July 14

BOLALAR UCHUN ENG YAXSHI ASARLAR

Biz sevib o’qiydigan asarlar boshqa bir yangi dunyoga olib kirib, bir umrga esda qolgan. Bolalar adabiyoti – bu nafaqat ertaklar va sarguzashtlar, balki kichik kitobxonlarning dunyoqarashini shakllantiradigan, ularga yaxshilik, jasorat va do‘stlik kabi tushunchalarni o‘rgatadigan asarlar olamidir.

“Kichkina shahzoda” Antuan de Sent-Ekzyuperining bu asari nafaqat bolalar, balki kattalar uchun bir qadar mutolaabop asar. Kichkina shahzodaning sayyoralar bo‘ylab sayohati orqali insonlarning dunyoga bo‘lgan munosabati va hayotning ma’nosi tahlil qilinadi.

G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi o‘zbek bolalar adabiyotining yorqin namunalaridan biridir. Unda Qoravoy ismli sho‘x bolaning sarguzashtlari, uning hayotga bo‘lgan qiziquvchanligi va insoniy fazilatlari tasvirlangan. Asar bolalarga hayotdagi qiyinchiliklarga qaramay, to‘g‘ri yo‘lni tanlash muhimligini o‘rgatadi.

“Alisa mo‘jizalar mamlakatida” ertagi bolalarning tasavvurini cheksiz ravishda rivojlantiradi. Alisaning g‘aroyib olamga sayohati orqali mantiqiy fikrlash va noan’anaviy yondashuvlar muhimligi ko‘rsatiladi.

“Tom Soyerning sarguzashtlari” asari bu asar bolalikning beqiyos davri, o‘yinqaroqlik, do‘stlik va sarguzashtlarga bo‘lgan ishtiyoqni tasvirlaydi. Tom va Geklberri Finning qiziqarli sarguzashtlari bolalarga ozodlik, jasorat va halollikni o‘rgatadi.

“Uch og‘a-ini botirlar” yana bir mashhur xalq ertagi bo‘lib, u jasorat, vatanparvarlik va yovuzlikka qarshi kurashni targ‘ib qiladi. Botirlarning sarguzashtlari bolalarga mardlik va birgalikda ishlash muhimligini o‘rgatadi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sehrli qalpoqcha” asari bolalarning sevimli kitoblaridan biri bo‘lib, unda sehrgarlik, do‘stlik va sarguzashtlar uyg‘unlashgan. Asarda yaxshilikka intilish, adolatli bo‘lish va do‘stlikni qadrlash kabi tushunchalar yorqin tarzda berilgan.

Kitob o‘qish orqali nutqimiz ravonligi, so‘z boyligimiz ko‘pligi, fikrlash doiramiz kengligiga erishamiz. Zero, kitoblar – bu doimiy hamroh, eng yaxshi ustoz va cheksiz bilim manbaidir. Adabiyotga mehr bering va misli ko‘rilmagan mo‘jizalarga guvoh bo‘ling.

Saida ABDULAZIZOVA,

Alisher Navoiy nomidagi

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti 3-bosqich talabasi.