February 24

BOBOM SOTMAGAN BOG‘

«Iqlim o‘zgarishi va ekologiya bolalar nigohida» tanloviga

Bobojonimning tabiatga mehri bolakcha. Katta bogʻimiz bor. U yerda turfa mevali daraxtlar va gullar judayam koʻp. Bahorda bogʻimiz judayam yashnab ketadi. Biz nevaralar bogʻda yayraymiz. Kunlarning birida amakim bobomga bogʻni sotib olmoqchi, daraxtlarni kesib, oʻrniga katta imorat solmoqchi ekanini aytibdi.

– Puling boʻlsa bor. Xohlagan joyingdan yer sotib olishga imkoning yetadi. Nega mening bogʻimga koʻz olaytiryapsan? Bunaqasi ketmaydi. Bu bogʻlar tabiatga, insoniyatga katta foyda keltirayotganini bilmas ekansan. Bilganingda, daraxtlarni kesamiz, dermiding. Bu daraxtlar nafaqat bizga, balki minglab insonlar salomatligiga ijobiy taʼsir qilyapti. Bu gapingni bir aytding, boshqa gapirma, – deb jahllari chiqib, gapni dangal qildilar.

Avvaliga amakim xafa boʻlib, mendan bogʻingizni ustun qoʻydingiz, deb gaplashmay yurdilar. Nevaralari biznikiga tez-tez kelishardi. Hovlimizdagi sof havo ularga yoqardi. Miriqib dam olib ketishardi. Amakimning nevaralari hovlimizning havosi ajoyibligini bot-bot taʼkidlashar, qayta-qayta biznikiga borgilari kelishini aytishardi. Shunda amakim bobomning gaplarini esladi-da, ha, bobongning bogʻida daraxtlar koʻpligidan havo ajoyib, xushmanzara. Bobong bu haqda gapirgandilar, lekin ilgʻab olmagan ekanman. Men uyimni kengaytirishni oʻylab yurgandim. Endi fikrim oʻzgardi. Uyimni emas, bogʻimni kengaytiraman. Nevaralarim bir yayrasin, deb oʻrnidan turdilar. Keyin bobomning oldilariga borib kechirim soʻradilar…

Oʻsha yili kuzda amakim bobomdan ancha koʻchat olib, bogʻlariga ekib chiqdilar. Shundan keyin koʻpchilik qarindoshlarimiz uylarini ixchamgina qilib, bogʻlarini kattaroq qilishga harakat qilishdi. Biz nevaralar bobolarimizga yordam berardik. Bobom ortiqcha koʻchatlarni yor-u doʻstlarga ulashardi. Tanimagan kishilarga ham berardilar. Insonlarning begonasi boʻlmaydi. Zero, ona tabiat barchamizniki, deb qayta-qayta takrorlaydilar.

Munisaxon MAMBETSOLIYEVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toʻrtkoʻl tumanidagi 45-umumtaʼlim maktabining 7-«F» sinf oʻquvchisi