March 17

AJIB DAMLAR EKAN, BOLALIK!

BOLALIK KUNLARIMDA...

Bugungi sahifamiz mehmoni – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika ma’rifat targ‘iboti jamiyati a’zosi, «Shuhrat» medali sohibi, «Tong yulduzi» gazetasi bo‘lim muharriri, shoir Axtamquli.

Onamning aytishicha, chaqaloqligimda og‘rigan paytlarim, nuqul Zaynab momo tanglayimni paxta bilan ko‘tarib qo‘yarkan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, paxtaga mehrim bolalikdan boshlangan. To‘rt yashar chog‘imda, onamning gardi ro‘molini belimga etakdek bog‘lab, otamning oldiga tushib, paxta terganman. O‘shanda bo‘yim g‘o‘zalardan past bo‘lgani bois, ko‘proq osmonni, oppoq bulutlarni kuzatardim. Nazarimda, ular ham menga ulkan paxta xirmonlarini eslatardi. Keyinchalik, peshonasida charm ko‘ztumor taqilgan, bir shoxli, sersut sigirimizni Damariq bo‘yidagi ajriqzorlarda o‘tlatib yurib, ham dehqonlar ishini zavq bilan kuzatishdan tolmaganman. Paxtaning momiq tolalarini paypaslab, uning qop-qora chigitlarini tishlarim bilan qisirlatganda, rohatlanardim. Biz – bir guruh quvnoq bolalar, xirmonchi Hazrat boboning ayovsiz haqoratlarini nazar-pisand ham qilmay, o‘zimizni terimchilarning kunlik tergan uyum paxta xirmoni bag‘riga otardik. Uning tafti, isi kishiga o‘zgacha kayfiyat baxsh etardi. Balki, o‘sha sabab, yuragimizning qat-qatidan paxta joy olgan bo‘lsa, ajabmas... Paxtazorlarni oralab, damo dam etak bo‘shatganimizni ko‘rgan Baxshi kampirning: «Deti – detam, xeti – xetam», – deya erkalatishlari, quloqlarim ostida hanuzgacha jaranglab turadi. Baxshi kampir biz terimchi bolalarni, go‘yo o‘sha paytlar dalalarda paxta terib yurgan, terim mashinalariga qiyoslardi.

Oy to‘lishib chiqqan pallada, Zulhayot opam bizni ohista shivirlab, shirin uyqudan uyg‘otardi: – Paxta terishga boramiz...

OQARMADI QISMAT TANDIRI

Onam kun-u tun olov bilan sirlashishdan tolmasdi. Nazarimda, ko‘kda kezib yurgan Oy ham onamni non yopishga undayotgandek edi...

Oy... Onam quvlab ado bo‘lgan non,

Oqarmadi qismat tandiri.

Bizlar esa yo‘ldamiz hamon,

Bo‘ynimizda hayot zanjiri...

Onamning tandiri oqarganini eslayolmayman, og‘zidan ajdar kabi lovullab o‘t purkayotgan qop-qora tandir, onamning gulgun kunlarini yulib ketdi.

Sho‘rlik dunyo tashvishlaridan horiqqan paytlari bir so‘zni bizga botbot uqtirardi. – Bir kuni peshonang dunyoning ko‘hna ustuniga tekkach bilasan, mening qanchalar haqligimni... Dunyoning ham ko‘hna ustuni bo‘ladimi? – deya o‘ylardim. Yillar o‘tib borgan sari volidamning so‘zlari menga, hikmatga aylanib borayotganidan ajablanaman... Mening eng ayanchli, qorong‘u kunim, bog‘larni zarhal yaproqlarga burkagan zarg‘aldoq kuz, onamning o‘ltirgan so‘risini xazonlarga to‘ldirganida keldi. – Oyoqlarim zirqirab og‘riyapti, bolam... – deya noliyotgan onamizni, kuz o‘zining xazonlari bilan qorishtirib ketdi... O‘shanda, boshim dunyoning ko‘hna ustuniga ilk bor «to‘qqillab» tekkanini his qildim.

VOLIDAMNING G‘AROYIB ERTAKLARI

Onamning hayotdan noliganini sira eshitmaganman. Uyimizda bir cho‘loq o‘ris usta ishlardi. U har kuni dasturxon boshida bizlarni qayta-qayta sanab chiqishni xush ko‘rardi. Onam bolalarimga ko‘z tegadi, deya uning sanashini yomon ko‘rardi. Otam esa kulib, o‘risda ko‘z nima qiladi, derdi. Ismi Ivan bo‘lgan keksa cho‘loq o‘ris bir necha yil uyimizda ishlab yurdi. U bizlarga qadrdon bo‘lib qolgandi. Nuqul otamga achinib: «Senga buncha bolaning nima keragi bor?..», degan savolni o‘rtaga tashlardi. Otam bosiqlik bilan: «Menga bularni Xudo bergan...», derdi.

Ona, bugun men sizning ko‘ngil maktabingiz haqida kengroq fikr yuritishni niyat qildim. Tarbiyaning boshlanishi dunyoni teran nigoh bilan ko‘ra bilishda, u dargohning muallimidadir. Biz – o‘n ikki farzand, qishning uzun tunlari sandal atrofida g‘uj bo‘lib «Ko‘k sigir» haqidagi g‘aroyib ertakni eshitganimizda, ko‘kdan xum to‘la sut yog‘ilishini orziqib chiqqanimiz sir emas. Ayniqsa, singillarim – Fotima-Zuhra tug‘ilgan yili qish qattiq kelgandi. Qisir qolgan bir shoxli, sersut sigirimizning qadri bilinib turgan bir paytda, qishlog‘imizga chetdan kelin bo‘lib kelgan kimyo fani o‘qituvchisi – Bahriniso opaning har kuni yarim paqir sutni bepul, beminnat, egizaklar uchun berib yuborgani og‘irimizni yengil qilgan. Uning qilgan yaxshiliklariga onamning behisob duolari yog‘ilardi. Duolarni Alloh ijobat etdi. O‘qituvchimiz ham payti kelib, egizaklarning onasi bo‘ldi.

SOG‘INCHIMGA QORISHGAN YILLAR

Kishi bolaligida tezroq ulg‘ayishni, ulg‘ayganida esa ko‘proq bolaligini eslaydigan bo‘lib qolarkan. Dunyoda bola nigohi bilan ko‘rilgan jamiki mavjudotlar borgan sari inson uchun qadrdon bo‘lishi, tabiiy. Mening bolalik yillarim Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi Shotiro‘d qishlog‘ida kechgan. Otam oddiy dehqon, onam esa dunyoning yukini yelkasiga ko‘tarishga jur’at topa olgan uy bekasi edi. Garchi otam kun bo‘yi dalalar quchog‘ida mehnat qilib yursa-da xayoli biz bolalarning bilimli bo‘lib ulg‘ayishimizdan uzilmasdi. U kishi xonadonimizga ko‘proq kitob keltirardi. Dostonxon otamning qo‘lidan hech qachon kitob tushmagan. O‘sha paytlar qishlog‘imizda Ikkinchi jahon urushidan talofat ko‘rib qaytgan bir qancha sobiq jangchilar bor edi. Ular janggohdan biri qo‘lsiz, biri oyoqsiz, yana biri ikki ko‘zidan ayrilib qaytgan alamzada insonlar edi. Otam esa urushda ikki nafar arslondek akasini boy berib qo‘ygani bois, ko‘ngli yarim bo‘lgan jangchilarni yaxshi ko‘rardi. Ular uyimizga tez-tez qadam ranjida qilishar, otam ularning jang maydonidan olgan sovuq taassurotlarini bosilishi uchun, ularga bir zayil dostonlar o‘qib bergani yodimda. Urush ko‘rgan chollar otamning doston o‘qishidan ta’sirlanib yosh bolalar kabi ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lardi. Men esa kitobda nima sir bor ekanki, bu bobolar bunchalar sel bo‘lib eshitishadi deya, otamga bildirmaygina bolishlari ostidagi salmoqli dostonlarni qo‘limga olib, uzoq unsiz tikilib qolardim. O‘shanda hali maktabga borgan bo‘lmasam-da kitoblar qalbimni rom etayotganini ilk bor his etib, sog‘inchimga qorishgan yillardan zavq olganman...

MENING ZULHAYOT OPAM

Opam oilada bizning to‘ng‘ichimiz edi. Biz opamning so‘zlarini jon qulog‘imiz bilan eshitardik. Otam va onamga ko‘makchi bo‘lgan opam maktabda a’lo baholarda o‘qirdi. Qahraton qish kunlari sandal atrofida bizlarni yig‘ib kitob o‘qib berishni kanda qilmasdi. Men hali maktabga bormay turib, opamdan Parda Tursunning «O‘qituvchi» romanini, O‘lmas Umarbekovning «Odam bo‘lish qiyin», Vali Gʻafurovning igna bilan yozilgan «Vafodor» romanlarini eshitib ta’sirlanganman. Garchi bu kitoblarni keyinchalik o‘zim mustaqil o‘qimagan bo‘lsam-da, opamning tilida yangragan so‘zlari hanuzgacha xotiramda muhrlanib qolgandi. «Odam bo‘lish qiyin» asarining kirish qismidagi: Osmondagi bo‘zto‘rg‘ay, Bo‘zlamasang na bo‘lg‘ay. Gulchehraning holini, So‘zlamasang na bo‘lg‘ay... Satrlarini hozirgacha eslab yuraman. Opam kitob qahramonlarining achchiq qismatini bizlarga yig‘lab-yig‘lab o‘qib berar, bizlar esa ko‘z yoshi to‘kib tinglardik...

ORTIQBOYGA BOY BERGAN NONLAR

U paytlar qishloqlarda odam kam edi. Bepoyon dalalar, tip-tiniq ariqlar jildirab oqardi. Biz har kuni bir parcha nonni belga bog‘lab mol boqishga ketardik.

Soy bo‘ylarida mollarimizni chiratib kelardik. Og‘ir yillar edi. Yeguligimiz ko‘proq non edi. Qozonimiz oylab go‘sht ko‘rmasdi. Biz bilan birga mol boqib yuradigan Ortiqboy bobo ham ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirgan odam edi. U biz bolalarni chaqirib, «non oqizish» o‘yini tashkil qilardi. Biz darhol belimizdagi ro‘molga boylovli turgan nonni olib, Ortiqboyning topshirig‘i bilan bir paytda soyga oqizardik. So‘ng uning ortidan yugurardik. Kimning noni tez oqsa, o‘sha o‘yinda g‘olib bo‘ladi. Bizning nonimiz har gal Ortiqboyning nonidan ortda qolardi. Ortiqboyga ko‘p bor nonimni yutqazib qo‘yganman. U mazza qilib nonlarimizni yeganda biz ochlikdan tamshanib yurganmiz. Aqlimni taniganimdan keyin o‘ylab ko‘rsam, mening nonim kattaligi uchun sekin, Ortiqboyning noni kichik bo‘lgani uchun tez oqar ekan. Shuning uchun u doim g‘olib bo‘lgan. Kichkina non tez oqib, kattasi ortda qolishini katta bo‘lganimda anglab yetganman. Ortiqboyga boy bergan nonlarim uchun umr bo‘yi tandir yonidan uzoqlashmagan onamning oldida xijolatdaman...

UNUTILMAS SABOQ

Sakkizinchi sinfga o‘tganimda xayolparast bo‘lib qolganman. Bilmadim, birdan og‘ir, bosiq bo‘lib, boshqa bir dunyoda yurgandek edim. Adabiyot o‘qituvchimiz Rahmonullayev ko‘ngli nozik odam bo‘lgani uchun, har gal darsida bizni ogohlantirardi. Mening darsimda kechiksang, kirib o‘tirma, dars payti, boshqalar fikrini bo‘ladigan bo‘lsang, chiqib ket... Shuning uchun ham adabiyot darsida chivin ham uchishga hayiqardi. Ammo men kutilmaganda maktab hovlisida xayol surib qo‘ng‘iroq chalinganini sezmay qolganman. Sinfxonaga kirganimda dars boshlangan ekan. Adabiyot muallimi menga e’tibor ham bermadi. Hech qancha vaqt o‘tmay yana uch-to‘rt nafar bola sinfxonaga kirib keldi. So‘ng biz qirq besh daqiqa darsni oyoqqa tik turib eshitdik. Darsini o‘tab bo‘lgan Rahmonullayev darsga kechikib kirgan bolalar oldiga keldi. U birinchi bo‘lib meni so‘rovga tutdi: – Darsga nega kechikdingiz?! Men muallimga nimadir bahona to‘qimoqchi edim. So‘zim tilimda qoldi. U yuzimga shunchalik qattiq tarsaki tushirdiki, go‘yo ko‘zlarimdan bir dasta olov uchgandek, boshim gangib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. U qo‘lini paxsa qilib: – Bor o‘tirlaring, qolganlarga sen o‘rnak bo‘lasan... deb aytdi. O‘shanda hayotda qancha og‘ir zarbalarga duch kelgan bo‘lsam-da, adabiyot muallimining zarbasidek og‘ir tuyulmagan. Ilk bor yig‘lashni xohlamasam ham ko‘zlarimdan shashqator yosh quyilib kelaverdi. Partada o‘tiribman, hamma mening holimga kulayotganga o‘xshardi. Nega men o‘rnak bo‘laman, darsga mendan kechikib kirgan boshqa bolalarni nega urmadi? Savollar jism-u jonimni kuydirardi. Adabiyot o‘qituvchisini yomon ko‘rdim. Endi uning yuziga aslo qaramayman. Bordi-yu, darsiga chiqarsa-chi, darsini undan oshirib gapirib beraman... Xayolmdan kechayotgan alg‘ov-dalg‘ov fikrlar bilan uyga qaytdim. Tarsaki tushib qizargan yuzimni hech kimga ko‘rsatmaslik uchun ro‘molchamni yuzimga bosdim. Uyda bir suruv echki ma’rab meni maktabdan kelishimni intiq kutib turardi. Eshikdan kirishim bilan otam g‘azablanib so‘radi:

– Nega kechikding, echkilarga rahming kelmaydimi?! Yugurib uyga kirdim-da sumkamni bir chetga uloqtirib, kiyimimni almashtirdim. Dasturxondan bir parchaa nonni olib, ro‘molga adabiyot kitobi bilan qo‘shib o‘radim-da, belimga bog‘ladim. Suruvni qirga haydab ketdim. Echkilarga ergashib yalanglikda tinimsiz kitob o‘qiyman. Darsni yod oldim... Keyingi adabiyot darsida o‘ylaganimdek Rahmonullayev birinchi bo‘lib, meni doskaga chiqardi. Uning yuziga qaramadim. Mavzuni boshdan oxirigacha sharillatib gapirdim. U menga besh baho qo‘yib maqtadi. Men yana ko‘zlarimga yosh oldim. Go‘yo ko‘zlarim qayta ochilgandek edi. Adabiyotga sho‘ng‘ib ketdim. Hanuzgacha undan chiqib ketolmayapman... Bolam, buning hali she’r emas!

Bolalikdan she’riyatga qiziqdim. Yozganlarim ustozlarimga yoqqan bo‘lsa-da, negadir otamga yoqmasdi. U kishi har gal: – Bolam, buning hali she’r emas, – deya menga tanbeh berardi. U kishi Boborahim o‘g‘li Mashrabning devonini ko‘z yosh bilan nola qilib o‘qirkan. – Mana buni she’r desa bo‘ladi... derdi. Maktabda yozgan she’rlarimdan birgina «Bodomginam» nomli she’rim qoldi. Qolganlari xayoldan butunlay o‘chib ketdi. Surxondaryoda bahor erta keladi. Ayniqsa, bodom daraxtlari har yil qishning o‘rtasida gullaydi. Bodom juda ishonuvchan daraxt quyosh charaqlab chiqishi bilan uyg‘onadi. Ishonuvchanlik unga pand berishini sezmaydi. Hovlimizda bir juft bodom daraxti bor edi. Uning gullarini har yili sovuq urib, hosil bermasdi. Oxiri otam bir qarorga keldi. – Shu bodom daraxtlarini ko‘rganda yuragim eziladi. Buncha ishonuvchan bo‘lmasa bu daraxt. Endi bularni kesib tashlaymiz. Ildizidan oshlangan terilarni ranglashga foydalanamiz. Tanasi izg‘irinli kunlarda o‘tin bo‘ladi. Otamning so‘zlaridan ta’sirlandim. Nahotki, shunday chiroyli gullaydigan daraxtlarimiz kesilsa?.. Otam bir so‘zli odam, aytganini qildi... Mening esa bodom daraxtlariga kuyinib yozgan she’rim qoldi.

Nodira NAZAROVA suhbatlashdi