotlar joylashtirilgan. Shuningdek, bu maktabdagi ko‘rgazmalar orqali yoshlar sun’iy intellekt va inson kapitali bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lish imkoniyatiga erishmoqda. Bolalik yillari uning shaxsiyati va kelajakdagi ulkan yutuqlari uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. Ustozlardan olgan saboqlari, onasining tanbehlari, maktabda o‘tkazgan har bir soati uning yo‘lini yoritgan nur bo‘ldi. Bugungi kunda u nafaqat iqtisod fanlari doktori, akademik, balki bir necha avlodlarning ustozi, yoshlarni ilm yo‘liga yetaklovchi rahnamodir. Uning bolalik xotiralari va o‘qishga bo‘lgan intilishi, yutuqlarga eltuvchi yo‘l bo‘ldi. Shu bois, u hali ham maktab eshiklarini qat’iy ochib, yoshlarga ilm va ma’rifatning beqiyos qadrini tushuntiradi.
Har kim hayotda o‘zicha iz qoldiradi. Kimdir boylik orttirishni maqsad qiladi, kimdir mansab va qudrat sari intilgan bo‘lsa, kimdir o‘z mehnatini kelajak avlodlar uchun ma’naviy meros sifatida qoldiradi. Akademik Qalandarxon Abdurahmonov aynan shu yo‘lni tanladi – u hayotini ma’rifat va ilm rivojiga bag‘ishladi. Bugungi kunda u nainki olim, balki ustoz va murabbiy sifatida yoshlarga yo‘l ko‘rsatmoqda. Ilmiy izlanishlari, jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi va iqtisodiyot sohasidagi yangicha yondashuvlari bilan yurtimizdagi ko‘plab shogirdlariga ilhom manbai bo‘lib kelmoqda.
Ha, hayot o‘tkinchi, ammo unda qoldirilgan ezgu izlar abadiydir. Izsiz o‘tgan umr – sarob, ma’rifat bilan yoritilgan umr esa taraqqiyot va nur timsoli. Qalandarxon Abdurahmonov haqida so‘z yuritar ekanmiz, biz nafaqat bir olim, balki haqiqiy ma’rifatparvar, ilm fidoyisi, zamon bilan hamnafas inson haqida gapiramiz. Uning hayoti yoshlarga namuna, jasorati esa ilm yo‘lidagi har bir inson uchun ibratdir.