June 29

BIRINCHI RAQAMLI MUXLIS

Futbol shunchaki sport turi emas. U millionlab insonlarning quvonch-u armoni, orzu va umidlarini o‘zida mujassam etgan, tillar, chegaralar va masofalarni tan olmaydigan noyob hodisadir. U bir lahzada millionlab yuraklarni bir xil hayajon bilan urdiradi, uzoq yillik orzularni ro‘yobga chiqaradi, baʼzan esa achchiq mag‘lubiyatlar ortidan ham faxr va ishonch tuyg‘usini uyg‘otadi. Jahon chempionati esa ana shu hissiyotlarning eng yuksak cho‘qqisi, butun insoniyatni yagona maydon atrofida jamlaydigan futbol bayrami. Аyni paytda АQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tayotgan Jahon chempionati – 2026 ham ana shunday global futbol bayramiga aylandi. 34 yillik orzuning ro‘yobi, uzoq yillar kutilgan va ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kolumbiyaga qarshi o‘z debyut uchrashuvini o‘tkazdi. FIFA Jahon chempionati doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv nafaqat maydondagi murosasiz kurash, balki tribunada yuz bergan, millionlab insonlar qalbini larzaga solgan taʼsirli lahzalari bilan ham futbol tarixidan joy oldi.

Isfandiyor Begmatov

Tribunalardan biridagi o‘zbek futbol ishqibozi bo‘lgan kichik muxlis Isfandiyor Begmatovning hissiyotlari ijtimoiy tarmoqlarda virusdek tarqaldi. U ramziy Jahon chempionati kubogini quchoqlagancha Vatan jamoasini qo‘llab-quvvatlab turgan, gol o‘tkazilganda esa ko‘z yoshlarini yashira olmagan holda «O‘zbekiston! O‘zbekiston!», deb hayqirgan. Bolakayning ushbu samimiy tuyg‘ulari stadiondagi raqib jamoa muxlislarini ham befarq qoldirmadi. Kolumbiyalik ishqiboz lar kichik o‘zbekistonlik muxlisni ovutish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida butun stadionni yangratib «O‘zbekiston, O‘zbekiston», deya hayqira boshlashdi. Bu holat nafaqat stadionda, balki butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda juda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ertasi kuni ushbu hodisa turli karikatura va internet memlariga aylanishi bilan global auditoriya eʼtiborini tortdi. Muxlislar va ekspertlar ushbu voqeani Jahon chempionatining eng go‘zal, taʼsirli va sport jahonni birlashtirishiga isbot bo‘la oladigan esda qolarli lahzasi sifatida baholashdi.

Ushbu mashhurlik va xalqaro eʼtirofdan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari ham o‘zlarining eng jajji va sodiq muxlisini eʼtibordan chetda qoldirishmadi. Isfandiyor terma jamoaning АQSHdagi mashg‘ulotlar bazasiga taklif etildi. Suratlarda ko‘rib turganingizdek, milliy terma jamoamiz futbolchilari va murabbiylar shtabi yosh qahramonni juda katta quvonch bilan kutib olishdi. Mashg‘ulot maydonida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda Isfandiyorga futbolchilarning dastxatlari tushirilgan 22-raqamli terma jamoa libosi sovg‘a qilindi.

Isfandiyor #MilliyJamoa mashgʻulotlarida

Uchrashuv yakunida bosh murabbiy Fabio Kannavaro va terma jamoa futbolchilari Isfandiyorga boshqa yig‘lamaslikni, buning uchun ular ham maydonda bor imkoniyatlarini ishga solishlarini aytib o‘tishdi. Samimiy so‘zlar va iliq eʼtibor Isfandiyor uchun umrbod unutilmas va sehrli xotira bo‘lib qolishi, shubhasiz. Аslida, birgina videolavha butun dunyoga insoniylik, samimiyat va do‘stlikning eng go‘zal namuna sini namoyish etdi. Isfandiyor qisqa vaqt ichida nafaqat O‘zbekistonda, balki Kolumbiyada ham mashhur bo‘lib ketdi. Uni oilasi bilan birgalikda ushbu mamlakatga maxsus sayohatga taklif etishdi.

Jahon chempionati nafaqat keskin bahslar, gollar va sensatsiyalar, balki ana shunday mo‘jizaviy voqealari bilan ham qadrli va eʼtiborlidir.

Azizbek ABDUMALIK