SINOVLARDA TOBLANGAN SAN’AT
Davrining mashhur xonandasi Dadaxon HASAN kuylar ekan, sehridan ko‘ngillar sel bo‘ladi. Mudroq bosgan tuyg‘ular shitob bilan uyg‘onadi. Betakror lirik qo‘shiqlar yaratgan xonanda Dadaxon Hasan so‘zga ipak kiydirdi, betakror qo‘shiqlar yaratdi. Uning she’r va qo‘shiqlarida XX asrning, Turkiston xalqlarining ovozi, dardi aks etdi. Shu bois, qardosh xalqlar orasida u «Turkiston bulbuli», deya e’tirof etildi.
Yorqin tuyg‘ularga, ifodalarga boy, jo‘shqin va jozibadorligi, goh shodon, goh mahzun ohanglarga yo‘g‘rilgan she’r va qo‘shiqlari bilan xalqimizning sevimli ijodkoriga aylangan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni sohibi Dadaxon Hasanning xalq hayotini bunchalar teran anglashi boisini bilishni istasangiz, bolalik xotiralariga quloq tuting.
– Tug‘ilganim to‘g‘risidagi guvohnomada yozilishicha, men 1940-yil 15-mart kuni Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi Arabtepa qishlog‘ida tug‘ilgan ekanman. Oradan o‘n to‘rt oy o‘tgach, urush boshlangan. Otam Qo‘qondagi mexanizatsiya bilim yurtini tamomlagan, o‘sha paytdagi jamoa xo‘jaligida oldin mirob, keyinchalik hosilot bo‘lib ishlagan.
Biz oilada to‘rt farzand bo‘lganmiz. Katta opam Mo‘tabarxon, akam bor – Alijon Hasanov, kichik opam – Tamaraxon. Men dadamni hech eslolmayman. Yuzi, shakl-u shamoyili qanday bo‘lgan, bilmayman. Faqat bir narsani bilaman: ota qishlog‘im Yangi Arabtepada «Uch ko‘cha» degan joy bo‘lardi. Uchta ko‘cha tutashgan joy. O‘sha yerda ikki qavatli do‘kon bo‘lgan. Uning oldida uzun peshayvon bo‘lardi. Shu peshayvonda bir kun konsert qo‘yilgan. Bu teatr qaysi shahardan kelgan, bilmayman, san’atkorlar konsertda nimalar deyishgan, bu ham esimda yo‘q. Biroq, ana shu konsertda meni bir odam quchog‘ida ushlab o‘tirganini eslayman. Yodimda qolgani, shu odam mening dadam bo‘lsa kerak, deb faraz qilaman. Xullas, dadamni 1942-yil oktyabrda 38 yoshida urushga olib ketdilar. Dadamning ko‘rsatkich barmog‘i bo‘lmagan ekan, shunda ham urushga jo‘natilgan. 1943-yil 15-mart kuni fashist samolyotlari ularni bombardimon qilganda, dadam halok bo‘lgan ekan. Bizga Harbiy komissariatdan xabarnoma kelgan. Unda, «Qizil askar Shokir Hasanov 1943-yil 15- mart kuni jang paytida halok bo‘ldi. Leningrad oblasti, Zaluchi rayoni, Shotova qishlog‘idan 2 km shimolga dafn etilgan», deyilgan.
Onamga, otam qani, deb ko‘p xarxasha qilaverganim uchun, «Dadangni urushga raykom Shodiyev jo‘natib yuborgan», deb javob berganlari esimda. O‘sha-o‘sha raykomning «Villis» mashinasi ko‘chamizdan o‘tganida, unga qarata tosh otadigan bo‘lganman.
Onam Qumriniso Azimboy hoji qizi barcha zahmatkash va mushtipar o‘zbek ayollari kabi ko‘p jabr ko‘rgan. U kishi bizni haqiqiy inson qilib voyaga yetkazish, vatanparvar, millatparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida ko‘p qiyinchiliklarga, quvg‘inlarga uchragan. Onam uchun to‘rt farzandni oyoqqa turg‘azish oson kechmagan. Onajonimni eslasam, hozir ham ko‘zlarimdan duv-duv yosh oqadi.
Urush yillarida och-nochor, g‘arib bir ahvolda kun kechirganimiz hanuz esimda. 1947-yil qishida men, yetti yashar bola kolxoz dalasida ko‘sak terar edim. Kun bo‘yi tergan ko‘sagim puliga o‘sha kuni kechroq tuman markaziga borib, bir dona qora bo‘lka non olib kelardim va muzlab qolgan qora nonni sandalga qo‘yib isitib, tanovul qilardik. Men o‘sha qora buxanka nonni olib kelgunimcha uyimdagilar och-nochor, tuz totmay kutib o‘tirishardi. Jo‘xori unining xamiri yoyilmas, uni dumaloq holida tandirda yopardik. 1950-yillarga qadar umuman bug‘doy non bo‘lmagan, faqat makka unidan qilingan non va muzlagan bo‘lka yeganmiz…
Qishloqdagi maktabda o‘qib yurganimizda, amakivachcham Qosim Cho‘yanov bilan hamnafaslikda ashula aytib yurardik. Chunki o‘sha davrda akam dongdor ashulachi edi. Akamning menga ta’siri bo‘lgan, albatta. Dadam ham kolxozda brigadir, mexanizator bo‘lib yurganda, ot ustida ashula aytib yurar ekanlar. Onam menga dutor chalishni o‘rgatganlar. Ma’murjon Uzoqovning aytgan qo‘shiqlarini radiodan eshitib, yodlab olardik. Qosim bilan birga kechasi 12 dan keyin qishloqning katta ko‘chasida u yoqdan – bu yoqqa yurib ashula aytardik. Odamlar «Dada xonlar qo‘shiq aytib o‘tishadi», deb uxlamay bizni poylab o‘tirishar ekan. Bu 1954- yoki 55-yillari bo‘lsa kerak, qishlog‘imizga, kolxozning bosh hisobchisi Muhsinjon akaning to‘yiga Rasulqori Mamadaliyev va Kamoliddin Hamroqulov kelishgan edi. Ularning shu to‘yda aytgan qo‘shiqlari mening ko‘zimni va quloqlarimni ochgan bo‘lishi kerak. 10-sinfni tugatib, Toshkentga o‘qishga kelgach, katta poytaxt qozonida qaynadim, katta qo‘shiqchilarni ko‘rdim. Rasulqori Mamadaliyevga ro‘para keldim. Komiljon Otaniyozovni ko‘rdim. Yunus Rajabiy bilan suhbatlashdim, Ma’murjon Uzoqovning xonishlarini tingladim. Jo‘raxon Sultonovning suhbatlarida ko‘p marta qatnashdim. Toshkentda akam konsert va to‘ylarga borganda, men ham qiziqib unga qo‘shilib borardim. Shunda Jo‘raxon akaning ashula aytishiga uzoq-uzoq tikilib turardim. Kunlardan bir kuni Jo‘raxon aka: «Alijon, ukang muncha bizga qarayveradi?», degan edilar. Mirzacho‘ldagi to‘ylardan birida Jo‘raxon aka menga:
– Ashula ayt-chi,-dedi. Akam ning qo‘shiqlaridan birini aytib berdim. Shunda Jo‘raxon aka: «Ali, ukang bo‘ladiganga o‘xshayapti, ovozi lo‘li nafas ekan», deganlari esimda bor (Hindlarning ovozi shirali-shirin bo‘lgani tufayli yoqimli ovoz sohiblariga shunday deb baho berilar ekan).
Qayrag‘ochda va Hamza stansiyasidagi maktablarda o‘qidim. Hamzadagi maktabda o‘qiyotganimda 4-yo 5-sinfda edim, shekilli. Uyimizning yonidan Andijon – Toshkent poyezdi o‘tardi. O‘shanda, poyezdga mehrim tushgan. Ko‘chada poyezdning kelishini poylab o‘tirardim. Pishillab, uzun-uzun vagonlar o‘tardi, parovozning ovoziga ishqiboz bo‘lganman, shunda mashinist-parovozchi bo‘laman, deb orzu qilardim. 7-sinfni bitirgach, Qosim ismli amakivachcham bilan Qo‘qonga temiryo‘l bilim yurtiga o‘qishga borganmiz. Baxtga qarshi bilim yurti yopilgan ekan. Qo‘qondagi qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish bilim yurtiga o‘qishga bordim. O‘qishda kiyim-bosh, oziq-ovqat berarmish, deganini eshitgan edim. Bir yillik bu maktabda keng miqyosli traktorchi, kombaynchi tayyorlar ekan. O‘qishni tugatib kelib, qishlog‘imizda traktorchilik ham qildim. Yana qishlog‘imizdagi maktabni 8-sinfiga kirib, o‘qiy boshladim. Xullas, yuqori sinflarda o‘qib yurgan paytlarimda, kelajakda jurnalist bo‘lish orzusi paydo bo‘lib qoldi, menda. Bu tuyg‘u menga qayerdan keldi, bilmadim. Maktabni tugatgach, Toshkent davlat universiteti, filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga hujjat topshirdim. O‘shanda shoir Omon Muxtor bilan birga hujjat topshirganmiz, u bilan yonma-yon o‘tirib insho yozganman. Inshodan yiqildim. Odamlardan uyalganimdan o‘shanda Surxondaryoning Uzun tumanida yashovchi qarindoshimiz Qosimlarnikiga ketdim. Bir oydan so‘ng u yerdan Oltiariqqa qaytib keldim.
O‘qishga kirolmay yurgan kezlarimda Oltiariqdagi Hamdam aka Yusupov degan shifokor akamiz «Erkin Vohidov bizning qarindosh va hamshaharimiz bo‘ladi, shu kishiga borib uchrang», deb Erkin akaning uy manzilini bergan edi. Shundan keyin shoirni izlab, uylariga borganman, yaxshi kutib olganlar. Arzimni aytganman. U kishi ham menga ko‘p yordam berganlar, o‘qishga kirishimda hissalari bor. Keyinchalik she’rlarimni bir necha bor ko‘rib berib, «Yosh leninchi» (hozirgi «Yoshlar ovozi») gazetasida menga oq yo‘l tilaganlar. 1969-yil birinchi kitobim – «Shaydo ko‘nglim» to‘plami chiqqan, uni ham ko‘rib berganlar. O‘sha kitobimga shoir To‘lqin Imomxo‘jayev muharrir bo‘lgan edilar (Xudo rahmat qilgan bo‘lsin ularni). To‘lqin aka, adashmasam, 1963- yoki 1964-yilmidi, «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida ijodim haqida «She’r, qo‘shiq, soz bilan» sarlavhali katta maqola e’lon qilgan. Shu maqoladayoq meni san’atkor va shoir sifatida elga tanishtirgan edilar. 1960-yil yana universitetga hujjat topshirib, kirish imtihonlariga qatnashdim, yana inshodan yiqildim. Chunki biz maktabda deyarli o‘qimaganmiz, faqat paxta terganmiz, yagana qilganmiz, o‘t yulganmiz, ko‘sak chuviganmiz. Shunday ahvolda qanday qilib 10-sinfni tugatib shahodatnoma olganman, hali-hanuz hayronman. 1961-yil «Hamza» teatri bizning Marg‘ilonga gastrolga borgan edi. Shu paytlar akam Toshkentda qo‘shiqchi sifatida juda mashhur edi. U mehmonlarni Oltiariqdagi uyimizga taklif qilgan. Men bu vaqt Toshkentda uchinchi marta imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytlarim edi. Chorsuda joylashgan yurfak binosining orqasidagi maysazorda abituriyentlar qator tizilishib yotardik, 1961-yilning yoz mavsumi edi. Shu paytlar buvimga bir xat yozgan ekanman. Bu xatni buvim «Mana, o‘g‘lim, yana Toshkentga o‘qishga kiraman, deb ketdi, ikki yil harakat qilib, kirolmadi. Bola tushmagur qaysar, aytganidan qaytmaydi, jurnalist bo‘laman deyapti», deb mehmonlarga ko‘rsatgan. Rahmatli Shukur Burhonning xotini Shakar opa xatni buvimdan olib o‘qigach (yaxshi yozgan bo‘lsam kerak-da!):
– Men borib shu bolaga yordam beraman, – deb o‘sha kuni poyezdga o‘tirib, Toshkentga yetib kelib, meni topgan. Kamina bilan jiddiy shug‘ullanib, o‘qishga kirishimga yordam bergan. Chet tili o‘rniga tarixdan imtihon topshirganman. Chunki bizning maktabda chet tili o‘qitilmagan edi. O‘sha payt bunga ruxsat berilar ekan. Amir Temur xiyobonidagi binoda Subutoy Dolimov domla menga qaytadan insho yozdirgan. Adabiyot fanidan og‘zaki imtihonni Hasanxo‘ja Muhammadxo‘jayev olgan va mening adabiyotdan bilimimga «5» baho qo‘ygan edilar. Imtihonda g‘azallarni kuyga solib, xirgoyi qilib berganim esimda. Xullas, imtihonlardan o‘tdim. Mandat komissiyasi a’zosi Laziz Qayumov filologiya fakultetiga dekan edilar, o‘shanda. Attestatsiya ko‘rigida dekanimiz Laziz Qayumovning tavsiyasi bilan jurnalistika fakultetining kunduzgi bo‘limida o‘qish sharafiga muyassar bo‘ldim. O‘sha-o‘sha Laziz Qayumovdan minnatdor bo‘lib yuraman. Birinchi kursda Ahmad Aliyev darsga kirdi, shu domla birinchi marta bizga Cho‘lponni tanitgan. Usmon Nosir, Qodiriy, Fitrat, Botu, Tavallo, Ziyo Said va hokazo boshqa repressiyaga uchraganlarni gapirib bergan. Shular menda qattiq taassurot qoldirgan. 1958-yil «O‘tkan kunlar»ni o‘qiganman. Mana shu Ahmad Aliyev bizning ko‘zimiz ochilishida katta rol o‘ynagan. Ungacha biz Cho‘lponni, Qodiriyni, Usmon Nosirni bilmasdik. Qatag‘onga uchraganlarni tanimasdik. Maktabda bular haqida ma’lumot berilmas edi: fakultetga nomdor yozuvchi va shoirlar kelganda, biz she’r o‘qirdik, ular o‘zlarining fikrlarini bildirishardi. Zulfiya, Saida Zunnunova, Aziz Abdurazzoq, Mirtemir domla bilan fakultetdagi uchrashuvlarda tanishganmiz. Shu yig‘inlarda she’r o‘qilardi, munozara, muhokamalar bo‘lardi.
Temur boboning avlodlariga, To‘maris momoning qizlariga, bugungi kunimiz, ertangi kunimizning davomchilariga aytar edimki, sizlar o‘tgan buyuklarning ortida, bo‘lg‘usi buyuklarning oldida turibsiz! Asrlar mobaynida dunyoni ilmi bilan, so‘zi bilan lol qilganlarga ota bo‘lgan, ona bo‘lgan xalqning ichidasiz... Hozir imkoniyatlar katta. Sharoitlar go‘zal. Kurashaman desangiz – maydon, yozaman, kuylayman desangiz – halovat bor. Modomiki, ijod yo‘liga kirdingizmi, umringiz oxirigacha xalq xizmatida bo‘ling. Bu yo‘lda yengil-yelpi qadam bosishga haqqingiz yo‘q.
1990-yilda Turk dunyosi vaqfi tomonidan «Turkiston bulbuli», deb e’lon qilingan Dadaxon Hasan umrining nuroniylik pallalarini yashamoqda. Xonanda qo‘shiq kuylashdan to‘xtagan bo‘lsada, u yaratgan qo‘shiqlar yangi avlodlarni ham o‘zbeklikning, turkiylikning sharafini qalbiga jo etib ulg‘ayishlariga bemisl hissa qo‘shgusidir.
Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.
«Tong yulduzi» gazetasi 2025-yil 40-sonidan