BU OLAMNING FARISHTALARI
Sahifamizning bugungi mehmoni – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, serqirra ijodkor, «Shuhrat» medali sohibi, bolajonlarimizning sevimli nashri «G‘uncha» jurnali Bosh muharriri Dilfuza SHOMALIKOVA.
Bolalik – beg‘ubor dunyo. Undan uzoqlashganingni anglay boshlaganingda, ortga qaytar yo‘llar yopilgan bo‘ladi. Shunda bolalik yana ham azizroq, qadrliroq ekanini tushunib yetamiz. Nari borsa o‘n yil davom etadigan bolalikni 80 ga kirganda ham ta’rifi tugamaydi.
Bolaligim – oddiygina bir ro‘zg‘or – o‘n uch kishilik davra edi: bobom, buvim, ota-onam va to‘qqiz farzand. Dasturxon atrofiga o‘tirganimizda, bir gap-u qarashlar bilan bir-birimizni tushunardik. Kamgaplik tabiatan oilamizga singib ketgan bir ichki tartib edi. Chumolidan ham mehnatkash onam dunyoning ko‘p sinovlaridan egilib-egilib sinmagan, o‘n ikki yoshida onasidan ayrilib, opasi va 40 kunlik ukasi bilan qolgan. Ko‘p o‘tmay otasining vafot etishi, ularning bolaligiga nuqta qo‘ygan. Shu boismi, mehnatdan odam o‘lmaydi, degan falsafani qon-qonimizga singdirib yuborgan. Yaxshilik qilishning chegarasi yo‘q, deya uqtirardi. Sandig‘ining tagida asraganini ham, odamdan aziz emas, deya muhtoj kishiga ilinardi. Samimiy, hojatbaror edi Onam! Mahallamizdagi hasharlarga, ko‘zdek qo‘shniya, uyat bo‘ladi, deb kamida uch-to‘rttamizni chiqarar, ta’tillarimiz shu taxlit o‘tardi. Ammo kitob o‘qishga, dars tayyorlashga o‘tirsak, eshikni ham astagina yopadigan, fikrimiz bo‘linmasligi uchun hovlida ham beozorgina qadam tashlaydigan ONAmiz edi. Uyimizga keladigan gazeta-jurnallarni yomg‘irda qolmasin, deb o‘zi yomg‘irda xat tashuvchini kutadigan, agarda ulgurolmasa, gazeta-jurnallarni men kelguncha dazmollab, quritib qo‘yadigan ham Onam edi.
Otamning temirni la’lga aylantirgan qo‘llari hamisha qadoq edi. Temirchi otam men bilgan eng rostgo‘y inson edi! Yolg‘onga toqati yo‘q edi. Kechirmasdi, rost so‘zlaganlarni qadrlardi. Odamlarga qanday mehribon bo‘lsa, jonzotlarni ham shunday avaylardiki, bu holatlar muhrlanib qolgan xotiramga: hammamiz maktab yoshida edik, bir toychoq boqdik. Unga juda o‘rganib qolgandik. Lekin ro‘zg‘orga kerak bo‘lib, toychoqni sotadigan bo‘ldik. Bozorga olib chiqqan akam tezda sotib qaytdi. Keyin bilsak, uni so‘yishga olishgan ekan, biz boqishga olgan, deb o‘ylagan edik. Xafa bo‘ldik, kichik uka-singillarimning, ayniqsa, indamay, qovog‘i uyuldi. Kech payt qarasak, otam toychoqni olib keldi. Hayron bo‘ldik, bilsak, 50 so‘midan kechib, qaytarib olibdi.
– Xafa bo‘lmanglar, – dedi otam, – endi so‘yadigan odamga sotmaymiz.
Ikkinchi voqea: uzoq viloyatga safarimiz chog‘i bahor edi. Kunlar yaxshigina isib qolgan. Katta yo‘lda toshbaqalarning o‘ngarilib yotgani tez-tez uchraydi. Juda ko‘p edi. Yo‘lyo‘lakay 17 ta toshbaqani qog‘oz qutiga soldik. Quvonganimizni aytmang. Uyga ko‘tarib kirdig-u, orqamizga qaytdik. – Jonivorlarni uyini buzibsizlar-da, – dedi. – Qani, tez oborib qo‘yinglar...
Yana, Ramazon kunlari mahallaning katta-kichik bolalarini yig‘ib, dasturxon yozdirar, qo‘llariga imkoni qadar bir so‘m, uch so‘mdan berardi. Ularning xursandligidan zavqlanardi va: – Shunisi ma’qul, – deb qo‘yardi... Yilda bir-ikki o‘tkaziladigan bu tadbirni mahallaning bolalari sog‘inib kutardi... Mening otam shunday inson edi.
Qattiqqo‘l, bir so‘zli bobom ko‘zlarini yumgancha g‘azal boshlasa, peshonasidan terlari tomchilaguncha to‘xtamasdi. Fuzuli-yu Mashrabni yod bilardi, tarix haqida gapirganda, sanasi-yu yilini, voqealarni har safar adashmay hikoya qilishi meni hayratga solardi.
Saodat buvim – bu olamning farishtasi edi. Ilk eshitganim ertaklar va keyin bilganim afsonalar buvimning aytimlari edi: har qanday so‘zini bor ekan-da, yo‘q ekan, deb boshlaydigan cho‘pchaklari bolaligimning qo‘shiqlaridek quloqlarimga o‘rnashib qolgan. Buvimning ayvoniga qo‘yilgan bahaybat sandiqlari bo‘lardi. Nimagadir shuning ustiga o‘tirib ertak eshitardim. O‘sha kunlar adog‘i ko‘rinmaydigan mehmonlar bilan yanayam zavqli, barokatli edi. Endi bilsam, u davradagi har bir harakat – o‘zini tutish, muomala eng mukammal tarbiya darslari ekan!
HAR BIR SIMYOG‘OCH BILAN XAYRLASHGANMAN...
Bolalikda aniq voqealar bo‘ladiki, yodda muhrlanib qoladi. Mahallada Dildora, Gulbahor, Mahmuda (rahmatli) tengdoshlarim edi. Uchovining maktabga chiqib, mening yoshim yetmagani uchun bir oylik «nolovoy» sinfga qabul qilishmagani kechagidek esimda. Yig‘idan ko‘zimni ocholmay, men hammasidan kattaman, derdim. Kun sanab, kelasi yil kelishini kutdim. Keyin qo‘shni qizlarga havas qilib yozishni, o‘qishni ular bilan barobar o‘rganardim. Maktabga chiqishim arafasida onam bilan Kumushkondan qaytayotib, tog‘li yo‘l chekkasidagi har bir simyog‘och bilan xayrlashib chiqqanim esimda: men endi maktabga chiqaman, onam ukalarini ko‘rgani singillarim bilan keladi. Men o‘qishim kerak, kelolmayman, – deya pichirlayman, qaysi bir kinoda ko‘rgandek, tog‘larga qarab qichqirgim keladi. Lekin nafasim ichimdan chiqmaydi.
Entikib kutgan kunlarim keldi. Dunyodagi eng ajoyib, bebaho inson – Dilorom Xusomiddinova ilk ustozim edi. O‘quvchining ko‘nglini tushunishi, har bir o‘quvchining oilaviy ahvolidan xabardorligi taajjubga solardi. Muomalasi – onamizdek mehribon, lekin qattiqqo‘l va talabchan edi. Kam ta’minlangan oilalarga kiyim-kechak berilardi maktabdan. Bizning sinfimizga ham o‘ralgan qog‘ozlarda kelgan kiyimlarni kimga berilganini bilmay qolardik. Keyin bilsak, bolaning ko‘nglini ozorlardan ehtiyot qilish qanchalar muhimligidan saboq ekan bu harakatlar!.. Husnixatimiz chiroyligi uchun faxriy yorliq bilan taqdirlardi bizlarni. Bir kuni tekshiruvchilar kelib qoldi. Ular taqdirlarkan, «O‘zimizning pichoqchining qizimi?», dedi. Nimagadir juda xursand bo‘lganman, adamga borib aytsam, kulib qo‘yganlari hanuz ko‘z o‘ngimda. Adabiyot muallimimiz Hasan aka Ibragimov hech kimga o‘xshamaydigan ustoz edi. Darslarni hamisha qo‘shimcha adabiyotlar, gazeta va jurnallarda bosilgan yangiliklar bilan boshlardi. «5» baho olish qiyinligidan mavzularni yodlash a’lochilar orasida maktab bo‘yicha an’anaga aylangandek bo‘ldi. Maksim Gorkiyning «ONA» romani haqida insho yozdik. Natijalarni e’lon qilarkan, ba’zi birlaring shunday ko‘chiribsizlarki, nuqta-verguligacha! Men ularga «plagiat» deb yozib qo‘ydim, dedilar. Daftarlarimiz tarqatildi, ochishimni bilaman, «Birorta xatosi yo‘q», mening ishimga shu so‘z yozilgan edi. Vaqt o‘tib, ustozimiz mening yodlab olishimni bildi... bu «iste’dod» gohida pand berishini ta’kidladi. Sinf rahbarimiz Flora Latipova umrini bolalarga baxshida qilgan ingliz tili muallimamiz shahardan Parkentga borib dars berar, ijarada yashardi. Qarilik nafaqasiga chiqib, shaharga qaytguncha maktabimizning mehribon muallimasi bo‘ldi, har bir o‘quvchining oilasiga boradigan, o‘rganadigan shu ustoz edi. Sinfimizda 27 nafar o‘quvchi edik. Ustoz 5-sinfdaligimizda har birimiz va o‘zlarining nomidan maktabga 28 ta nastarin ko‘chatlari o‘tkazadigan bo‘ldik. Bu ishimiz matbuotda yoritilganda, opaning ko‘zlari yoshlanib, har birimizni bag‘rilariga bosdi. Menga tahririyatlar («Saodat», «Gulxan», «G‘uncha», «Lenin uchquni»)dan keladigan maktublar sinf rahbarim va adabiyot muallimimizni ham xursand qilardi. Yangi o‘quv yili boshlanganda, yangi yilda har birimizni chiroyli «otkritka»lar bilan tabriklardi – bu olti yil davom etdi... va bir umrga eng yaxshi ustoz bo‘lib qoldi...
Ulg‘ayishning pillapoyalari shunday gavdalanadi ko‘z o‘ngimda.
Oilamizda besh nafar o‘g‘il bola bo‘lsa-da, otamga yordamlashgim kelardi. Akalarim maktabga ketganda, pichoq yasaydigan bobomga «dam bosib» (olov yonishiga yordam beradi) olov purkagich arqonini bor kuchim bilan tortishga harakat qilardim va buni yaxshi uddalaganim uchun bobom mukofot bilan taqdirlardi.
Bahor kelishi bilan ikkita mototsiklda yalpiz terishga, lola sayliga chiqardik. Katta oilamiz, bir kuni ariqdan hatlayotib kechagina olib bergan kavushimni bir poyi suvga tushib oqib ketdi. Hech kim urishmasa ham yig‘idan ko‘zlarim qizardi... Hafta o‘tib, yana yalpiz terishga bordik. Ariqni suvi to‘xtagan, qarab turib «voooy» dedim-u, yugurib ketdim. Loyqa suvning bir chekkasida kovushimning uchi ko‘rinib turardi. Shasht bilan oldim, kovushchamga yopishib bir ketmon loy ham chiqdi. Xursandligimdan baqiraman, kovushim topildi, deb. Onam xursand bo‘ladi endi, deyman. Nimaga, bilmayman...
Bolalik – o‘yin ko‘chalari kengayib ketgan adoqsiz kunlarga o‘xshaydi. «Ovchi va G‘oz», «Mehmon-mehmon», «O‘qituvchi», «Maktab-maktab» degan o‘yinlar mahallani shovqinga to‘ldirardi. Lekin ro‘za kunlari hech bir bola ovoz chiqarmasdi. Ro‘zadorlar dam oladi, ular bezovta bo‘lsa, gunoh bo‘ladi, degan gaplar hammaning qulog‘iga quyilgan edi, go‘yo.
Hovlimizdagi ariqdan suv to‘xtamasdi, ammo har kuni bir oilaning bog‘i sug‘orilar, suvga tupirish ham, hovliga sepish ham mumkin emasdi. Navbatini kutib, kun sanayapti qo‘shnilar. Salqinining o‘zi, jannatni ifori, derdi qariyalar. Bahor kelishi bilan tuvakdagi yorongullarni hovliga o‘tkazardik. Bir kuni tikuvchinikiga bordik. Gullari rang-barang, ko‘z qamashadi. Kerak bo‘lsa, senga ham beraman, dedi. Bulutli kunda yo‘lga tushdim. Eng yaqin yo‘l soy yo‘li edi. Soyda esa sel oqar edi. Ko‘ylagimni belimgacha qayirib, suvga tushdim. Oyoqlarimga toshchalar urilib oqadi. Meni uzoqdan ko‘rgan yo‘lovchilar, tezroq chiq, oqib ketasan, ishorasini qilishadi. Bir amallab o‘tdim, bir qo‘limda gul shoxlari bilan yana shu yo‘ldan ortimga qaytganimni eslasam, hozir ham qo‘rquv bosadi. Bu bolalikning mardona tuyg‘ulari ekan, keyin bilsam.
Kuz kelishi bilan hafta o‘qib-o‘qimay dala ishlariga avval dehqonlarga yordamga, keyin yotog‘i bilan paxta terimiga ketardik. 7-sinfda sentyabrda ketib 11-dekabrda paxta terimidan qaytganmiz. Maktabdoshlar bir-birlariga mehribon, borini birga baham ko‘radigan, mehnatda chiniqqan qadrdonlar edi...
O‘qish bayram edi. Menga yozuv mashinkasi kerak bo‘lganda, eng katta akamning nikoh uzugini sotib bergani quvonch bilan ko‘z yoshimni qorishib ketgani edi... Dunyoda qaytarib bo‘lmaydigan yaxshiliklar bo‘larkanki, uni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmas! Faqat o‘yi o‘yingga og‘irlik qiladi...
Hamisha, har qanday damda kitoblar hamrohim edi: ular xalq ertaklari, dostonlar va fikr-u o‘yimizni band qilgan asarlar edi... Yaxshi kutubxonam bo‘lishini hamisha orzu qilardim... Nabiralar birinchi va so‘nggi qo‘ng‘iroq haqida gapirsa, men o‘zimning o‘sha damlarimga qaytishdan huzurlanaman. O‘zimning ertak bo‘lgan bolalik kunlarimni sog‘inaman... Yugurik vaqtning qanotlariga qo‘limni qo‘ygim keladi... Ammo...
Umr hamisha izlanishdan, o‘rganishdan iborat, garchi oltmishdan o‘tayotgan bo‘lsa ham! Insonning ichida bir ustun tutib turadigandek, uning nurab ketmasligi, baquvvat bo‘lishi uchun kuch topish kerak! Bu har qanday holatda yaxshilikdan charchamay, ruhiy quvvatni tiklashdir!
Bir olim NON va NOM haqida to‘xtalib, kimdir non topish uchun, kimdir Nom topish uchun yashaydi, deydi. Aslida, hayot ikki ne’matning qorishig‘ida asl qiyofasini topadi, nazarimda.